AQShning Afg‘onistonga yordami 1 mlrd dollarga kamayishi xavfsizlik kuchlariga ta'sir qiladi – Reuters

Jahon 23:31 / 05.04.2020 5410

«Inklyuziv hukumat» shakllantirish borasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugagach, AQSh tomonidan Afg‘onistonga ko‘rsatiladigan moliyaviy ko‘mak hajmi 1 milliard dollarga qisqartirilishi birinchi navbatda mamlakat xavfsizlik kuchlariga o‘z ta'sirini o‘tkazishi mumkin. Bu haqda Reuters AQSh Kongressi va Pentagondagi manbalarga tayangan holda xabar qilmoqda.

Kongress apparatida faoliyat ko‘rsatadigan ikki xodimning agentlikka so‘zlab berishlaricha, AQSh Davlat departamenti qonunshunoslarni hajmi 4,2 milliard bo‘lgan Pentagon jamg‘armasi qisqartirilishi borasida ogohlantirgan. Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarining ta'minoti uchun mablag‘ ham asosan shu fonddan ajratiladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarining yillik budjeti – maoshlar, oziq-ovqatlar hamda yoqilg‘i, asbob-uskunalar va infratuzilma uchun xarajatlarning to‘rtdan uch qismi shu jamg‘arma hisobidan qoplanib kelingan.

«Afg‘on xavfsizlik kuchlarini moliyalashtirishni qisqartirish g‘oyasi AQShning milliy manfaatlariga tamomila ziddir», – degan Kongress vakillaridan biri.

O‘z navbatida, AQSh Mudofaa vazirligi vakili hozircha ko‘makning qaysi qismini qisqartirish borasida yakuniy qarorga kelinmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pentagondagilar aynan ularning jamg‘armasi keskin qisqartirilayotganidan qattiq tashvishda.

«Biz chindan ham shunday bo‘lmasligini istamoqdamiz», – degan Reuters suhbatlashgan Pentagon vakili.

AQSh harbiy idorasining vakiliga ko‘ra, ushbu qisqartirish Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarining «Tolibon» radikal harakatiga qarshi turish qobiliyatiga jiddiy ziyon yetkazadi.

«Ularda o‘ta jiddiy muammolar boshlanadi», – degan u.

Lekin, vazirlik vakili Afg‘onistonning xavfsizlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘larni qisqartirish ma'lum bir ma'noga egaligini ham ta'kidlab o‘tgan. Bu orqali Vashington Kobulga bosim o‘tkaza oladi.

Mart oyida Davlat departamenti matbuot xizmati AQSh Afg‘onistonga moliyaviy ko‘makni 1 milliard dollarga qisqartirish niyatida ekanini e'lon qilgan edi.

E'lon qilingan hujjatda AQSh Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va bosh vazir, prezidentlikka nomzod Abdulla Abdulla o‘zaro «inklyuziv hukumat borasida kelisha olmagani»dan chuqur taassufda ekani aytilgandi.

Bayonotda qayd etilgandiki, Vashington «Afg‘oniston bilan hamkorlik sarhadlarini qayta ko‘rib chiqish» niyatida.

2020 yil 18 fevral kuni Ashraf G‘ani Afg‘onistonda o‘tgan prezidentlik saylovlarida rasman g‘olib deb e'lon qilindi. Mustaqil saylov komissiyasining yakuniy ma'lumotlariga ko‘ra, u saylovchilarning 50,64 foizi ovozini olgan. Uning asosiy raqibi Abdulla Abdulla saylov natijalarini tan olishdan bosh tortdi. «Tolibon» vakillari esa saylovni legitim emas va sulh jarayonlariga zid keladi, deya baholagan.

Ko‘proq yangiliklar: