Transport harakati cheklanishi Toshkentda havo ifloslanishini sezilarli darajada kamaytiradi

O‘zbekiston 18:59 / 02.04.2020 14049

Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi telegram kanalida yozilishicha, fuqarolar karantin davrida uyda qolayotgani shaxsiy avtotransport vositalaridan chiqadigan tashlanmalarning sezilarli darajada kamayishiga olib keladi.

«2020 yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida umumiy 460 mingdan ortiq transport vositalari ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, shundan 396 mingi yoki 86 foizi xususiy sektorlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu transportlardan bir yilda o‘rtacha 400 ming tonna tashlanmalar atmosfera havosiga tashlanadi.

Joriy etilgan karantin davrida 10 ming yaqin transport vositalari harakatlanishiga ruxsat berilib, qolgan 450 mingga yaqini harakati vaqtinchalik to‘xtalishi natijasida tabiiy ravishda bir oyning o‘zida atmosferaga 32,5 ming tonnadan ortiq zararli gazlar tashlanishining oldi olinadi.

Bu bilan, fuqarolarimiz karantin davrida nafaqat o‘z sog‘liqlariga e'tiborsiz bo‘lishmaydi, balki atrof muhit musaffoligini ta'minlashga ham o‘z hissalarini qo‘shgan bo‘lishadi», deyiladi xabarda.

Boshqarma so‘nggi soatlarga qadar aholidan maxsus ruxsatnoma olish bo‘yicha qilingan murojaatlar bo‘yicha raqamlarni ham keltirgan. Ma'lum qilinishicha, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga 98 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan.  

Belgilangan talablarga javob berish yoki bermasligiga qarab 6265 talabgorga ijobiy, 6324 nafariga rad xulosalari berilgan. 

Toshkent shahri Davlat xizmatlari markazlariga esa bevosita 20 mingdan ortiq fuqarolar tashrifi kuzatilgan. 

«Vaqtinchalik hukmron bo‘lib turgan sinovli davrlarda avtotransport vositalaridan foydalanishni vaqtinchalik cheklab, uning o‘rniga zarurat bo‘lgandagina velosipedda yoki piyoda harakatlanadigan bo‘lsak, nafaqat o‘rnatilgan qoidalarga amal qilgan, balki o‘z sog‘lig‘imiz hamda kelajagimiz davomchilari bo‘lgan yosh avlod sog‘lig‘i haqida ham qayg‘urgan bo‘lamiz», deyiladi xabar yakunida.

Ko‘proq yangiliklar: