Xayriyalarni markazlashtirish kasallik alomati bor shaxslar xonadonlarga kirib qolishini cheklaydi - vazirlik

Jamiyat 12:08 / 02.04.2020 3334

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova AOKAda o‘tkazilgan brifing chog‘ida ayrim xonadonlarga ustma-ust yordam berilgani holda, ayrim xonadonlar e'tibordan chetda qolayotgani haqida ham vazirlikka 200ga yaqin norozilik murojaatlari yuborilganini ta'kidladi.

«O‘rganishlar natijasida ba'zi oilalar haftasiga 4 martalab moddiy yordam olganda ba'zilari 1 oy davomida bir marta ham ko‘mak olmaganini o‘rgandik va bu holatlar tahlil qilindi», deya qayd etdi vazir o‘rinbosari.

Elmira Bositxonova kabi murojaatlar inobatga olingan holda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashabbusi bilan Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari  tashkil qilinganini aytib o‘tdi.

«Xayriyalarni markazlashtirish orqali karantin davrida muloqotlar maksimal darajada cheklanadi va o‘zida kasallik belgisi mavjud biror shaxsning xonadonlarga kirib borishining oldi olinadi. Bundan tashqari, bu yo‘l bilan xayriyalar shaffofligi ham ta'minlanadi.

Tadbirkorlarga hech qanday qarshiligimiz yo‘q, ularning homiylik xatti-harakatlarini to‘la quvvatlaymiz. Ammo ko‘rsatilayotgan yordamlar mahallalar bilan kelishgan holda tibbiy ko‘rik va sanitariya talablariga muvofiq oilalarga olib kirilishi zarur», deya Elmira Bositxonovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, «O‘zekspomarkaz»da alohida xayriya markazi ish boshladi. Kechaning o‘zidayoq markazda 5 tonna yog‘, 10 tonna piyoz, 5 tonna guruch, 2 turdagi jami 20 tonna makaron, 10 tonnadan ortiq kartoshka, 5 tonna shakar, 10 ming dona niqob, 20 ming dona qo‘lqop, 5 ming dona bir martalik kombinezon to‘plangan.

Bugun Toshkent shahrida 350ta xonadonga 8 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etiladi.

«Yetkazib berish uchun Toshkent shahrining  har bir tumaniga 2tadan «Damas» avtomashinasi ajratildi.

Bu transportlar har bir mahallaga kirib chiqqandan so‘ng to‘liq sanitar ishlovdan o‘tkaziladi. Ko‘ngillilarimiz mahalla raisi hamrohligida yordamlarni oilalarga yetkazadi. Bu ishlar masofa saqlagan holda va karantin talablariga to‘liq rioya qilingan holda bajariladi», deya ma'lumot berdi Elmira Bositxonova. 

Ko‘proq yangiliklar: