Angrenda «Avto-Ideal-Xizmati» MChJ 1283 kishini chuv tushirgani ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston 10:47 / 03.04.2020 51503

2019 yilning oktabr oyida «UzAuto Motors» AJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtomashinalarni yetkazib berishni va'da qilib, jami 18 mingdan ortiq kishidan avtomashina rusumiga qarab, 1 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorda pul olib, jami 57 mlrd so‘m mablag‘ni qo‘lga kiritgan «Avto oltmish oy» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Bu voqea turli ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi.

Aynan shu vaqtda, Toshkent viloyatining Angren shahrida «Avto oltmish oy» MChJning ish uslubi bilan deyarli bir xil bo‘lgan «Avto-Ideal-Xizmati» MChJ o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, juda qisqa davr – 5 oy ichida 1506 nafar mijozning ishonchiga kirib, ularning 1283 nafarini chuv tushurishga ulgurgan.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Angren shahar bo‘limi tomonidan «Avto-Ideal-Xizmati» mas'uliyati cheklangan jamiyati faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, jamiyat rahbari K.R. va sobiq rahbari U.N. 2019 yilning oktyabridan 2020 yil mart oyiga qadar, Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 16 foizni tashkil qilib turgan bir paytda, yillik 5 foiz ustama haq evaziga, boshlang‘ich badal sifatida avtomobilning 20-30 foizi miqdorida oldindan to‘lov qilish sharti bilan jami 1506 nafar yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar imzolagan.

Mazkur shartnomalarga asosan 1506 nafar mijozlarning barchasi o‘zlari tanlagan avtomashina qiymatining 20-30 foizini oldindan to‘lov sifatida jamiyat hisob raqamiga to‘lashgagan (mavjud ma'lumotlarga ko‘ra bu summa 36 mlrd so‘mdan ko‘proqni tashkil etgan).

Jamiyat mansabdor shaxslari o‘z mansab vakolatlaridan qasddan foydalanib, ushbu kelib tushgan pul mablag‘lari hisobidan 228 nafar mijozga 23 mlrd so‘mdan oshiq qiymatdagi avtomashinalarni yetkazib bergan. Qolgan 1283 nafar mijozga ular to‘lagan pul mablag‘lari evaziga avtomashinalar yetkazib berilmagan yoki to‘langan pul mablag‘lari egalariga qaytarilmagan. Buning oqibatida fuqarolarning huquq va manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetgan.

Shunga ko‘ra, departamentning Angren shahar bo‘limi tomonidan «Avto-Ideal-Xizmati» mas'uliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslariga nisbatan joriy yiling 17 mart kuni Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi ikkinchi qismi «a» band bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma'lumot uchun: Jinoyat kodeksi 192-11-modda ikkinchi qismi «a» bandi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilish);

Mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish, ya'ni nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkiloti mansabdor shaxsining o‘z mansab vakolatlaridan qasddan foydalanishi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov haraktalari Angren shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda. Tergov jarayonida fuqarolarga yetkazilgan zararni to‘liq undirish choralari ko‘rilishi ma'lum qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: