Yirik miqdordagi jarima va qamoq. Germaniyada qanday karantin choralari joriy etilgan?

Jahon 20:19 / 06.04.2020 21155

Bavariyaning Landsxut shahri politsiyasi ijtimoiy muloqot qat'iy cheklanishiga qarmasdan do‘stlari bilan pivo ichib o‘tirgan 27 yoshli shaxsni uchinchi marta ushlagach, politsiyachilarning toqati toq bo‘ldi va ish sudga oshirildi. Bunga qadar u bilan bir necha marta tushuntirish ishlari olib borilgan, karantin qoidalarini buzgani uchun jarima ham to‘lagandi. Bundan hech qanday natija chiqmadi va qoidabuzar bir haftaga qamoqqa tashlandi.

Qonun bo‘yicha jarima

Bu Germaniyadagi ana shunday birinchi holat, ammo bu karantin qoidalariga rioya qilmaydiganlar qanday keskin jazolanishini ko‘rsatib turibdi. Yuqumli kasalliklardan himoyalanish to‘g‘risidagi federal qonun yuridik asos bo‘lib xizmat qilsa-da, jarimalar va jazo shakllari mamlakatning turli federal yerlarida turlicha. Qonunda 25 ming yevrogacha jarima yoki qoidabuzar kimgadir kasallik yuqtirgan bo‘lsa, ozodlikdan mahrum qilish ko‘zda tutilgan.

Eng liberal jarimalar Bremen va Baden-Vyurtembergda: agarda bir xonadonda yashamaydigan ikkidan ortiq kishi (ular hatto bir oila a'zolari bo‘lsa ham) ko‘chada, do‘konda, jamoat joylarida birga yursa, ularning har biriga yuz yevrodan ming yevrogacha jarima solinishi mumkin. Bavariyada arzirli sabablarsiz uyidan ko‘chaga chiqqanlar uchun eng kam jarima miqdori 150 yevro. To‘g‘ri, bu yerda toza havoda sayr qilish ham arzirli sabab hisoblanadi, ammo bir necha kishi bo‘lib shashlik pishirish emas. Agarda xiyobonda kimgadir bir yarim metrdan yaqin masofada o‘tirsangiz ham shuncha jarima to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.

Shimoliy Reyn - Vestfaliya federal yerida (agarda bir oilada yashamaydigan ikkidan ortiq kishi to‘plansa) jarima - 200 yevro. Agar bu birinchi marta bo‘lsa. qoidabuzarlik ikkinchi marta takrorlansa, jarima ikki baravarga oshadi. Reynland-Pfalsda ham ana shunday qoida amal qiladi.

Koronavirusning xavfliligi tashvishlantirmayapti

Qayd etish joiz, bu jazolar jismoniy shaxslar uchun. Qahvaxona, restoran, bar va sartaroshxonalar keskinroq jazolanadi. Agarda ular ishlaydigan bo‘lsa, ularning egalari o‘zlari va har bir mijoz uchun ikki yarim mingdan besh ming yevrogacha to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Birgina Berlinda keyingi ikki haftada barlar, qahvaxonalar, chilimxonalar, bukmekerlik kontoralari tomonidan karantin rejimini buzish bilan bog‘liq 830ta holat qayd etildi. Ularning barchasi politsiya tomonidan yopildi.

Chilim chekish qanchaga tushadi?

Germaniyada taniqli shaxslar orasida eng katta jarimani "Shalke" yarim himoyachisi Amin Arit to‘ladi. Uyda o‘tiraverishdan zada bo‘lgan 22 yoshli futbolchi do‘stlari bilan chilim chekmoqchi bo‘ldi. Essen shahridagi chilimxona egasi tunda ular uchun chilimxonasini ochdi. Tungi soat ikkida chilimxonani politsiya bosdi.

Barcha uchun, shuningdek, chilimxonani ochtirgani uchun jarimani Arit to‘ladi. Xabar qilinishicha, u jami 70 ming yevroga yaqin jarima to‘lagan. Bundan tashqari, "Shalke" rahbariyati unga 30 ming yevro jarima to‘ladi. Mablag‘ og‘ir ahvolga tushib qolgan futbol muxlislariga yordam berish uchun tashkil etilgan jamg‘arma hisobiga o‘tkazildi.

Eng g‘aroyib hodisa esa Myulroz shahrida yashovchi ayol bilan yuz berdi. Unda koronavirus aniqlangan va shu bois ikki haftalik uy karantinida o‘tirishi belgilangandi. Ayol taqiqqa qaramasdan kechasi mashinasida "shunchaki aylangani" chiqadi va avtohalokatga uchraydi. Politsiyachilar voqea joyiga yetib kelganida u koronavirusga chalinganini aytadi. Politsiya xodimlari bayonnoma tuzishdan oldin maxsus himoya liboslari kiyishlariga to‘g‘ri keladi. "Shunchaki aylangani" chiqqan ayol 25 ming yevrogacha jarima to‘lashi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: