Yaponiyaning 7ta yirik prefekturasida favqulodda holat e'lon qilinmoqda

Jahon 14:42 / 07.04.2020 8035

«Koronavirus tarqalishining yangi to‘lqini kengayib ketishining oldini olish maqsadida yettita prefekturada favqulodda holat e'lon qilinishi kerak deb o‘ylayman. Bular Tokio, Kanagava, Saytama, Tiba, Osaka, Hyogo, Fukuoka», degan Yaponiya bosh vaziri.

Favqulodda holat bugun kechki vaqtda rasman e'lon qilinadi. Yaponiya qonunchiligiga ko‘ra, favqulodda holat vaqtida keskin jarima va cheklovlarga urg‘u berilmaydi. Mamlakatda bunday holat odamlarning hushyorligini oshirish uchun kiritiladi. Yuqorida nomi keltirilgan 7ta hududda ko‘ngilochar joylar butunlay yopib qo‘yilmaydi, shunchaki ularning ish muddati qisqartiriladi.

Yaponiyada favqulodda holat e'lon qilingach, mahalliy administratsiyaning vakolatlari oshiriladi va ular kompaniya va ishlab chiqaruvchilarga faoliyatini to‘xtatib turish bo‘yicha topshiriq berish huquqiga ega bo‘lishadi. Qoidalarni buzganlar esa jarima bilan emas, qoidabuzar sifatida nomlari e'lon qilinishi bilan ogohlantiriladi. Yapon millatining urf-odatlaridan kelib chiqib, ommaning oldida yomonotliqqa chiqish har qanday jarimadan yomon bo‘lgani bois shunday qilinadi.

Favqulodda holat vaqtida odamlarga ko‘chaga chiqish, ishga borish, xarid qilish, sport bilan shug‘ullanish va sayr qilish taqiqlanmaydi. Kasalxona, bank, oziq-ovqat do‘konlari, jamoat transporti faoliyatini davom ettiradi. Abening aytishicha, favqulodda holat iqtisodiyotga zarar keltirsa ham, uni kiritishga majbur bo‘lgan. Chunki oldingi choralar bilan odamlar o‘rtasidagi kontakt 20 foizga kamayishiga erishish mumkin bo‘lgan, xolos. Favqulodda holat e'lon qilinishi esa odamlar o‘rtasidagi aloqani 80 foizgacha qisqartira oladi va bu kasallikni jilovlash imkonini beradi.

Yaponiyada koronavirus yuqtirganlar soni 5 mingga yaqinlashdi. Hozirgacha 108ta o‘lim holati qayd etildi. Yaponiya sohillarida qolib ketgan Diamond Princess kemasining o‘zida 712 kishi virus yuqtirgan. Kasallanganlarning mingdan ziyodi Tokioda. Hozirgacha 1 200dan ko‘proq yaponiyalik virusdan tuzalgan.

Ko‘proq yangiliklar: