Ozarboyjon chegaralarini yopadi va aholi ortidan sms-nazoratni joriy qiladi

Jahon 08:35 / 05.04.2020 7904

Mamlakat rasmiylarining ma'lum qilishicha, Ozarboyjon chegaralari 5 apreldan 20 aprelgacha havo va yer transporti uchun yopiq bo‘ladi. Bundan yuk tashuvlari mustasno qilingan.   

Shuningdek, mamlakat ichida aviaqatnov ham taqiqlanadi.

Kelasi 2 hafta ichida aholiga uch holatda uydan chiqishiga ruxsat beriladi: tibbiy yordam olish uchun; oziq-ovqat mahsulotlari, tovarlar, dori-darmon sotib olish, bank yoki pochtaga borish va yaqin qarindoshining dafn marosimida ishtirok etish uchun. 

Uydan chiqishga ruxsat olish uchun fuqarolar belgilangan raqamga sms-xabar jo‘natishlari kerak bo‘ladi. Shaxsiy transportdan foydalanganda uning raqamini ham ko‘rsatish lozim bo‘ladi. 

Fuqaro murojaatiga javobni bir soat ichida oladi va shundan keyingina uyini tark eta oladi.

Oziq-ovqat mahsulotlari, dorixona, bank yoki pochtaga bir kunda bir marta 2 soatga chiqishga ruxsat beriladi. Shifokor ko‘rigiga borish uchun ham alohida holatlardan tashqari, 2 soatga ruxsat beriladi.

Ko‘chaga chiqishga ruxsat olingani haqidagi ma'lumot elektron hukumat va huquq-tartibot idoralari ma'lumotlar bazasiga tushadi.

Ozarboyjon rasmiylari karantinning buzilishi tegishli, jumladan jinoiy javobgarlikka olib kelishidan ogohlantirishgan.

Harakatlanishga cheklovlar prezident ma'muriyati, vazirlar mahkamasi, tashqi ishlar vazirligi xodimlari, parlament deputatlari, tibbiy xizmatchilar, hayotiy ta'minot obektlari, huquq-tartibot idoralari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va diplomatlarga taalluqli bo‘lmaydi.

24 martdan Ozarboyjonda karantin rejimi kiritilgan. 65 yoshdan kattalarga uydan chiqish taqiqlangan, dorixona va oziq-ovqat do‘konlaridan tashqari barcha savdo obektlari, dam olish maskanlari, restoranlar va kafelar yopilgan.

31 martdan karantin rejimi kuchaytirilib, odamlarga zaruratsiz ko‘chaga chiqish taqiqlangan. 

Ayni vaqtda mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 521 nafarni, vafot etganlar soni 5 nafarni tashkil qilmoqda. 32 kishi virus keltirib chiqaruvchi kasallikdan sog‘ayib ketgan. 

Ko‘proq yangiliklar: