Toshkent viloyatida xayriya tadbirlari o‘tkazildi va ehtiyojmandlarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi

Jamiyat 21:27 / 06.04.2020 4611

Hozirgi vaqtda fermerlar va tadbirkorlar tomonidan xayriya sifatida markaz omboriga kartoshka, piyoz, yog‘, pomidor, bodring, karam va boshqa mahsulotlar keltirilmoqda. Ba'zi tadbirkorlar o‘z mulkini beg‘araz yordam sifatida taqdim qilmoqda. Xususan, Qibray tumaning «Nurafshon» mahallasida istiqomat qiluvchi tadbirkor Aziz Sattorov Bo‘stonliq tumanidagi 120 o‘rinli barcha qulayliklarga ega, zamonaviy xususiy dam olish maskanini xorijdan kelayotgan yurtdoshlarimizning karantin davrini o‘tkazishi uchun bepul taqdim etdi. Shu bilan birga, u karantindagi fuqarolarni oziq-ovqat bilan to‘liq ta'minlashni o‘z zimmasiga oldi.

«Grand Pharm Trade» dorixonalar tarmog‘i ham savobli ishdan chetda qolmasdan, Toshkent viloyatining barcha shahar va tumanlaridagi uy sharoitida karantinda saqlanayotgan xonadonlar, kam ta'minlangan, ehtiyojmand oilalar, Mehribonlik hamda Saxovat uylari va bolalar internatlariga xayriya sifatida oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni maxsus xayriya qutilarida yetkazib berdi. Qayd qilish joizki, xayriya qutisida oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar (5 kg un, 3 kg shakar, 10 kg guruch, 2 dona tovuq, 5 litr yog‘, 1 kg choy, 60 dona tuxum, 5 kg makaron, 10 kg kartoshka, 5 kg piyoz, 5 kg sabzi, 2 pachka tuz va dori-darmonlar) bilan birga, 250 ming so‘m naqd pul ham bor.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi huzuridagi homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi ehtiyojmand insonlardan qo‘ng‘iroqlarni, murojaatlarni qabul qilmoqda. Mahalla faollari ham har bir xonadonning ahvolini o‘rganib, yordamga muhtoj oilalar ro‘yxatini taqdim etishyapti.

Qayd qilish joizki, koronavirus pandemiyasi Toshkent viloyati aholisini tashvish va sarosimaga solgani yo‘q. Og‘ir kunlarda odamlar birlashayapti, jipslashayapti. Yurtimizga kelgan bu balo xalqimizni sinovdan o‘tkazmoqda. Yaratganning bunday sinovidan eson-omon o‘tib olishimizga shubha yo‘q, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: