San'atkorlar koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus fondga 1,7 mlrd so‘m xayriya mablag‘i o‘tkazdi  - O‘zbekkonsert

Jamiyat 18:30 / 04.04.2020 15738

“San'atkorlar va boshqa ijodkorlar tomonidan bugungi kunda “Mehr-shafqat va salomatlik” fondiga 1,7 mlrd so‘mdan ko‘proq xayriya mablag‘i o‘tkazib berildi. Undan tashqari, 300 million so‘mga yaqin xayriya tadbirlari amalga oshirilyapti. Bunday ishlarimiz karantin tugagunga qadar davom etadi”, - dedi Odiljon Abduqahhorov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida.

“O‘zbekkonsert” rahbari san'atkorlarning xayriya ishlari borasida so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fikrlarga ham o‘z munosabatini bildirdi.

“Men bir narsani aytmoqchi edimki, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi faqatgina san'atkorlarning litsenziyasini olish yoki jazolash bilan shug‘ullanmaydi. U bugungi kunda respublikamizda konsert faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, san'atkorlarning haq-huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot hisoblanadi”, - dedi Abduqahhorov.

Odiljon Abduqahhorov

U Markaziy Osiyoda faqatgina O‘zbekistonda san'atkorlarning faoliyati qonuniylashtirilganini aytdi.

“O‘zbekistonda san'atkorlar litsenziya olib faoliyat yuritadi. O‘zbekistonda “otarchi” degan tushuncha yo‘q. Ming afsuski, ayrim ziyolilar, taniqli insonlar, fan arboblari tomonidan efirlar yoki boshqa joylarda san'atkorlarga nisbatan “otarchi” deb munosabat bildirilishi ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim “tirnoq ichidan kir qidiradiganlar”fuqarolarga qo‘l kelmoqda. 

San'atkorlarga nisbatan bunday haqoratomuz so‘zlarining ishlatilishi san'atkorlar orasida ham ayrim noroziliklarga sabab bo‘ldi va ularni ranjitdi”, - dedi Odiljon Abduqahhorov.

U bundan 3-4 oy ilgari O‘zbekistonda tibbiyot xodimlariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish holatlari kuzatilgani, bugungi kunda esa taqdir taqozosi ana shu kasb egalarining yordamiga muhtoj ekanimiz, ular kun qahramonlariga aylangani, ana shu voqealardan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz kerakligi, san'atkorlar ham doimo xalq xizmatida bo‘lgan insonlar ekanini ta'kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: