Mudofaa vazirligi karantin vaqtida shaharlarga harbiy texnikalar kiritilishi bo‘yicha izoh berdi

O‘zbekiston 14:00 / 07.04.2020 42588

Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Bahrom Zulfiqorov 7 aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda karantin davrida harbiy texnikalarning jalb qilinishi to‘g‘risidagi savolga javob berdi.

«Harbiy xizmatchilarning xizmat o‘tash tartibini belgilovchi tegishli Nizomlarga muvofiq navbatchilik va xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar o‘zlariga biriktirilgan shaxsiy himoya vositalari, anjomlari va biriktirilgan qurollari bilan xizmat o‘taydilar. 

Shuningdek, harbiy bo‘linmalarda belgilangan guruh, seksiya, ekipaj va hisob degan tushunchalar bor. Alohida joylarda va blokpostlarda xizmat o‘tayotgan kichik bo‘linmalar o‘z tarkibidagi harbiy texnikalar bilan xizmat o‘tamoqdalar», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mudofaa vazirligi vakili har kuni poytaxt ko‘chalarida, viloyat va tuman markazlarida, aholi yashash punktlarida fuqarolar karantin qoidalariga rioya qilishi, besabab ko‘chalarga chiqmasliklari bo‘yicha harbiy texnikalar yordamida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

«Bu maxsus texnikani BTR bilan adashtirmaslik kerak. Ming afsuski, ayrim fuqarolarimiz bu texnikalarni ko‘rib turli xil salbiy muhokamalarga ham yo‘l qo‘ymoqdalar.

Ma'lumot uchun, targ‘ibot ishlariga jalb qilingan BRDM-2 zirhli texnika bazasidagi ZS-82 ovoz uzatkichli moslama aynan targ‘ibot va munozaralar o‘tkazishga mo‘ljallangan. Uning ovoz uzatish quvvati 6 km masofagacha yetadi. Shahar va aholi yashash punktlarida har bir ko‘chaga kirib chiqish kabi ishlarni yengillashtirish maqsadida ushbu texnikalar jalb qilinmoqda.

Hurmatli va aziz yurtdoshlar, nima bo‘lganida ham harbiy texnikalar va harbiy xizmatchilar bu sinovli davrda ezgu maqsadlar uchun ushbu tadbirlarga jalb qilinmoqdalar. Bir vaqtning o‘zida doimiy burchimiz xisoblangan yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta'minlash bo‘yicha vazifamizni bajarmoqdamiz», deydi u.

Ko‘proq yangiliklar: