Vidolashish, uylanish va ajrashish taqiqlanadi. Jahon bo‘ylab karantindagi cheklovlar

Jahon 08:30 / 04.04.2020 44745

Barcha davlatlarda umumiy bo‘lgan cheklovlar ham bor, ammo ayrim davlatlar o‘z fuqarolarining hayot tarziga qarab ham cheklovlar o‘ylab topmoqda.

Uchrashuvga chiqish mumkin emas

Virus Xitoyda paydo bo‘lgandi, hozir esa Yevropada yuqori tezlikda tarqalishda davom etmoqda. Ayniqsa Italiya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya kabi davlatlar koronavirusdan juda ko‘p zarar ko‘rmoqda. Fransiyada karantinning ikkinchi bosqichida cheklovlar ko‘paydi. Ular orasida ta'kidlab yozilgan quyidagi band e'tiborni tortadi: «Ko‘chaga chiqish uchun do‘stining oldiga borish, ruhshunos seansiga qatnash yoki sevgani bilan uchrashish kabi bahonalar inobatga olinmaydi». Ha, karantin sevishganlarni hijron bilan ham sinaydi.

Darvoqe, yevropalik ruhshunoslarning aytishicha, karantindan so‘ng ajrimlar ko‘payib ketishidan qochib bo‘lmaydi. Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: hamma uyda, qiladigan ish yo‘q, gapdan gap chiqib janjal bo‘ladi-da, to‘g‘rimi? Karantin insoniyatga yuborilgan ikki karra sinov desak, adashmaymiz.

Fransiyada karantinni yashash manzilidan boshqa joyda o‘tkazish ham taqiqlandi. Chunki karantin boshlanganda parijliklar shahar tashqarisidagi dala hovlilariga borib yashashni boshlashgandi. Ammo ularni qishloq ahli yaxshi kutib olmadi: «Shaharliklar virusni olib kelishadi, keyin bozorlarimizdagi yeguliklarimizni yeb bitirishadi», deya arz qilishdi ular. Natijada «dachaga chiqqanlar» uylariga qaytarildi.

Qamoqxonaga borish mumkin emas

Italiyada mahbuslar orasida ham virus tarqalgach, hukumat qamoqxonalardagi yaqinlarni borib ko‘rishni cheklab qo‘ydi. Chunki u yerga borganlar ham virus yuqtirib olishi mumkin. Bu cheklovdan so‘ng Italiya qamoqxonalarida to‘polon boshlandi. Modenedagi qamoqxonada boshlangan isyon boshqa qamoqxonalarga ham tarqaldi. Modenedagi uch nafar mahbus tartibsizliklar vaqtida jon berdi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ular lazaretdan geroin o‘rnini bosadigan metadonni o‘g‘irlab iste'mol qilib dozasini oshirib yuborgan. Bosh ko‘targanlar orasida giyohvandlar ham bo‘lgan, demak ular ko‘proq tashqaridan olib kiriladigan «ozuqa» uzilib qolganidan norozi bo‘lishgan.

«Virus odamni ikki marta o‘ldiradi...»

Foto: gabrielegalimbertiphoto / Instagram

Odam yaqin insoni joni uzilayotganini bilsa, qayerda bo‘lmasin uning oldiga yetib borishni, oxirgi so‘zini aytib, og‘ziga bir tomchi suv tomizishni xohlaydi. Ammo koronavirus insonni bundan ham mahrum qildi. Bu kasaldan vafot etayotgan odamning oldida doktorlardan boshqa hech kim bo‘lmasligi kerak.

«Pandemiya odamni ikki marta o‘ldiradi. Avvaliga u yaqinlaridan uzoqda olamdan o‘tishga majbur qiladi. Keyin so‘nggi manzilga kuzatishda ham yoningda hech kiming bo‘lmaydi», deydi dafn marosimlari bilan shug‘ullanuvchi Andrea Cherato.

Ko‘p mamlakatlarda bo‘lgani kabi Italiyada ham koronavirusdan vafot etganlar maxsus sellofanda o‘rab dafn qilinadi yoki... yoki yoqilmoqda. Odam o‘lganidan keyin virus tarqatmasligi mumkin, lekin uning kiyimlarida infeksiya saqlanib qoladi.

«Ba'zilar yaqinlariga hech bo‘lmasa oxirgi marta qarab olishni iltimos qilishadi, lekin buning imkoni yo‘q. Yuragimiz eziladi, lekin bunga ruxsat bera olmaymiz. Aksar halok bo‘lganlarning yaqinlari karantinda bo‘lgani bois hammasini o‘zimiz bajaramiz: jasadni kasalxonadan olamiz, tobutlaymiz, ko‘mamiz yoki krematoriyga olib boramiz...», deydi tobutkash Massimo Mankostroppa.

Italiyaliklar o‘limi oldidan yaqinlari bilan birga bo‘la olishmagani sabab ularga vidolashuv so‘zlarini sms tarzida yozmoqda. Hamshiralar joni uzilayotgan odamlarga yaqinlarining oxirgi so‘zlarini yetkazishadi...

«Yon qo‘shni — jon qo‘shni»

Koronavirus atrof muhit tozaligi bilan ajralib turadigan Skandinaviyaga ham yetib bordi. Norvegiya hukumati karantinga juda jiddiy e'tibor berdi. 12 martdan boshlab Norvegiyaga borgan xorijliklarni kasallik alomatlari bor yoki yo‘qligidan qat'i nazar maxsus «koronavirus karantini»ga olish boshlandi. Shuningdek, 27 fevraldan keyin Norvegiyaga kelgan chet elliklar ham karantinga olindi. Qizig‘i, Finlyandiya, Daniya va Shvetsiya kabi yarimorolning boshqa davlatlariga kirib chiqqanlar karantinga olinmaydi. Qo‘shnilar bir-biriga qanchalik ishonishlarini shu yerda ham bilsa bo‘ladi.

Norvegiyaliklar juda tartibli xalqlardan biri. Lekin u yerda ham quloqsiz odamlar topiladi. 25 mart kuni karantinga olingan mana shunday 22 yoshli yigit o‘sha kunning o‘zidayoq ko‘chada yurganida politsiya tomonidan qo‘lga olinadi. 28 mart kuni tunda yigit yana politsiyaga tushadi va karantindagi joyiga olib borib qo‘yiladi. 30 mart tunda ham mashina haydab qo‘lga tushgan yigit oxir-oqibat 40 ming krona (3 800 AQSh dollari) miqdorida jarimaga tortiladi. Oslo politsiyasi zobiti Vidar Pedersonning aytishicha, bu Norvegiya poytaxtida karantindan qochish bo‘yicha birinchi holat. 3 aprel holatiga ko‘ra, Norvegiyada virus yuqtirganlar soni 5370 nafarni, halok bo‘lganlar esa 59 nafarni tashkil etmoqda.

«Qo‘ydi-chiqdingizni kvartal oxirigacha surib tursangiz...»

Rossiyada karantin vaqtida ajrimlarni vaqtincha to‘xtatib turish taklif qilinmoqda. Chunki ushbu byurokratik jarayon ko‘pchilikni ovora qiladi va odamlar bir-biriga yaqin masofada bo‘lish xavfini oshiradi.

Shu o‘rinda mashhur rus filmidagi bir jumla esga tushadi: «Iltimos, qo‘ydi-chiqdingizni kvartal oxirigacha surib tursangiz, shundog‘am ko‘rsatkichlarimiz pasayib ketyapti».

Hayvonlar va karantin. Yo‘lbars karantinni buzdi

Rossiya barcha chegaralarini yopgan bo‘lsa-da, uni kesib o‘tayotganlar hamon topilmoqda. Primoryadagi «Amur yo‘lbarslari» markazida parvarishlanayotgan Lazovka laqabli yo‘lbars chegaradan o‘tib Xitoyga borib kelgan. U «karantinni buzgan» vaqtda bolalari ham birga bo‘lgan. 2019 yil kuzida ona bo‘lgan yo‘lbars har ehtimolga qarshi tekshiruvdan o‘tkazildi va u alohida parvarishda. Lazovkaning chegaradan o‘tib olislab ketganiga tajribasiz ona bo‘lgani sabab qilib keltirilmoqda.

Ko‘chaga chiqishni xohlaysizmi? Unda ijaraga it oling

Moskvada ham karantin joriy qilingach, odamlarga ko‘chaga zaruratsiz taqiqlandi. Har kuni sayr qilishga odatlangan odamlarga esa bunday vaqtda ajoyib xizmat taklif qilinmoqda. Gap shundaki, karantin vaqtida uy jonivorlarini sayr qildirish uchun bir soatga ruxsat beriladi. Shu bois internetda moskvalik «tadbirkorlar» ijaraga it berish xizmatini taklif qilishmoqda. Unchalik qimmat emas, soatiga 800-1000 rubl. Itni olib ketib qolmasligingiz uchun qaytib kelguningizcha 3-5 ming rubl garov puli tashlab ketasiz.

Evronews telekanalida (darvoqe, hozir bu kanal O‘zbekiston hududiga vaqtincha bepul namoyish etilmoqda) karantindan uy hayvonlari xursand ekani haqida lavha efirga ketdi. Unda hikoya qilinishicha, faqat hayvonlar bilan sayr qilish mumkin bo‘lgani sabab odamlar bir necha kunda bir sayrga chiqadigan hayvonlarini ham kuniga chigalyozdiga olib chiqishmoqda. Bundan esa itlar, mushuklar juda xursand, albatta.

Karantin vaqtida O‘zbekistonda ham ko‘plab cheklovlar joriy etilgan. Masalan, to‘y, tug‘ilgan kun kabi bazmlar qilish, dafn marosimlarini ko‘pchilik bilan o‘tkazish, qandaydir munosabat bilan ko‘pchilikni jamlab bayram qilish taqiqlandi. Mamlakatdagi barcha ovqatlanish shoxobchalari (yetkazib berish xizmatidan tashqari), ta'lim muassasalari, umuman, odam to‘planishi mumkin bo‘lgan va ayni damda birlamchi ehtiyojlarga xizmat qilmaydigan har qanday joylar yopilgan. Ko‘chalarda maxsus ruxsatnomasiz mashinalar harakati ham taqiqlangan.

Ko‘proq yangiliklar: