Inqirozga qarshi yangi farmonga ko‘ra 22,3 trln so‘mlik chora-tadbirlar belgilangan

Iqtisodiyot 09:30 / 04.04.2020 14193

3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.

Unga ko‘ra, 22,3 trln so‘mlik chora-tadbirlar, shu jumladan, 20,1 trln so‘mlik soliq va kredit to‘lovlarini kechiktirib turish belgilangan.

Moliya vazirligi ushbu farmonda ko‘zda tutilgan choralar haqida batafsil ma'lumot berdi:

  • 2020 yil 31 dekabriga qadar un, o‘simlik yog‘i, go‘sht va sut mahsulotlari, shakar, gigiyena vositalari kabi asosiy iste'mol tovarlari — jami 20 turdagi, jumladan, 13ta oziq-ovqat va 7 turdagi gigiyena mahsulotlari import qilishda bojxona boji va aksiz solig‘i undirilmaydi — 125 mlrd so‘m;
  • mart-iyun oylarida muddati tugaydigan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni to‘lash uchun qo‘shimcha murojaat va hujjatlar talab etilmaydi — avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi — 570 mlrd so‘m;
  • karantin davrida yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiyena tovarlari bepul yetkazib beriladi — 2 mlrd so‘m;
  • ijtimoiy nafaqa olish uchun ariza bilan birga taqdim etiladigan hujjatlar kamaytiriladi;
  • turistik va mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etiladi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi — 135 mlrd so‘m;
  • karantin davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni hisoblash to‘xtatiladi. Ushbu imtiyoz qariyb 150 ming yakka tartibdagi tadbirkorga katta ko‘mak bo‘ladi — 400 mlrd so‘m;
  • tushumi o‘tgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes sub'yektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i, mulk solig‘i, ijtimoiy soliq va suv solig‘ini to‘lash muddati shu yil 1 oktyabrga qadar kechiktiriladi. Tadbirkorlar bu imtiyozlardan soliq idorasini uydan turib xabardor qilishi mumkin.
  • joriy yil 1 apreldan boshlab yuridik shaxslarning tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov majburiyati amaldagi 100 foizdan 30 foizga tushiriladi.
  • paxta-to‘qimachilik klasterlarining 2019 yilda paxta yetishtirish uchun olgan kreditlarini qaytarish muddati 1 oktyabrgacha uzaytiriladi.
  • 2020 yilning oxiriga qadar oboroti oyiga 1 mlrd so‘mdan oshmaydigan va elektron hisob-fakturalarni qo‘llaydigan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar ushbu soliqni har oyda emas, balki har choraklik asosda hisoblash  va to‘lash huquqiga ega — 150 mlrd so‘m;
  • koronavirus infeksiyasini aniqlash bo‘yicha ekspress-testlarni olib kirishda ular uchun bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imi undirilmaydi;
  • Markaziy bank tomonidan majburiy zaxiralar bo‘yicha talablarni yengillashtirish hisobiga tijorat banklari 2,6 trln so‘m hajmidagi qo‘shimcha likvidlik resurslari bilan ta'minlanadi;
  • tijorat banklariga 3 yil muddatgacha 2 trln so‘mgacha miqdorda likvidlik taqdim etishning maxsus mexanizmi joriy etiladi;
  • tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari bo‘yicha to‘lovlarga 2020 yil 1 oktyabrga qadar kechiktirish taqdim etiladi  — 11,7 trln so‘m;
  • amalga kiritilgan karantin rejimi faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan qarzdorlarning muddati o‘tib ketgan kreditlariga garov ta'minoti bo‘yicha jarima sanksiyalari va undiruv choralari qo‘llanmaydi;
  • tijorat banklari tomonidan kreditlar bo‘yicha hisoblangan va kechiktirilgan foizlar summasi kechiktirish taqdim etilgan davrda foyda solig‘ini hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmaydi — 200 mlrd so‘m;
  • majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni 2019 yil yakunlari bo‘yicha auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish muddati 2020 yil 1 oktyabrgacha uzaytiriladi;
  • aksiyadorlarning 2019 yil yakunlari bo‘yicha yillik umumiy yig‘ilishlarini 2020 yil 1 oktyabrgacha muddatda, shuningdek, videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishga ruxsat beriladi;
  • aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravaridan ortiq bo‘lgan mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlarni har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish bo‘yicha talab 2020 yil yakunlari bo‘yicha kiritiladi;
  • karantinga olingan shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan ma'muriy jarimalarni (karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik bundan mustasno) to‘lash muddatlari karantin muddati tugagunga qadar uzaytiriladi;
  • 2020 yil 1 oktyabrgacha dorixonalarda tayyorlanadigan dori vositalari, tibbiy buyumlar va boshqa mahsulotlarni ulgurji sotishga ruxsat beriladi;
  • karantin tadbirlari davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarini hisoblash va undirish to‘xtatiladi.
Ko‘proq yangiliklar: