Eron o‘zini kutayotgan mavhumlikka tayyormi?

Jahon 13:00 / 03.04.2020 71010

Prinsiplarni o‘zgartirish kerak

Eron ayni damda Hasan Ruhoniy hukumati hokimiyat tepasiga kelgan paytdagidan (2013 yil) keskin farq qiladi. Ortda qolgan yillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Ruhoniy ko‘plab masalalarda «B» rejasini tuzib qo‘ymagan. Buning asosiy sababi esa uning tizim ichida harakatlar sohasini cheklovchi to‘siqlarga duch kelganidir. Ayni dam uning harakatchan prezident emasligi va Mahmud Ahmadinajotning ortidan borishi kabi kamchiliklarini bir chetga qo‘yib turish, ehtimol, to‘g‘ri bo‘lar. Ammo vaziyat shuni taqozo qilmoqdaki, Eron ko‘p sohalarda o‘z munosabat va prinsiplarini o‘zgartirishi lozim.

Qora bulutlar quyuqlashib bormoqda

Yangi turdagi koronavirus tarqalishi ufqdagi qora bulutlarni yanada quyuqlashtirib yubordi. Shubhasiz, mazkur vaziyatda sharoitga moslashuvchanlik qobiliyatiga ega bo‘lganlargina «yashab» qolishi mumkin. Chunki turli o‘lchamdagi bo‘hronlarning bir vaqtning o‘zida yuzaga kelishi hukumatlardan tezkor, ayni paytda, ortidan katta muammolar keltirib chiqarmaydigan choralar ko‘rishni talab qilmoqda.

Mamlakat va chet elda sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealar Eron kelajagi xususida bir fikr aytish imkonini bermoqda. 2009 yildagi «Yashil Harakat» va undan biroz o‘tgach, Yaqin Sharqda yuzaga kelgan o‘zgarishlar ortidan kritik jarayonga kirgan Tehron ma'muriyati hozirda o‘z qarshisidan chiqqan «dovon»ni qisqa muddat ichida bosib o‘tolmaydigandek, nazarimizda. Zotan, mamlakatdagi siyosiy tizimning tuzilishi ham ushbu jarayonni boshqarishga imkon bermaydi.

Muammo faqat sanksiyalar bilan bog‘liqmi?

2020 yilning dastlabki kunlarida Islom inqilobi muhofizlarining Al-Quds bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyning amerikalik harbiylar tomonidan o‘ldirilishi natijasida yuzaga kelgan vaziyat Eronning tartibsiz qiyofasini namoyon etdi. Davlatning ehtimoliy xatarlarni hisobga olgan holda, suiqasdga harbiy hujum bilan javob bergani tushunarli hol, albatta. Ammo bundan keyin sodir bo‘lgan voqealar rivoji tamoman izdan chiqib ketdi.

Birinchidan, Sulaymoniyning dafn marosimi vaqtida yuzaga kelgan tiqilinchlar o‘nlab odamlar hayotiga zomin bo‘ldi. Qolaversa, Eron 8 yanvar kuni AQShning Iroqdagi bazalariga raketa hujumi uyushtirish vaqtida ro‘y bergan xatolik tufayli Tehron xalqaro aeroportidan parvoz qilgan Ukraina samolyotini urib tushirdi. Natijada samolyot bortidagi 176 kishi halok bo‘ldi.

Endi esa Tehron ma'muriyatining Sovid-19 pandemiyasiga qarshi chora ko‘rishga juda kech qolgani tufayli bugun 50 mingdan ortiq kishi kasallikka chalindi, ulardan 3 ming 160 nafari vafot etdi.

Mana shunday kutilmagan voqealar sodir bo‘layotgan bir paytda Eron AQShning sanksiyalaridan muttasil ozor chekmoqda va buni o‘zi ham shikoyatomuz tarzda tez-tez ifoda etmoqda. Ayni paytda Eronning neft daromadi tezlik bilan pastga qulamoqda va tabiiyki, hukumat bundan xavotirga tusha boshladi.

Garchi, AQSh sanksiyalari farmatsevtika sanoatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir qilmasa-da, ushbu sektor ham «sanksiya rejimi»dan «bebahra» qolayotgani yo‘q: xorijiy kompaniyalar Eron bilan oldi-berdi qilishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Ammo Eronning sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolarini faqat AQSh sanksiyalari bilan izohlash to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Sog‘liqni saqlash infratuzilmasining ahvoli

Garchi sog‘liqni saqlash infratuzilmasining miqdoriy ko‘rsatkichlari mintaqadagi boshqa davlatlarga nisbatan yaxshi bo‘lsa-da, 82 million aholiga ega bo‘lgan ushbu mamlakat kishi boshiga hisoblaganda kasalxonalar va shifokorlar soni, umuman, sog‘liqni saqlash xarajatlari bo‘yicha dunyoda o‘rtacha ko‘rsatkichdan pastda turadi. Oddiy sharoitlarda 15 mingta jonlantirish bo‘limiga muhtoj bo‘lgan Eronda bu raqam 7 mingni tashkil etadi. Har ming kishiga 1,6 shifokor to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, shifoxonalarda asbob-uskunalar yetishmovchiligi, shuningdek, hududlarda shifoxonalar taqsimoti bo‘yicha nomutanosibliklar bor.

«Qarshilik iqtisodiyoti» amalda

Shunga o‘xshash vaziyat Eronning umumiy iqtisodiy tendensiyasi uchun ham xos. Davlat bugun 30 yoshgacha bo‘lgan yosh aholini ish bilan ta'minlashda bir qator qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Garchi hukumat so‘nggi 40 yil mobaynida aholi o‘sishini rag‘batlantirib kelgan bo‘lsa-da, tobora ortib borayotgan aholini ish bilan ta'minlash, uning oziq-ovqat, suv va turar-joyga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish uchun yetarli tuzilmaviy yechimlar ishlab chiqilmadi. Davlat iqtisodiy siyosatini «Qarshilik iqtisodiyoti» deb nomlayotgan Eron o‘zining mafkuraviy munosabatini prinsipial asosda davom ettirmoqda.

Tramp ma'muriyati ham Eronni shu ma'noda o‘z munosabatini o‘zgartirishga undamoqda. Davlatni iqtisodiy sohada kutayotgan eng muhim noaniqlik – bu uning ikkiyoqlama munosabatni o‘zgartirish irodasini namoyish etish-etmasligidir. Bu gap Eronning tashqi siyosatiga ham tegishli: ayniqsa, Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar Eron bilan chambarchas bog‘liq.

Mintaqaviy maqsadlar aniq emas

Eronning tashqi siyosatini, xususan, Yaqin Sharq qarashlarini belgilovchi jihatlar mamlakatning amaldagi siyosatini tushuntirishda muhim ahamiyatga ega.  Mu'tadillikni bo‘g‘uvchi bo‘rttirilgan tahdidlar, harbiy imkoniyatlarga bo‘lgan cheksiz ishonch, xalqaro maydonning tartibsiz tus olgani haqidagi fikrlar qabuli shular jumlasidandir. Shoh tomonidan o‘tgan asrning 70-yillarida Eronning mintaqaviy ta'sirini kuchaytirishga qaratilgan choralarni amalga oshirgan Eron Islom Respublikasi 1979 yildan so‘ng mintaqaviy harakatlarni shu uch asosga ko‘ra kengaytirdi. Ushbu harakatlar 2001 yilda AQShning Afg‘onistonga bostirib kirishi bilan yanada kengayib bordi va keyingi yillarda Eron mintaqada katta ta'sir doirasiga ega bo‘ldi. Biroq bu ta'sir ikki jihati bilan muammoli edi, shuning uchun ham u hanuz Eron ishini murakkablashtirmoqda.

Bunga ko‘ra, Eron mintaqada o‘z nufuzini saqlab qolish, ayniqsa, mintaqadagi vakil kuchlarni nazoratda ushlab turish uchun doimiy ravishda katta xarajatlarni o‘z zimmasiga olishga to‘g‘ri keladi. Eron rasmiylarining bir-biriga zid bayonotlariga qaramay, hozirgi iqtisodiy pasayish davrida bu jiddiy muammo tug‘dirmoqda.

Bundan tashqari, Eron ushbu ta'sirni saqlab qolish uchun global himoyaga ehtiyoj tuymoqda. Bu borada Xitoyning ko‘ngilli emasligi aniq. Rossiyaning qo‘llab-quvvatlashi esa u kutgan darajada katta emas. Eronning mintaqaviy maqsadlari aniq emasligi ham vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Bu, ayniqsa, Yaman va Suriyada yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Har taraflama siquv ostida

Livan va Iroq Eronning ta'siri nisbatan kuchli bo‘lgan davlatlardir. Ushbu ikki mamlakatda hozirgi sharoitda Eronni chetga chiqarib tashlash deyarli imkonsiz. Iroq ko‘chalarida Eronga qarshi kayfiyat tobora ortib borayotgan bo‘lsa-da, Eron bunga ahamiyat bermayapti. 2015 yil martida boshlangan va beshinchi yilini yakunlagan Yaman urushida esa Eron kamida o‘z raqibi Saudiya Arabistoni kabi muammoli vaziyatda.

Hozirga qadar Yamandagi Eron va Saudiya Arabistoni boshchiligidagi kuchlarning bema'ni urushida chorak million odam, asosan, bolalar halok bo‘ldi. Mamlakatda ochlik fojiali tus olgan. Yangi virusning tarqalishi esa inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda. Garchi xalqaro hamjamiyat o‘zini Yaman urushi haqida unutib qo‘ygandek tutayotgan bo‘lsa-da, aslida, urushda qatnashayotgan davlatlar allaqachon holdan toygan. Eron va Saudiya Arabistonining o‘zaro dushmanligi paranoyya darajasiga ko‘tarilgani mintaqada jiddiy muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Bundan tashqari, Yamanda qiyinchiliklarga duch kelgan Saudiya Arabistoni–Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) boshchiligidagi kuchlar Suriyada Eronni siquv ostiga olmoqda. Eronning Suriya maslasida Turkiya va ma'lum ma'noda Rossiya bilan birlik yo‘qotganini ham hisobga olsak, uning ahvoli anchagina og‘irligi oydinlashadi.

Eron oldidagi yana bir noaniqlik

Uzoq vaqt davomida BAAni boshqargan Abu-Dabi valiahd shahzodasi Muhammad ibn Zaydning 27 mart juma kuni Bashar Asadga qo‘ng‘iroq qilgani, yangi turdagi koronavirus tarqalishi munosabati bilan birdamlik xabarini bergani juda muhim ahamiyatga ega. Bu 2018 yil dekabr oyida Damashq elchixonasini rasmiy ravishda ochgan BAAning Asad bilan yaqinlashuviga doir eng so‘nggi ma'lumotdir.

Ma'lumki, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon ham shunga o‘xshash munosabatda bo‘lgan va yana Asadni o‘ziga mofil qilmoqchi bo‘layotgani ayon. Har ikki mamlakatning Asaddan kutgan umumiy maqsadi uning Erondan uzoq turishidir.

Zayd Asadga qo‘ng‘iroq qilishidan bir necha kun oldin, 21-22 mart kunlari BAA armiyasi va amerikalik 4 ming askar Sovid-19 epidemiyasiga qaramay, BAAning «Al-Hamra» lagerida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazishdi. Shu asno ko‘rfazda harorat ortayotgan bir paytda Eronning Suriyadagi pozitsiyasi o‘zgarmay qolishi mumkin emas. Qolaversa, Turkiya va Rossiya orasida 5 mart kuni Moskvada erishilgan kelishuvga Eron hukumati rozi emas. Yangilangan sulh holatini bekor qilish uchun uyushtiriladigan provokatsiyaga Eronning bevosita aloqador bo‘lishi kutilmasa-da, uning bilvosita harakat qilishi ajablanarli hol emas.

Qisqacha qilib aytganda, Suriyadagi o‘z maqsadlarini yangilash jarayoni Eron oldida turgan yana bir noaniqlikdir.

Hammasini vaqt ko‘rsatadi

Sobiq przidentlardan biri Hashimi Rafsanjani yangi konstitutsiya zarurligi haqida gap ochar ekan, yuqorida bayon etilgan ko‘plab jihatlarga ishora qilgandi. Biroq hatto yangi konstitutsiya ham Eronda muhim paradigmaviy o‘zgarishlarga olib kelmaydi. Shuni ham unutmaslik kerakki, zamonaviy Eron tarixida siyosiy tizimlar tabiiy yo‘nalishda rivojlanib borgan diagrammaning o‘zi yo‘q.

Eron Islom Respublikasini kutayotgan bu noaniqliklar ehtimol kelgusida yangi sahifa ochilishini ta'minlar? Ehtimol, Eron ehtiyoj tuyayotgan asosiy narsa moslashuvchanlikdir? Albatta, bu kabi savollarga vaqt javob beradi.

Otabek Tillayev tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: