OTB: Pandemiya va energotashuvchilar narxining pasayishi O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishini sekinlashtiradi

O‘zbekiston 18:46 / 03.04.2020 8548

OTBning Toshkentdagi ofisidan Kun.uz`ga ma'lum qilishlaricha, muassasa O‘zbekistonda 2020 yilda yalpi ichki mahsulot 4,7 foizga o‘sishi, ya'ni oldingi yilgi 5,6 foizga nisbatan pastroq bo‘lishini prognoz qilgan.

Shu bilan birga, prognozga ko‘ra, 2021 yilda islohotlar natijasida qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmatlar sohalarida keskin o‘sish yuz beradi va bu o‘z navbatida YaIM o‘sish darajasining yana 5,8%ga ko‘tarilishiga olib keladi.

«Biz pandemiya ta'sirining to‘liq ko‘lamini hali bilmaymiz, biroq O‘zbekiston hukumati o‘zining islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashga va iqtisodiyotning tiklanishi uchun zarur bo‘lgan vaqtni qisqartirishga qaratilgan muhim choralarni ko‘rmoqda», deydi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Sindi Malvichini.

Ta'kidlanishicha, O‘zbekistonga kirib keladigan investitsiyalar 2020-2021 yillarda iqtisodiy o‘sishning asosiy omili bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

«Bu esa shahar infratuzilmasini va ishlab chiqarish obektlarini rivojlantirishga qaratilgan davlat boshchiligidagi investitsiyalarning takomillashishi natijasi bo‘ladi.

Rossiya Federatsiyasida valuta qadrsizlanishi pul o‘tkazmalariga salbiy ta'sir ko‘rsatganiga qaramay, ish haqining vaqti-vaqti bilan oshib borishi va inflatsiyaning pasayishi xususiy iste'molga ijobiy ta'sir qilishi kutilmoqda», – deyiladi OTB hisobotida.

O‘zbekiston Markaziy banki inflyatsion targetlash natijasida inflatsiya 2020 yilda 13 foizga va 2021 yilda 10 foizga pasayishini prognoz qilgan. Natijada, OTB prognozlariga ko‘ra, fiskal siyosat qat'iylashadi va siyosatga asoslangan kredit islohotlarining olib borilishi kreditlar o‘sishini ikki barobarga pasaytiradi.

«Biroq elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarining reja asosida ko‘tarilishi, shuningdek, qishloq xo‘jaligida narxlarning tartibga solinishining bekor qilinishi inflyatsion bosimlarning hosil bo‘lishiga hissa qo‘shadi.

Joriy hisobvaraq kamomadi bu yil 4,0 foizgacha va 2021 yilda 3,5 foizgacha yanada kamayishi kutilmoqda. Tabiiy gaz va mis eksporti 2020 yilda pasayishi kutilar ekan, bularning o‘rni oltin eksporti bilan qoplanadi.

Qishloq xo‘jaligida olib boriladigan tarkibiy islohotlar, xizmatlar va sanoat uchun infratuzilmaning yaxshilanishi va tabiiy gazga bo‘lgan tashqi talabning oshishi natijasida 2021 yilda eksport kengayishi lozim», – deyiladi hisobotda.

OTB O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga o‘tish islohotlarini olib borayotgani sababli inflatsiyani pasaytirishga qaratilgan sa'y-harakatlarni davom ettirish zarur, deb hisoblaydi.

Bank taklifiga ko‘ra, kredit bozorini yanada kuchaytirish, elektr energiyasi va boshqa kommunal xizmatlar narxlarining o‘zgarishi kam ta'minlanganlarga salbiy ta'sir qilmasligi uchun maqsadli kompensatsiyalar qo‘llash lozim.

Hisobotda, shuningdek, inflatsiyaning oldini olish uchun Hukumatga transport, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalarida xususiy sektorning ishtirokini rag‘batlantirish orqali raqobatni rivojlantirish va import mahsulotlari narxlarning oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bojxona rasmiylashtiruv jarayonlarini takomillashtirish kat'iy tavsiya etilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi tufayli budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 1 mlrd dollargacha miqdorda mablag‘ ajratishni so‘ragan

Ko‘proq yangiliklar: