Kostyumni tibbiy xalatga almashtiradi: Irlandiya bosh vaziri pandemiya vaqtida shifokorlarga yordam berishga qaror qildi

Jahon 01:59 / 06.04.2020 6944

Irlandiya bosh vaziri Leo Varadkar koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda Milliy sanitar xizmatiga (HSE) yordam berish uchun haftada bir marta shifokor bo‘lib ishlashga qaror qildi. 

Bu haqda o‘z manbalariga tayanib The Irish Times nashri xabar berdi. 

Ta'kidlanishicha, Varadkar shifokorlar oilasida voyaga yetgan. Uning otasi terapevt, onasi hamshira, singillari ham tibbiyot sohasida ishlashadi. Uning o‘zi esa Dublindagi Triniti kollejida tayanch tibbiy ma'lumot olgan. 2010 yilda unga umumiy amaliyot shifokori, ya'ni terapevt diplomi topshirilgan. Biroq 2013 yilda Varadkar siyosat bilan shug‘ullanishni boshlagandan keyin shifokorlar reyestridan chiqarilgan.
 
Ayni vaqtda Irlandiya bosh vaziri o‘z iltimosiga ko‘ra bu ro‘yxatda yana tiklangan. Varadkar haftada bir marta shifokorlik amaliyoti bilan shug‘ullanmoqchi.

Varadkar avvalroq mamlakat fuqarolarini koronavirus tarqalishi oldini olish uchun 12 aprelgacha uylarida qolishga chaqirgan. 

Ayni vaqtda Irlandiyada koronavirusga chalinganlar soni 5 mingga yaqinni, vafot etganlar 158 nafarni tashkil qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: