Ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam to‘lash muddati uzaytiriladi

O‘zbekiston 19:38 / 03.04.2020 17899

Farmon bilan, aholini pandemiya xavfi yuzaga kelgan davrda kuchli ijtimoiy himoya qilish mexanizmlari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, joriy yilning mart–iyun oylarida to‘lash muddati tugaydigan bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordamlarni to‘lashni yangi muddatda davom ettirish to‘g‘risidagi ariza hamda boshqa hujjatlarni talab qilmagan holda 6 oy muddatga tanaffussiz davom ettirilishi belgilandi. Bunda o‘rnatilgan tartib, bola tegishlicha 2 yoshga va 14 yoshga to‘lgunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga amal qiladi.

Ta'kidlanishicha, ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam to‘lashni uzaytirish bilan bog‘liq xarajatlar Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironlarni bepul ta'minlash uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlarining ro‘yxati, karantin tadbirlari amal qilishi davrida, bir martalik niqoblar, antiseptik vositalar va bakteriyaga qarshi sovunlar jamlanmasi bilan to‘ldiriladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, ko‘riladigan choralar natijasida nafaqa oluvchilar soni 596 mingdan 719 ming nafargacha oshadi.

Bundan tashqari, bir qator oziq-ovqat va ayrim turdagi tibbiy-gigiyenik vositalarni import qilishda boj va aksiz solig‘ining nol qiymati o‘rnatildi.

Ko‘proq yangiliklar: