O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarning yana 13 nafari tuzaldi

O‘zbekiston 17:20 / 02.04.2020 128967

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan bemorlarning yana 13 nafari butunlay sog‘aygani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, bugun koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning 12 nafari Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan, 1 nafari esa Xorazm viloyatidagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonadan sog‘ayib chiqishgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmanov va boshqa mas'ullar Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatishdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Koronavirus infeksiyasi xastaligidan tuzalgan fuqarolarning 1 nafari joriy yil 13 mart kuni Istanbul – Toshkent yo‘nalishidagi reysda, yana 1 nafari esa shu yil 18 mart kuni Moskva – Toshkent yo‘nalishidagi reys bilan mamlakatiga kelgan. Qolgan 11 nafar kishi esa koronivirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar bilan muloqotda bo‘lishgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Endilikda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan jami sog‘ayganlar soni 25 nafarga yetdi.

«Ushbu quvonchli voqea zamirida fidoyi va malakali tibbiyot xodimlarining ulkan hissasi bor. Koronavirus infeksiyasining dunyo bo‘ylab shiddat bilan tarqalayotgan bir paytda, yurtimiz shifokorlari sarosimiga tushmasdan, o‘z qasamyodlariga sodiq holda pandemiya bilan kurashishdek katta mas'uliyatni zimmalariga olishdi. Bor bilim va tajribasini ishga solgan holda qahramonlarcha koronavirus balosiga qarshi kurashishga kirishdilar va samarali natijalarga ham erishmoqdalar», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: