Fransiyada o‘limlar soni bo‘yicha rekord, AQShda «virusli Perl Harbor». So‘nggi ma'lumotlar

Jahon 23:00 / 06.04.2020 74202

Fransiyada so‘nggi bir kunda Covid-19’dan 833 kishi vafot etdi - bu pandemiya davrida mamlakatda bir kunda eng ko‘p qurbon berilgan kun bo‘ldi.

Qo‘shni Italiyadan ham noxush xabarlar kelmoqda - bu mamlakatda so‘nggi uch kun mobaynida o‘limlar soni kundan-kunga kamayishi kuzatilgandi. Ammo dushanba kuni bu yana 636 o‘lim qayd etildi - bu yakshanba kunidagidan 110taga ko‘pdir. Bu mamlakat ayni vaqtda eng ko‘p o‘lim qayd etilgan hudud bo‘lib turibdi - 16 523 qurbon. Virusdan zararlanish bilan bog‘liq jami holatlar soni 132 mingdan oshgan. 

AQShda virus qurbonlari soni 10 mingdan oshib ketdi - bu borada dunyoda Italiya va Ispaniyadan keyingi ko‘rsatkich. Amerikadagi jami kasallanish holatlari soni 350 mingdan oshgan - dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich. (O‘z navbatida, Amerika razvedkasi Xitoydagi zararlanish holatlari bilan bog‘liq ma'lumotlar kamaytirib ko‘rsatilmoqda, deb hisoblaydi).

AQSh sog‘liqni saqlash xizmati rahbari Jyerom Adams yakshanba kuni mamlakat Perl-Harbordagi kabi holatga tayyor turishi kerakligini aytgandi - ya'ni kutilmagan bevaqt o‘limlarga. Bir qancha shtatlar gubernatorlari federal hukumatdan yordam so‘ramoqda, ammo eng fojiali holat Nyu-Yorkda kuzatilmoqda, bu yerdagi qurbonlar soni 4,7 mingdan oshdi.

Britaniyada yana 349 o‘lim qayd etildi - bu avvalgi kundagidan ko‘ra kamroq. Ammo mamlakat bosh vaziri Boris Jonsonning shifoxonaga - intensiv terapiya bo‘limiga joylashtirilgani vahimani kuchaytirib yubordi. Endilikda hukumatni vaqtinchalikka Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab boshqarib turadi.

Britaniyadan yaxshi xabarlar ham bor: Garri Poter haqidagi sarguzasht romanlar muallifi J.K.Rouling tuzaldi, u so‘nggi ikki haftani kasallik belgilari tufayli karantinda o‘tkazgandi.

Roulingning tuzalgani tasvirlangan video Londondagi shifoxonalardan biridagi tibbiyot xodimlari tomonidan tasvirga olingan, ular yozuvchida kasallik simptomlari yo‘qolganini aytishadi.

  • 6 aprel holatiga ko‘ra, dunyoning 180dan ortiq mamlakatida virusdan zararlanish bilan bog‘liq 1,3 milliondan ortiq holat qayd etilgan, 73 mingdan ortiq kishi vafot etgan, 277 mingdan ortiq kishi sog‘aygan.

Ispaniya virusdan zararlanganlar soni bo‘yicha hamon Yevropada yetakchilik qilmoqda, ammo bu mamlakatda qatorasiga to‘rtinchi kun o‘limlar soni kamayishi kuzatildi. Dushanba kuni koronavirus bemorlarining 637 nafari olamdan ko‘z yumdi, yakshanba kungi qurbonlar soni 674 nafar edi - bu mamlakatda 24 mart kunidan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

2 aprel kuni Ispaniyada pandemiya boshlanganidan buyon eng ko‘p o‘lim qayd etilgandi - 950 kishi.

O‘z navbatida virusdan zararlanish holatlari ham kamayib bormoqda - so‘nggi bir kunda 3386 holat qayd etildi (bir kun oldin bemorlar soni 5 478 nafarga oshgandi), bu esa karantin choralari o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi. Ayni vaqtga kelib jami holatlar 135 mingdan oshgan.

Ijobiy trend Janubiy Koreyada ham kuzatilmoqda. Bu yerda fevral oyidan buyon ilk marta bir kunda virusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar soni 50tadan kam bo‘ldi. Yakshanba kuni hukumat 81ta yangi holat haqida ma'lum qilgandi, dushanba kuni 47ta holat qayd etildi. Bu mamlakatda hozirgacha zararlanish holatlari soni 10 284ta, o‘limlar soni - 186.

Bu Janubiy Koreya hukumati yanvar oyi oxirida Covid-19 dan zararlanish bilan bog‘liq ilk holat tasdiqlanishi bilan aholini ommaviy ravishda testdan o‘tkazishni boshlagani, zararlanganlar karantinga joylashtirilgani, ular bilan aloqada bo‘lganlar kuzatuvga olingani samarasidir.

Simptomsiz kasallik
Reuters nashri yozishicha, Xitoyda hech qanday belgilarsiz koronavirusga chalinganlar soni oshib bormoqda.

Xitoy sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, yakshanba kuni kechqurunga kelib 78ta shunday holat qayd etilgan, bir kun avvalgi ko‘rsatkich 47ta bo‘lgan.

Xitoydagi tashqi belgilarsiz zararlanish holatlarining qariyb yarmi Xubey provinsiyasiga to‘g‘ri keladi.

«Infeksiya xorijdan kirib kelishi va hech qanday tashqi belgilarsiz zararlanish holatlari ayni vaqtda Xitoy sog‘liqni saqlash tizimining asosiy ikki muammosidir», deya qayd etiladi agentlik xabarida.

Xitoy qat'iy karantin choralari (shaharlarni yopib qo‘yish va transport harakatini butunlay to‘xtatish) evaziga epidemiya tarqalishi ustidan nazorat o‘rnata olgan.

AQShga gidroksixloroxin nega kerak?

Hindiston AQShga bezgakka qarshi qo‘llanadigan preparatlardan biri - gidroksixloroxin yetkazib berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp ushbu preparat «tibbiyot tarixidagi eng yirik kashfiyotlardan biri» bo‘lishi ehtimoli haqida gapirib, u koronavirusga qarshi kurashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkinligini aytgan. Ayni vaqtda ushbu dorining koronavirusga samarasi ilmiy tomondan tasdiqlanmagan.

1 aprel kuni Amerika oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi (FDA) tomonidan bezgakka qarshi dorilardan klinik sinovlardan tashqari ham foydalanishga ruxsat berilgandi.

4 aprel kuni Hindistonda gidroksixloroxin eksportiga chek qo‘yildi, 5 aprel kuni Tramp Hindiston bosh vaziri Narendre Modiga qo‘ng‘iroq qildi. Hindistondagi nashrlar yuqori martabali manbalarga asoslanib xabar qilishicha, endi mamlakat AQShga ushbu dorini eksport qilishni davom ettirishi kutilmoqda.

  • Xloroxin – tabiiy modda bo‘lmish xininga o‘xshash tarkibga ega bo‘lgan, bezgakni davolash uchun ishlatiladigan sun'iy olingan dori moddasi. Uni 1934 yilda nemis kimyogari Xans Andersag kashf qilgan. Gidroksixloroxin esa unga juda o‘xshash modda bo‘lib, u xloroxindan faqat ikkita atomga (OH gidroksil guruhining mavjudligi bilan) farq qiladi xolos.

AQShda bu preparat koronavirusdan davolash uchun tasdiqlanmagan, ammo prezident Tramp davlat sanitariya idoralariga bosim o‘tkazib bezgakka qarshi preparatni kerakli testlarni o‘tkazmay turib koronavirusni davolashda foydalanishga chaqirgan

Ammo ushbu dorilar bemorlar yurak urishini tezlashtirib, ularda aritmiyani keltirib chiqarishi mumkin. O‘ta og‘ir holatdagi bemorlarga ushbu preparatlarning berilishi yomon oqibatlarga olib boradi.

Shvetsiyada 25 ming ishsiz
Shvetsiyada Stokholmdagi ko‘rgazmalar majmuasi hududida 600 xonali gospital ochildi. Avvaliga bu yerda shahardagi shifoxonalarga yuklamalarni kamaytirish uchun 140 bemor qabul qilinishi ko‘zda tutilgandi.

Shvetsiyada dala gospitali ochildi

Yevropadagi boshqa davlatlardan farqli ravishda Shvetsiyada qat'iy cheklov choralari joriy etilmagan, dam olish kunlarida poytaxt ko‘chalari odamlar bilan gavjum bo‘lmoqda.

Shu bilan birgalikda, hukumat tavsiyalariga binoan ko‘plab kompaniyalar xodimlarini masofadan ishlashga o‘tkazmoqda yoki o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatmoqda.

Natijada, Shvetsiya bandlik xizmati ma'lumotiga ko‘ra, 30 mart kunidan 5 aprelgacha bo‘lgan vaqtda mamlakatda 25 mingdan ortiq ishsizlar paydo bo‘lgan.

«Bu 2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozi davridagi haftalik ko‘rsatkichdan ko‘pdir», - degan xizmatning bosh tahlilchisi Annika Sunden.

Shvetsiyada ayni vaqtgacha koronavirusdan 477 kishi vafot etgan (6 aprel kuni yana 76 o‘lim ro‘y berdi), 7260ta zararlanish holati qayd etilgan.

Fransiya: bunaqasi Ikkinchi jahon urushidan buyon ro‘y bermagandi
Fransiya iqtisodiyot vaziri Bryuno le Mer mamlakat Ikkinchi jahon urushi davridan buyon eng yirik iqtisodiy inqiroz yoqasida turgan bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Bryuno Le Mer Fransiya tarixidagi ikkinchi jahon urushidan keyingi eng katta yillik yo‘qotish haqida ogohlantirdi

Mart oyida Fransiya hukumati 2020 yilda mamlakat iqtisodiyotida 1 foizlik pasayishini prognoz qilgandi, ammo, vazirning so‘zlariga ko‘ra  koronavirus tarqalishi tezlashgandan keyingi hisob-kitoblar zarar kutilganidan ancha katta bo‘lishini ko‘rsatdi.

«Yil oxirida iqtisodiyotimiz ko‘rsatkichi 2009 yilda sodir bo‘lgan eng yomon natijadan ham 2,2 foiz pastroq bo‘ladi. Bu biz ikkinchi jahon urushidan keyin duch keladigan eng yomon iqtisodiy qulash bo‘ladi», dedi Le Mer Senatda qilgan chiqishida.

Ko‘proq yangiliklar: