Buyuk Britaniyada 5G minoralari koronavirus tarqatishi to‘g‘risidagi xabarlardan so‘ng minoralarga o‘t qo‘yildi

Jahon 22:15 / 06.04.2020 16045

3 aprel kuni Liverpul, Birminghem va Melling shaharlarida yashovchilar 5G aloqasi koronavirus tarqatishi to‘g‘risidagi mish-mishlardan so‘ng uyali aloqa minoralariga o‘t qo‘yib yuborishdi

Vodafone va EE operatorlarining The Verge nashriga ma'lum qilishicha, 3 aprel kungi o‘t qo‘yishlardan to‘rtta minora shikastlangan, ertasiga yana to‘rtta minoraga hujum qilingan. Birminghemdagi minora 5G signal tarqatmasdi, ammo unga ham o‘t qo‘yishgan, deb ma'lum qildi EE.

Qayd etilishicha, bu minora minglab kishilarni 2G, 3G va 4G-aloqasi bilan ta'minlab kelgan. Kompaniya imkon qadar tezroq aloqani tiklashga va'da berdi.

Full Fact faktcheking tashkiloti o‘t qo‘yishlarni ikkita keng tarqalgan nazariya bilan bog‘lamoqda. Bu nazariyalar Feysbukdagi turli guruhlar, WhatsApp va YouTube’da mart oyida tarqalgan.

Nazariyalardan biriga ko‘ra, 5G inson immun tizimini zaiflashtiruvchi nur tarqatadi va odamlar koronavirusga chalinuvchan bo‘lib qoladi. Ushbu g‘oya tarafdorlarining fikricha, virusning Uhanda paydo bo‘lishi bu shaharda 5G tarmog‘i ishga tushishi bilan bog‘liq. Shundan so‘ng infeksiya yangi avlod tarmog‘i ishga tushirilgan boshqa shaharlarga tarqala boshlagan.

Ikkinchi nazariya tarafdorlari esa virus tarqalish uchun 5G-tarmoqlari radioto‘lqinlaridan foydalanishini ta'kidlashmoqda. Bu fikrga 2011 yilda bakteriyalar radioto‘lqin hosil qilishi mumkinligini taxmin qilgan olim, Nobel mukofoti laureati Lyuka Montagening tadqiqotlarini asos qilib olishgan.

Full Fact qayd etishicha, har ikki nazariya ilmiy jihatdan asoslanmagan. Bundan tashqari, nazariya tarafdorlari koronavirus 5G umuman mavjud bo‘lmagan mamlakat va shaharlarga ham tarqalganini hisobga olishmagan.

Ko‘proq yangiliklar: