Rossiyadagi o‘zbekistonliklarning muammolari ijobiy hal qilindi - Ilhom Ne'matov

O‘zbekiston 17:04 / 08.04.2020 39161

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Ne'matov «O‘zbekiston 24» telekanalidagi chiqishida 30 martgacha xorijdan olib kelingan o‘zbekistonliklar haqida ma'lumot berdi.

«Bugungi kunga qadar 15 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga olib kelindi. Xususan, Xitoydan 3,5 ming nafar, Rossiyadan 3 ming 128 nafar, Qozog‘istondan 7 ming 59 nafar, Turkiyadan mingdan ortiq, Dubaydan 500 odam olib kelindi. 30 mart kunigacha iloji boricha ko‘proq odam olib kelindi», deydi Ilhom Ne'matov.

U 30 martga qadar O‘zbekistonga kelishga ulgurmagan fuqarolardan uzr so‘rab, ulardan yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri tushunishni so‘radi.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari koronavirus bilan bog‘liq vaziyatda xorijdagi o‘zbekistonliklarga oid turli masalalar hal qilinganini aytib o‘tdi.

«Rossiyada 30 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba bor. Ularning yotoqxonadan chiqmay yashash masalasi hal qilindi.

Fuqarolarimizning ko‘pchiligi Rossiya va Qozog‘istonda ish faoliyatini olib boradi. Ularni ro‘yxatga olish masalasida jarimaga solmaslik va ro‘yxatni uzaytirish masalalari ham elchixonalarimiz tomonidan hal qilindi. Davlat rasmiylari bilan gaplashib, ijobiy hal qilindi», deya Ne'matovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ilhom Ne'matov koronavirus  tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatning O‘zbekistonning MDHga raisligi doirasidagi tadbirlarga ta'siri haqidagi savolga ham javob bergan.

«Raislik doirasida o‘tkaziladigan 69tadan iborat katta tadbirlarni Minskda MDH shtab-kvartirasiga borib, taqdimot qildik va ular bilan kelishib oldik. Hozirgi kunda hech qanday ziyon ko‘rmayapmiz.

Prezidentimiz MDH davlatlarining Ashxobodda bo‘lgan sammitida 11tadan ortiq katta tashabbuslar bergandi. Ana shu tashabbuslar ichida 11 muhim hujjat qabul qilinishi kerak. Hozirgi kunda onlayn rejimida ishlab, MDH ijro qo‘mitasi va boshqa davlatlar bilan gaplashib, hujjatlar tayyorlanyapti. 29 mayda hukumat rahbarlarining uchrashuvi bo‘ladi. 16 oktyabrda MDH davlatlari rahbarlarining uchrashuvi bo‘ladi. Bitimlarni imzolashga tayyorlaymiz», deydi u.

Vazir o‘rinbosari mart oyidagi tadbirlar videokonferensiya tarzida o‘tkazilganini aytib o‘tdi.

«Asosiy tadbirlar mart oyida boshlanishi kerak. Tadbirlarni videokonferensiya orqali o‘tkazdik. Masalan, iqtisodiy kengash yig‘ilishi, ekspertlar darajasidagi yig‘ilishlarni videokonferensiya tarzida o‘tkazdik. O‘ylaymanki, raisligimiz doirasida ko‘zda tutilgan barcha tadbirlar yuqori darajada o‘tkaziladi. 16 oktyabrdagi sammitda barcha tayyorlangan hujjatlar imzolanadi», dedi Ne'matov.

Ko‘proq yangiliklar: