«O‘zini yakkalash» hayot tarzida ishga qatnash mumkin - Adliya vazirligi

O‘zbekiston 14:00 / 08.04.2020 11102

Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i G‘aybullo Primov «O‘zini yakkalash» hayot tarzida ish beruvchi va xodim munosabatlari qanday bo‘lishi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«O‘zini yakkalash»ning karantindan farqini bilishga ko‘pchilik qiziqmoqda. Karantin keng qamrovli cheklov tadbirlarini o‘z ichiga olsa, «O‘zini yakkalash» ham uning doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlardan biri sanaladi va «O‘zini yakkalash» hayot tarzi fuqarolarning karantin davrida imkon qadar kamroq ko‘chaga chiqishlari uchun joriy etilgan.

Masalan, karantin davri davomida transportlar harakatlanishi cheklandi, ta'lim muassasalarida o‘qishlar to‘xtatildi. Endi esa uydan chiqishni ham cheklash - «O‘zini yakkalash» tadbirlari karantin doirasida amalga oshirilyapti.

Shuningdek, «O‘zini yakkalash» maxsus karantinga olishdan ham farq qiladi. Chunki karantinga olinganlar maxsus tibbiyot xodimlari nazoratida bo‘ladi, «O‘zini yakkalash» hayot tarzi esa kasallik yuqtirmagan va yuqtirish ehtimoli ham yo‘q bo‘lgan sog‘lom odamlar uchun joriy qilinadi», deydi G‘aybullo Primov AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

U sog‘lom odamlarni himoya qilish uchun «O‘zini yakkalash» tadbirlari yordam berishini qayd etib o‘tgan.

«Bundan tashqari, karantinga olingan shaxslar «vaqtinchalik mehnatga layoqatsiz» deb topiladi va buning uchun ularga ish joyidan to‘lov joriy qilinadi, «O‘zini yakkalash» hayot tarzida esa shaxsga mehnatga layoqatsizlik varaqasi to‘lab berilmaydi, u karantin qoidalariga rioya qilgan holda ishlashi va ishga borib-kelishi mumkin», deya G‘aybullo Primovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

  • Ma'lumot uchun, ayni vaqtda O‘zbekistonda 88 695 kishi karantin sharoitida saqlanmoqda, ulardan 67 mingdan ortig‘i uy sharoitida karantin kuzatuvida, 21 mingdan ortiq kishi mamlakatning turli nuqtalaridagi maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalarida statsionar sharoitda bo‘lib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, 6 apreldan e'tiboran «o‘zini yakkalash» hayot tarzi Nukus va Toshkent shaharlari hamda viloyatlar markazlarida majburiy ravishda joriy etildi.

Unga ko‘ra:

  • shaxsning o‘zining yashash hududidagi savdo nuqtalarida birinchi galdagi hayotiy zarur bo‘lgan ehtiyojlari (oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalarni xarid qilish va b.) uchun va shifokor ko‘rigiga murojaat etishdan boshqa maqsadlarda chiqishi qat'iyan cheklanadi, ish joyiga borishi va kelishi bilan bog‘liq holatlar bundan mustasno;
  • harakatlanishda hamda savdo do‘konlari va boshqa joylarda 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlash talab etiladi;
  • 65 yoshdan yuqori yoshda bo‘lgan va surunkali kasalligi bo‘lgan fuqarolar o‘z uylaridan o‘ta zaruratsiz tashqariga chiqishi qat'iyan man etiladi.
Ko‘proq yangiliklar: