Putin Rossiyada karantin qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik haqidagi qonunni imzoladi

Jahon 00:28 / 02.04.2020 12793

Rossiya prezidenti Vladimir Putin koronavirus pandemiyasi sharoitida maxsus choralarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Qonun huquqiy axborot rasmiy portalida e'lon qilingan.

Ommaviy zararlanishga sabab bo‘lgan sanitariya-epidemiologiya qoidalarini buzish yoki uning uchun ehtimolli sharoitlar yaratish ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash, majburiy axloq tuzatish ishlari yoki 500 mingdan 700 ming rublgacha jarima bilan jazolanishi mumkin.

Karantinni o‘zboshimchalik bilan buzish bir kishining o‘limiga sabab bo‘lsa, uch yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish yoki 1 milliondan 2 million rublgacha jarima bilan jazolanadi.

Sanitariya-epidemologiya qoidalarini nazar-pisand etmasligi oqibatida ikki va undan ortiq insonlarning o‘limiga sababchi bo‘lgan qoidabuzarlar 5-7 yil ozodlikdan mahrum etilishi yoki 4-5 yil muddatga majburiy mehnat bilan jazolanishi mumkin.

Putin shuningdek, koronavirus to‘g‘risida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlarni tarqatganlik uchun ham jazo choralarini ma'qulladi. Salomatlikka ziyon yetkazuvchi bunday axborotni e'lon qilish 700 mingdan 1 million rublgacha jarima yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Agar yolg‘on ma'lumotlarni tarqatish inson o‘limiga yoki og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, u 1,5–2 million rubl jarimaga yoki 5 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Avvalroq Putin karantinga rioya etmaslik va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlarni tarqatganlik uchun ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunni imzolagan.

RF Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlar kasallikning tarqalish tahdidiga olib kelgan sanitariya-epidemiologiya choralarini buzganlik uchun joriy etilgan.

Fuqarolar uchun jarima miqdori 15 ming rubldan 40 ming rublgacha; mansabdor shaxslar uchun 50 ming rubldan 150 ming rublgacha yoki faoliyatni uch oygacha to‘xtatib qo‘yish bilan jazolanadi. Tashkilotlar uchun maksimal sanksiya — 500 ming rubl.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 mart kuni O‘zbekistonning Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonunni imzolagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: