Bemorlar soni karantinga olinganlar hisobiga ortmoqda - Otabekov

O‘zbekiston 13:11 / 03.04.2020 35663

Bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov nega karantin cheklovlari kuchaytirilayotganiga qaramay mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlar soni oshayotgani to‘g‘risidagi savolga javob qaytardi.

«Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirus kasalligiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganlar, epidemik  noxush hududdan olib kelingan fuqarolar, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlari, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari ham karantinda bo‘lib turishibdi», deya ma'lumot berdi Nurmat Otabekov.

U karantindan asosiy maqsad ham xavf osti guruhiga mansub aholidan kasallik borlarini erta aniqlab olish va kasallik tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik hisoblanishini qayd etib o‘tgan.

«Profilaktik tibbiyotda karantin tadbirlari  kasallik o‘chog‘ini aniqlash, jilovlash va bartaraf etish uchun qo‘llanadi. Shuning uchun ham karantinga olinganlar orasidan kasallik chiqish ehtimoli bo‘lgan va biz bunga tayyor edik», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

  • Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda karantinga olinganlarning 23 mingdan ortig‘i statsionar karantinda, 77 mingdan ortig‘i uy sharoitida karantin davrini o‘tamoqda. Mamlakatda 29 mingdan ortiq kishi koronavirusni aniqlash uchun tekshirilgan. Ayni vaqtga kelib 26 mingdan ortiq kishi karantindan chiqarilgan.
  • 2-3 aprel kunlari O‘zbekistonda yana 40 kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi va jami holatlar soni 221taga yetdi. Ayni vaqtgacha bemorlarning 25 nafari tuzalgan, 2 kishi vafot etgan. Bemorlarning 8 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.
Ko‘proq yangiliklar: