Prezident tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi farmonni imzoladi

O‘zbekiston 19:40 / 03.04.2020 141565

3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.

Ushbu farmonga ko‘ra:

Birinchidan, turistik va mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etiladi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi. Ushbu imtiyozdan sohada xizmat ko‘rsatayotgan mingdan ortiq sub’yektlar foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ikkinchidan, karantin davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni hisoblash to‘xtatiladi. Ushbu imtiyoz qariyb 150 ming yakka tartibdagi tadbirkorga katta ko‘mak bo‘ladi.

Uchinchidan, tushumi o‘tgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes sub’yektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i, mulk solig‘i, ijtimoiy soliq va suv solig‘ini to‘lash muddati shu yil 1 oktyabrga qadar kechiktiriladi. Tadbirkorlar bu imtiyozlardan soliq idorasini uydan turib xabardor qilishi mumkin.

To‘rtinchidan, joriy yil 1 apreldan boshlab yuridik shaxslarning tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov majburiyati amaldagi 100 foizdan 30 foizga tushiriladi.

Beshinchidan, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan yordam berish ko‘lami yanada kengaytiriladi.

Hozirgi kunda tadbirkor olgan kredit stavkasi 24 foizgacha bo‘lganda uning 8 foizini jamg‘arma qoplab berar edi. Endi kredit stavkasi 28 foizgacha bo‘lganda ham uning 12 foizini davlat qoplaydi.  

Buning uchun tadbirkorlarning 3 trillion so‘mlik kreditlari foizini qoplashga jamg‘armadan qo‘shimcha 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Jamg‘arma bir tadbirkorning faqatgina bitta loyihasiga kafillik berishi bo‘yicha cheklov ham endi bekor qilinadi.

Intizomli va ishonchli tadbirkorlarga kreditning 75 foiziga jamg‘arma kafillik beradi (bugungi kunda 50 foiz). Kafillik summasining yuqori chegarasi ham 8 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mga oshiriladi.

Oltinchidan, qiyin ahvoldagi korxonalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va aholining 12 trillion so‘mlik kredit majburiyati muddati uzaytiriladi.

Shuningdek, bugun qishloqlarda ko‘p ish joylarini tashkil etib, endi oyoqqa turayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham alohida qarorga imzo chekdim. Ularning 2019 yilda paxta yetishtirish uchun olgan kreditlarini qaytarish muddati 1 oktyabrgacha uzaytiriladi.

Yettinchidan, aholini, ayniqsa, uning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator choralar belgilanmoqda.

Jumladan, shu yil yakuniga qadar un, o‘simlik yog‘i, go‘sht va sut mahsulotlari, shakar, gigiyena vositalari kabi asosiy iste’mol tovarlarini import qilishda bojxona boji va aksiz solig‘i undirilmaydi.

Shuningdek, joriy yil mart-iyun oylarida muddati tugaydigan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni to‘lash uchun qo‘shimcha murojaat va hujjatlar talab etilmaydi. Ular avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi. Ushbu davrda boshqa muhtoj oilalarga ham shunday nafaqalar tayinlash davom ettiriladi.

Bu choralar orqali yana 120 mingdan ziyod kam ta’minlangan oilalarni qamrab olamiz (hozirda 600 mingta).

Karantin davrida yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiyena tovarlari bepul yetkazib beriladi.

Sakkizinchidan, karantin davrida uy sharoitida rivojlantirish mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini yanada qo‘llab-quvvatlaymiz.

Misol uchun, mamlakatimizda 28 mingdan ziyod hunarmand faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularga o‘tgan yili 50 million dollar mablag‘ ajratildi, 12,5 mingta loyiha doirasida hunarmandlar 75 mingdan ortiq yangi shogirdlarni tayyorladi.

Ushbu soha uchun bu yil yana 50 million dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Yaratilayotgan bunday shart-sharoitlar hunarmandlar uchun katta imkoniyatdir.

Moliya vazirligi iqtisodiyot va aholini qo‘llab-quvvatlash uchun joriy qilinayotgan yangi keng miqyosli choralar bo‘yicha sharh bergan.

Farmonga ko‘ra, 22,3 trln so‘mlik chora-tadbirlar, shu jumladan, 20,1 trln so‘mlik soliq va kredit to‘lovlarini kechiktirib turish belgilangan.

1. Aholiga yordam                                                                                           

Muddati mart-iyun oylarida tugaydigan bolali oilalar, bolani parvarishlash nafaqalari va moddiy yordam tayinlanishi avtomatik tarzda uzaytiriladi. Adresatlardan tegishli arizalar yangidan berilishi talab etilmaydi. Nafaqa oluvchilar umumiy soni 596dan 719 mingtagacha oshadi.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasiga oilalar ijtimoiy nafaqa olishga muhtojligini baholash tartib-taomillarini soddalashtirish topshirilgan.   

Yolg‘iz qariyalar va nogironlar karantin tugagunga qadar bir martalik niqoblar, antiseptik vositalar va bakteriyaga qarshi sovunni bepul oladi.

Jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning 2020 yilning 6 oyida to‘lanishi lozim bo‘lgan kreditlarning muddati uzaytiriladi (4,7 trln so‘m). Shu bilan birga, tijorat banklari tomonidan (yuridik va jismoniy shaxslarga) qarzlar bo‘yicha hisoblab chiqilgan va muddati uzaytirilgan foizlar ushbu davrdagi daromad solig‘ini hisoblashda jami daromadga kiritilmaydi.

2. Eng ko‘p ta’sir ko‘rgan sohalarni qo‘llab-quvvatlash

Jismoniy shaxslar daromadlaridan olinadigan qat’iy belgilangan soliq summasi va o‘z faoliyatini majburan to‘xtatib turgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq hisoblanishi to‘xtatib turilmoqda. 

Turoperatorlar, turagentlar va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatadigan sub’yektlar, «Uzbekistan Airports» AJ, «Uzbekistan Airways» va «O‘zaeronavigatsiya markazi» DUK mulk va yer solig‘i to‘lovidan ozod qilinadi. Ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foizgacha pasaytirilgan. Shu sababli, ularning tasarrufida 130 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qoladi.

Mikrofirmalar va kichik korxonalar, o‘z faoliyatini to‘xtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va (yoki) tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilishdan tushgan tushum summasi joriy yilning birinchi choragida o‘rtacha oylik miqdorga nisbatan 50 foizdan ko‘proqqa qisqaradi, 2020 yilning 1 oktyabriga qadar soliq organlari xabarnoma asosida foizsiz kechiktirish (to‘lash) taqdim etiladi:

  • aylanma soliq, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, keyinchalik ularni 12 oy mobaynida teng ulushlarda to‘lash, mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza topshirmasdan;
  • ijtimoiy soliq bo‘yicha, keyinchalik 6 oy davomida teng miqdorda to‘lanadi.

Faoliyatini to‘xtatib turgan tadbirkorlar tomonidan davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovi hisoblanishi va undirilishi to‘xtatib turiladi. 

3. Soliq to‘lovchilarni qo‘llab-quvvatlash

  • Elektron hisobvaraq-fakturalardan foydalanadigan, 1 mlrd so‘mgacha aylanmaga ega xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uchun QQS har oylik to‘lovidan har choraklik to‘loviga o‘tkaziladi. Bunda ular aylanma mablag‘larini oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi (150 mlrd so‘m atrofida).
  • Foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va noturar inshootlarga nisbatan mulk va yer solig‘ining oshirilgan stavkalari qo‘llanishi, ularga penya hisoblanishi va ular bo‘yicha qarzdorlik majburiy undirilishi to‘xtatib turiladi. Ushbu chora deyarli 21 ming korxonaga nisbatan tatbiq qilinadi.
  • Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan foizsiz moliyaviy yordam ko‘rinishida olingan mablag‘lar foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan foydadan soliqqa tortilmaydi.
  • Daromad solig‘i to‘lovchilari, istisno tariqasida, o‘tgan chorak natijalariga ko‘ra uni hisoblash uchun belgilangan talab bekor qilingan holda, daromad solig‘i bo‘yicha avans to‘lovlari to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etishga haqlidir.
  • Yuridik shaxslar tomonidan gaz va elektr energiyasi uchun majburiy oldindan to‘lov 100 foizdan 30 foizgacha pasaytiriladi, bu esa aylanma mablag‘lar shakllanishini ta’minlaydi.

4. Qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqa chora-tadbirlar

2019 yil yakunlariga ko‘ra, auditorlik tekshiruvlarining muddatlari uzaytiriladi Aktivlarining balans qiymati 100 ming BHMdan ortiq bo‘lgan mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlarning har yillik auditorlik tekshiruvini joriy qilish keyingi yilga o‘tkaziladi.   

  • moliyaviy qiyinchiliklarga yuz tutgan korxonalarga nisbatan bankrotlik tartib-taomillari tashabbusi bilan chiqish va ularni bankrot deb e’lon qilishga moratoriy joriy qilinadi.
  • Benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz, shuningdek spirt va alkogolli mahsulotni iste’molchilarga sotish uchun aksiz solig‘i stavkalari oshirilmaydi.
  • eng muhim – oziq-ovqat (go‘sht, baliq, un, shakar, sut mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, tuxum, piyoz va boshqalar), shuningdek gigiyena mahsulotlarini va tovarlarni olib kelishga nolli bojxona boji va aksiz solig‘i belgilanadi.
     
Ko‘proq yangiliklar: