Tojikistonda 60 yoshli erkak koronavirusdan vafot etgani to‘g‘risidagi xabar rad etildi

Jahon 15:20 / 06.04.2020 18981

Tojikiston sog‘liqni saqlash vazirligi So‘g‘d viloyatida 60 yoshli erkak koronavirusdan vafot etgani to‘g‘risida tarqalgan xabarni rad etdi.

Yakshanba kuni Qirg‘izistondagi to‘yda qatnashib uyiga qaytgan 60 yoshli erkak vafot etganidan so‘ng u yashagan So‘g‘d viloyati Jabbor Rasulov posyolkasidagi markaziy kasalxona qat'iy karantinga olingani to‘g‘risida xabar tarqalgandi.

"Jabbor Rasulov tumanidagi markaziy kasalxonaning ma'lum qilishicha, 60 yoshli erkak zotiljamdan vafot etgan. O‘limidan oldin undan koronavirusga test olingan va natija salbiy chiqqan. Shunday ekan, uni koronavirusdan vafot etgan deyishga hech qanday asos yo‘q", - dedi sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Bibixonum Darveshzoda.

Uning ma'lumot berishicha, Tojikistonga 1 fevraldan 6 aprelgacha xorijdan kirib kelgan 7041 nafar kishi karantinga olingan. Hozirda 2,75 ming kishi karantinda qolmoqda.

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Tojikistondagi vakili Galina Perfileva mamlakatda koronavirus yo‘qligini rasman e'lon qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: