Hindistonda “pandemiyaga qarshi kurash” maqsadida dunyodagi eng baland haykalni sotmoqchi bo‘lishdi

Jahon 11:11 / 06.04.2020 30902

The Indian Express nashrining yozishicha, 240 metrlik haykal turli e'lonlar uchun mo‘ljallangan OLX platformasida sotuvga qo‘yilgan.

“Favqulodda vaziyat! Shifoxonalar va tibbiy qurilmalarga mablag‘ zarurligi sababli Birdamlik haykali sotiladi”, deyilgan e'londa. Haykal uchun 300 mlrd rupiy (4 mlrd dollar) so‘ralgan. E'lon dastlab joylanganda hech kim bunda firibgarlik alomatini payqamagan.  

Haykalni sotish taklifi OLX’da 4 aprelda paydo bo‘lgan, biroq Gujarot ma'muriyati bir kun o‘tibgina uni payqab, politsiyaga murojaat qilgan. Shundan keyin haykal sotilishi haqidagi e'lon saytdan olib tashlangan. “Dahshat. OLX onlayn-platformasi bu xabarni tekshirib ham ko‘rmagan”, deyilgan shtat ma'muriyati bayonotida.

Hindiston ommaviy axborot vositalari fikricha, noma'lum hazilkashlar shu tariqa hukumatning pandemiyaga qarshi kurashga tayyor emasligini kulgi ostiga qo‘ymoqchi bo‘lishgan. Yodgorlik majmuasi koronavirus tarqalishi sababli 17 martdan tashrif uchun yopilgan.

Hindistonning milliy-ozodlik harakati yetakchilaridan biri – Vallabhay Patelga o‘rnatilgan haykal 2018 yilda ochilgan. Haykalning o‘zi 182 metr, tagkursisi bilan esa 240 metr balandlikka ega va dunyodagi eng baland haykal hisoblanadi. 

Ayni vaqtda Hindistonda koronavirusga chalinganlar soni 4,3 mingdan ko‘proqni, vafot etganlar esa 118 kishini tashkil qilmoqda.

 

Ko‘proq yangiliklar: