Bosh prokuratura xodimlari o‘z maoshlarining yana bir qismini koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashga xayriya qildi

Jamiyat 19:54 / 06.04.2020 6009

Bosh prokuratura xodimlari o‘z maoshlarining yana bir qismini koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida tashkil etilgan «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga o‘tkazib berdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi ma'lum qildi.

«COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda fuqarolarimizni ruhan qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan «O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga mablag‘lar o‘tkazish davom etmoqda.

Mazkur aksiya doirasida Bosh prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti va Majburiy ijro byurosi xodimlari ham ixtiyoriy ravishda o‘z ish haqlarining bir qismini mazkur fondga beg‘araz o‘tkazib bergani haqida oldin xabar bergan edik.

Prokuratura tizimi xodimlari bu xayrli ishlarini davom ettirib, o‘z maoshlarining yana bir qismini «O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga o‘tkazdilar.

Avval ham qayd etilganidek, davlatimiz g‘amxo‘rligi samarasi o‘laroq, infeksiya ta'sirida hali hech kim hech narsaga muhtojlik sezgani yo‘q.

Bu kabi aksiyalar sinovli damlarda xalqimizni yanada jipslashtiradi, hamjihatlikni kuchaytiradi», deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: