Turkiya koronavirusga qarshi qanday kurashmoqda?

Jahon 11:00 / 04.04.2020 56114

Xo‘sh, ayni paytda ushbu mamlakatda vaziyat qanday? Koronavirusga qarshi qanday kurash olib borilmoqda? Kun.uz’ning Turkiyadagi muxbiri vaziyat haqida ma'lumot beradi.

Kalit so‘z – «14 qoida»

Ayni paytda mamlakatda virusga chalinganlar soni 20 mingdan oshgan, 425 kishi vafot etgan. Istanbul shahri esa epidemiyada «yetakchi» – ctatistik ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu shaharda bir kishi o‘rtacha 16 kishiga virus yuqtirmoqda.

Koronavirusga chalinishning ilk holati qayd etilgandan so‘ng mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Xo‘ja bayonot bilan chiqib, Turkiyaning virusga qarshi kurashdagi kalit so‘zi «14 qoida» ekanini ma'lum qilgandi.  

Koronavirusga qarshi 14 qoida

  1. Qo‘llaringizni tez-tez suv va sovun bilan eng kamida 20 soniya davomida ishqalab yuving;
  2. Kasallik alomatlari bor insonlar bilan orangizga eng kamida 3-4 metr masofa qo‘ying;
  3. Yo‘talgan, aksirgan paytingizda og‘zingiz va burningizni salfetka bilan, salfetka bo‘lmasa, tirsagingizning ichki qismi bilan berkiting;
  4. Qo‘l berib ko‘rishish, quchoqlashish kabi yaqin aloqalardan tiyiling;
  5. Qo‘llaringiz bilan ko‘zingiz, og‘zingiz va burningizga teginmang;
  6. Xorijga chiqmang. Sayohatlaringizni bekor qiling yoki kechiktiring;
  7. Xorijdan qaytgach, ilk 14 kunni uyingizda o‘tkazing;
  8. Xonangizni tez-tez shamollatib turing;
  9. Liboslaringizni 60-90 darajada kir yuvish kukuni bilan yuving;
  10. Eshik tutqichlari, armaturalar, shuningdek, tez-tez qo‘llanivchi texnik jihoz, yuvinish va hojatxona anjomlari yuzasini har kuni tozalang;
  11. Kasallik alomatlaringiz bo‘lsa, qariyalar, surunkali kasalligi bor insonlar bilan muomalada bo‘lmang. Niqob taqmagan holda tashqariga chiqmang;
  12. Shaxsiy gigiyenik vositalaringizdan faqat o‘zingiz foydalaning;
  13. Ko‘proq suv iching, tartibli ovqatlaning, uyqu me'yoringizga diqqat qarating;
  14. Isitma, yo‘tal va nafas qisishi qabi holatlar kuzatilsa, darhol shifokorga xabar bering.

Ayni kunga qadar yuqorida keltirilgan 14 qoida Turkiya nashrlarida muntazam targ‘ib qilib kelinmoqda.

Virusning oldini olish harakatlari qachon boshlandi?

Turkiya Yevropaning bir qator mamlakatlaridan farqli o‘laroq koronavirusning oldini olish uchun nisbatan erta harakat boshladi. Jumladan, 24 yanvardan e'tiboran aeroportlarda termal kameralar o‘rnatildi. Xitoy va virus keng tarqalgan boshqa mamlakatlardan kelgan yo‘lovchilar qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tkazila boshladi. Infraqizil skanerlash, bojxona hududlarini dezinfeksiya qilish, bepul niqoblar va yo‘riqnomalar tarqatish yo‘lga qo‘yildi. Xitoyning Uhan shahridagi Turkiya fuqarolari olib kelindi.

Fevral oyi boshida esa Xitoydan keluvchi barcha reyslar to‘xtatildi. Eron bilan chegara yopildi, reyslar bir tomonlama grafikka o‘tkazildi. Iroq va Eron chegaralariga yaqin hududlarda dala shifoxonalari tashkil qilindi.

Mart oyi boshidan e'tiboran ba'zi viloyatlardagi jamoat joylari va jamoat transportlarida dezinfeksiyalash ishlari boshlandi. Xususan, Istanbuldagi shahar metrobus stansiyalariga qo‘lni dezinfeksiyalash vositalari o‘rnatildi. Keyinchalik ba'zi joylarga maxsus dezinfeksiya tunnellari o‘rnatildi.

12 mart kuni prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda koronavirusga qarshi ko‘riladigan choralar muhokama qilindi. Yig‘ilishdan so‘ng prezident matbuot kotibi Ibrohim Kalin sport musobaqalari aprel oyining oxirigacha tomoshabinlarsiz o‘tkazilishini, maktab va universitetlarga ta'til berilishini, davlat xizmatchilari faqat maxsus ruxsat bilangina chet elga chiqishi mumkinligi va prezidentning barcha chet el tashriflari qoldirilganini ma'lum qildi.

Ta'lim qay shaklda olib borilmoqda? 

Maktablar

16 martdan e'tiboran boshlang‘ich va o‘rta maktablar uchun 1 haftalik, universitetlarga esa 3 haftalik ta'til e'lon qilindi. 23 martda esa ta'lim televideniye va internet orqali masofaviy ta'lim shaklida davom ettirilishi ma'lum qilindi. 25 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xalq ta'limi vaziri Ziyo Selchuk ta'limga berilgan ta'til 30 aprelgacha uzaytirilganini bildirdi. Keyinchalik o‘zining tvitterdagi sahifasida 2-semestrda o‘tiladigan mavzular oliy o‘quv yurtlari kirish imtihonlaridan olib tashlanganini e'lon qildi. 

Masofaviy dasrlar muhokama mavzusiga aylangan bir paytda Cherkezko‘y tumanidagi o‘rta maktabning turk tili o‘qituvchisi Melike Buyuk Dincher o‘z uyidagi ovqatlanish stolidan maktab doskasi sifatida foydalangan holda o‘quvchilariga dars o‘tgani sababli ijtimoy tarmoqlarda olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Ayni paytda o‘quvchilar darslarni TRT EBA TV’da  yoki internet orqali onlayn tarzda kuzatib borishmoqda. Har kuni soat 09:00da boshlanadigan darslar tushdan keyin ham takroran namoyish etilyapti. Mashg‘ulotlarni o‘z kompyuteri yoki plansheti orqali kuzatib borishni istagan o‘quvchilar internetda chastotani sozlash orqali jonli efirdagi ko‘rsatuvlarni tomosha qilishlari mumkin.

Universitetlar

26 mart kuni Oliy ta'lim kengashi raisi Yekta Sarach bahor mavsumida universitetlarda yuzma-yuz mashg‘ulotlar o‘tkazilmasligini va talabalar faqat masofaviy ta'lim bilan tahsil olishlarini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, masofaviy ta'lim, ochiq ta'lim va raqamli ta'lim bilan ta'minlanishi mumkin bo‘lmagan dasturlar va amaliy kurslar yoz oylarida yakunlanadi. Shuningdek, oliy o‘quv yurtlari imtihoni ham 25-26 iyulga qoldirilgani e'lon qilindi. 

Epidemiya sharoitida qanday cheklovlar joriy etildi?

13 mart kuni Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Norvegiya, Daniya, Belgiya, Avstriya, Shvetsiya va Niderlandiyaga aviareyslar 17 aprelgacha bir tomonlama amalga oshirilishi ma'lum qilindi. Ko‘p o‘tmay parvoz taqiqlangan mamlakatlar safiga Misr, Angliya, Irlandiya, Shveytsariya, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari kiritildi. Keyinchalik umumiy hisobda 68 mamlakat bilan havo aloqalari uzildi. 27 mart kuni esa prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘z bayonotida barcha chet el parvozlari to‘xtatilganini, shaharlararo transport esa hokimiyat izniga o‘tkazilganini ma'lum qildi.

Xuddi shu kuni Adliya vaziri Abdulhamid Gul barcha ochiq va yopiq qamoqxonalardagi oila uchrashuvlari va qamoqxonalar o‘rtasidagi ko‘chirish-aloqa ishlari ikki haftaga kechiktirilgani, vazirlik muassasalariga kiruvchi shaxslarning tana harorati o‘lchanishini bildirdi. Armiya safiga qabul qilish ishlari ham vaqtincha to‘xtatildi.

16 mart kuni Diniy ishlar vaziri Ali Erbash masjidlarda nazmozlar, xususan, juma namozlari vaqtincha o‘qilmay turilishi, ammo azonlar eshittirilishi va masjidlar ochiq qolishini ma'lum qildi. Xuddi shu kuni Ichki ishlar vazirligi pavilon, diskoteka, bar va tungi klublar, kino, konsert zali, to‘y zali, kafe, qahvaxona, massaj salonlari kabi joylar vaqtincha yopilishini e'lon qildi. Restoran va oshxonalar «uyga yetkazib berish» xizmatiga o‘tdi. Bog‘, park va xiyobonlarda mangal pishirish taqiqlandi. Keyinchalik bu joylar ham hafta oxirlarida yopiq bo‘lishi bildirildi.

Shuningdek, barcha turdagi ilmiy, madaniy, badiiy va shunga o‘xshash uchrashuvlar yoki tadbirlar aprel oyi oxiriga qadar kechiktirildi. 65 yoshdan yuqori va surunkali kasalligi bo‘lgan insonlarning ko‘chaga chiqishi taqiqlandi. 24 mart kuni savdo do‘konlari 09.00-21.00 oralig‘ida xizmat ko‘rsatishi, xaridorlar soni xizmat ko‘rsatish umumiy maydonning o‘ndan bir qismini tashkil etishi lozimligi belgilab qo‘yildi.

Qanday iqtisodiy choralar ko‘rilmoqda?

Koronavirus epidemiyasi sabab 18 mart kuni 100 milliard liralik iqtisodiy choralar paketi e'lon qilindi. Unga ko‘ra:

– inqirozdan eng ko‘p zarar ko‘ruvchi xizmat sektori ish beruvchilarining soliq majburiyatlari, kredit qarzlari kechiktirildi;

– Kredit kafolati fondi (KGF) limitni ko‘tarib, garov muammosi tufayli kredit ololmayotgan kompaniyalarga kredit olishni osonlashtirdi;

– ishchilar vaqtinchalik ish haqi bilan ta'minlanadigan bo‘ldi; 

– muhtoj oilalarga 2 milliard liralik mablag‘ ajratildi;

– mehmonxonalar uchun turar-joy solig‘i noyabr oyiga qadar qo‘llanmaydigan bo‘ldi;

– 500 ming liradan past bo‘lgan uylar uchun qarz olish miqdori 80 foizdan 90 foizga oshirildi va minimal to‘lov hajmi 10 foizga kamaytirildi;

– virus tarqalishiga qarshi ko‘rilgan choralar natijasida aprel, may va iyun oylarida defoltga uchragan firmalar kredit registrida «fors-major» bahosi bilan ta'minlanadigan bo‘ldi;

– ichki havo transportida QQS stavkasi 3 oy davomida 18 foizdan 1 foizga tushiriladigan bo‘ldi;

– eng kam pensiya miqdori 1500 turk lirasi (qariyb 225 AQSh dollari) etib belgilandi.

Prezident qarori bilan 30 aprelga qadar barcha ijro va bankrotlik ishlari to‘xtatildi. Davlat muassasalarida va tashkilotlarda masofadan turib ishlashga ruxsat berildi. Turkiya Banklar uyushmasi tavsiyasiga ko‘ra, 23 martdan e'tiboran ko‘plab banklar o‘z ish soatlarini 12:00dan 17:00gacha etib belgiladi.

30 mart kuni prezident Erdo‘g‘an «Biz uchun biz kifoyamiz, Turkiyam!» shiori ostida xayriya kampaniyasi boshlanganini e'lon qildi.

Odamlarning kayfiyati qanday?

Dunyoning ko‘plab mamlakatlari kabi bugun Turkiya ko‘chalarida ham odamlar ancha siyraklashib qolgan. Ko‘pchilik #EvdaKal (UydaQol) chaqirig‘iga quloq solmoqda. Ammo vaziyatni jiddiy qabul qilmayotgan, hatto niqob taqmagan holda ko‘chada yurgan odamlarni ham uchratish mumkin. Ehtimol, mamlakatda virusga chalinganlar sonining kundan-kunga ortib borayotganini ham shu bilan izohlash mumkindir.  

Ijtimoiy tarmoqdagi gap-so‘zlardan odamlarning uyda o‘tiraverib zerikayotganini payqash qiyin emas. Shuning uchun ham juda ko‘plab telekanallar o‘z ko‘rsatuvlar tartibiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritmoqda: kino va seriallar sonini ko‘paytirishga urg‘u berilmoqda.

Sokin va osuda kechgan kun ortidan har tun soat 9:00da hayot birdan jonlanganini sezish mumkin. Chunki xuddi shu payt odamlar uy ayvonlariga chiqib, koronavirusga qarshi kurashda jonbozlik ko‘rsatayotgan shifokorlarni olqishlay boshlashadi. Aytish joizki, bu Turkiyada o‘ziga xos an'anaga aylanib ulgurdi. 

Qanday yangi chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?

3 aprel oqshomida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an koronavirus masalasida millatga murojaat bilan chiqdi. Unga ko‘ra, 30ta katta shahar va Zonguldak shahri ma'lum istisnolar bilan transport vositalari kirish-chiqishi uchun yopildi.

Shuningdek, bozor va savdo do‘koni kabi odamlar ko‘p to‘planuvchi joylarda niqob taqish majburiy etib belgilandi. 20 yoshdan kichik barcha yoshlarning ko‘chaga chiqishi taqiqlandi. Qoidaga bo‘ysunmaganlar esa ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi ma'lum qilindi.  

«Agar biz qoidalarga qat'iy rioya qilsak, epidemiyaning borishini nazoratga ololsak, tahdid bartaraf etilishi mumkin», dedi Erdo‘g‘an.

Otabek Tillayev tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: