Xitoyda it va mushuklarni yeyish taqiqlandi 

Jahon 19:55 / 02.04.2020 28238

Fevral oyida Xitoy hukumati COVID-19 xastaligini keltirib chiqaruvchi koronavirus epidemiyasining oldini olish maqsadida, yovvoyi hayvonlar go‘shtini sotish va yeyishni taqiqlagan edi. 

Endi esa Shenchjen shahrida uy hayvonlari bo‘lmish it va mushuklarni yeyish ham taqiqlandi. Bu haqdagi qaror 1 maydan kuchga kiradi. Shenchjen bunday taqiqni joriy qilgan Xitoydagi ilk shahar bo‘ldi.

Qayd qilish joizki, it va mushuklar go‘shti Xitoyning barcha hududlarida iste'mol qilinmaydi. Ko‘pchilik xitoyliklar hech qachon it go‘shtini yemagan va uni tatib ko‘rishga intilmagan.

Xitoylik olimlar o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, mushuklarga koronavirus yuqishi mumkin. Ammo virusning mushukdan odamga yuqishi haqida tasdiqlangan ma'lumotlar yo‘q. 

Olimlarning aniqlashicha, virus havo-tomchi yo‘li orqali mushukdan mushukka yuqadi. Biroq, itlar, tovuqlar, cho‘chqa va o‘rdaklar orasida bunday holat kuzatilmagan.

Tadqiqot davomida beshta mushukka burun bo‘shlig‘idan koronavirus kiritilgan. 6 kundan keyin ularda virus borligi aniqlangan. Shundan so‘ng, kasal mushuklar sog‘lom mushuklar yoniga qo‘yilgan. Biroz vaqt o‘tgach, ularda ham virus borligi aniqlangan. Qayd qilinishicha, zararlangan mushuklarning barchasida virusga qarshi antitana paydo bo‘lgan.

Avvalroq, Belgiyada uy mushugi koronavirusni yuqtirib olgani ma'lum bo‘lgan edi. Uning egasida COVID-19 alomatlari aniqlanganidan so‘ng, 1 hafta o‘tgach, mushukda ham nafas olish qiyinlashishi, qusish va ich ketishi kuzatilgan. Uning tahlillari esa koronavirus yuqtirib olganini tasdiqlagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: