Ruhiyatimiz jismoniy holatimizga ta'sir qiladi. Hozirgi vaziyatda o‘zimizni qanday tutishimiz kerak?

Jamiyat 19:30 / 06.04.2020 11738

Bir nechta obunachilar mendan koronavirusga nisbatan munosabatim, o‘zini himoya qilish uchun nima qilish kerakligini so‘rashdi.  

Mening javobim o‘z tajribamni aks ettiradi. Shunday qilib:

1. Agar men (qarindoshlarim)ga kasallik yuqmagan bo‘lsa, bu men uchun ham, ular uchun ham bir ne'mat ekanligini aniq tushunish. Agar yuqqan bo‘lsa, demak, men hatto oyda bo‘lganimda ham infeksiyadan qochib qutulolmasdim. Bu taqdir... Kelajakni bilmaslik - ulug‘ yaxshilik, oldindan belgilab qo‘yilgan / taqdirni qabul qilish – ulug‘ yaxshilik. Oldindan belgilab qo‘yilgan taqdirni to‘g‘ri tushunish har birimizga ko‘plab ruhiy-hissiy muammolarni hal qilishga yordam beradi va chinakam taskin beradi.

Agnostiklar va Yaratganga ishonmaydiganlar uchun mening qoidam oddiy - koronavirus bu siz endi hech narsa qilolmaydigan haqiqat. Ammo sizda mavjud vaziyatga to‘liq munosabat ko‘rsatish erkinligi bor. Bu munosabatingiz ruhiy-hissiy holatingizni yomonlashtirmasin, balki yordam bersin. 

2. Kamroq yangilik o‘qing (men yangiliklarni kuzatmang demayapman, keling, "dozani" kamaytiraylik deyapman), chunki ularning 90 foizi koronavirus bilan bog‘liq. Bunday yangiliklar qo‘rquv va "ichki" vahima soladi, bu esa bizni oqilona qaror qabul qilish qobiliyatidan mahrum qiladi va ruhiyatimizni izdan chiqaradi.

3. Oila a'zolaringiz oldida pozitiv bo‘lish va ularni ertangi kun yaxshiroq bo‘lishiga ishontirish axloqiy burchingiz ekanligini yaxshi anglang. Salbiy energiya tarqatmang, shundoq ham "ifloslangan" muhitni zaharlamang.

Yuqoridagi maslahatlar ruhiy-hissiy tusga ega.

4. Ijtimoiy masofalanish va gigiyenaga rioya qilish. Bu shart va xafa bo‘lishga hojat yo‘q.

5. Immunitetni yaxshilang. Har qanday vaziyatda hissiy xotirjamlik, to‘g‘ri ovqatlanish, ortiqcha ovqatlanmaslik, haftada bir marta ro‘za tutish, yetarli uyqu, harakat, jismoniy faollik, mazmunli ish (o‘qish, o‘rganish, bilim berish va boshqalar), savobli ishlar qilish (sadaqa berish, masalan, mehrli qollar telegram-kanali orqali) yolg‘iz qarindoshlarga qo‘ng‘iroq qilish, yolg‘iz keksalar holidan xabar olish va hk).

6. Zarur holatlarda duo sizga yordam bera olishiga ishonch bilan duo / ibodat qiling (payg‘ambarimiz SAVning maxsus duolari bor). Namoz o‘qiydiganlar har bir namozdan keyin duo qilishlari mumkin.

Va oxirgisi, haddan tashqari flegmatik, pessimist va ojiz bo‘lmang. Ma'naviy ojizlik va nochorlik ruhiyatga ta'sir qiladi. Ruhiyat esa jismoniy holatimizga. Yodingizda bo‘lsin, ruhiyat tushishi bilan tana qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatadi. Hech narsa abadiy emas, na yengillik va na qiyinchilik.

Hammasi o‘tib ketadi. Shunchaki sizni kuchaytiradigan narsalarni bajaring, bu sinov haqida mulohaza qiling va Yaratganga hamda Uning bizga noma'lum bo‘lgan donoligiga suyaning!

Ko‘proq yangiliklar: