Koronavirus: Dunyoda zararlanish holatlari milliondan oshdi, Yevropada minglab o‘limlar

Jahon 23:30 / 02.04.2020 61614

Buyuk Britaniya jamoat sog‘ligi va ijtimoiy muhofazasi departamenti ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi ikki kunda mamlakatda 1130 kishi Covid-19 qurboni bo‘ldi. Bu o‘lim holatlari bo‘yicha rekord ko‘rsatkichdir.

2 aprel kuni mamlakatda yana 569 bemor vafot etdi va epidemiya boshlanganidan buyon berilgan jami qurbonlar soni 2921 kishiga yetdi.

Ayni vaqtgacha Britaniyada koronavirusni aniqlash bo‘yicha test 163 194 kishida o‘tkazilgan, ulardan 33 718 nafarida Covid-19’dan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Buyuk Britaniya bosh vazirir Boris Jonson test qilish ko‘lamini kengaytirishni va'da qilgan, zararlanish belgilari bo‘lmagan fuqarolar ham tekshiriladi.

Uning hukumatini tashxis qo‘yish moslamalari boshqa davlatlardagiga qaraganda kamligi uchun tanqid qilib kelishmoqda.

Ayni vaqtda butun mamlakatdagi 500 mingdan ortiq tibbiy xodimlardan 2 mingga yaqinigina Covid-19’ni aniqlash bo‘yicha test qilingan.

Britaniyaning British Airways aviakompaniyasi 36 ming xodimini ishdan bo‘shatish zarurati haqida e'lon qilgan. Bu kompaniya personalining 80 foizi demakdir.

Aviakompaniya bayonotida bu ishdan bo‘shatish emasligi, vaqtincha qisqartirishga tushganlarning barchasi har oyda qisqartirilgan hajmda maosh olishda davom etishi qayd etilgan.

Britaniya hukumati banklardan bankrotlik yoqasida qolgan biznes vakillariga yordam ko‘rsatishni so‘ragan.

Buyuk Britaniya Biznes, energetika va sanoat strategiyasi vaziri Alok Sharma bunday og‘ir vaziyatda banklar harakatsiz turmasligi kerakligini aytib o‘tgan.

Bundan tashqari, Britaniya Moliyaviy boshqaruv organi (FCA) banklarni kreditlar bo‘yicha foizlarni undirishni vaqtincha to‘xtatishga chaqirgan.

So‘nggi kunlardagi qayg‘uli statistika AQShda vaziyatni og‘irlashtirmoqda, mamlakatda virusdan zararlanish bilan bog‘liq 235 281 holat qayd etilgan, so‘nggi bir kunda virus 884 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, AQShda jami qurbonlar soni 5,7 mingdan oshdi.

Hukumat individual himoya vositalarini katta miqdorda sotib olishni boshladi, mamlakatdagi zaxiralar tugagan.

Mamlakatda ishsizlik darajasi yangi rekordlarni qayd etmoqda. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, ishsizlik nafaqasi olish bo‘yicha murojaat qilgan amerikaliklar soni 6,6 milliondan oshadi.

Yevropa: bir kunda minglab o‘lim holatlari

Foto: Reuters

Yevropaning bir qancha davlatlarida vaziyat haddan tashqari og‘irligicha qolmoqda.

Italiya va Ispaniyada so‘nggi bir kunda yana yuzlab kishilar halok bo‘ldi - mos ravishda 760 va 709tadan o‘lim holati. Endilikda Ispaniyada ham o‘lim holatlari 10 mingdan oshdi (jami zararlanish holatlari 110 mingdan oshiq). Italiyada esa jami qurbonlar soni 14 mingga yaqinlashgan (jami zararlanish holatlari 115 mingdan oshiq).

Italiya hukumati mamlakat virus tarqalishi cho‘qqisini bosib o‘tganiga umid qilmoqda, ammo xavf haliyam mavjud - mamlakatning nisbatan qashshoq bo‘lgan janubiy hududlarida sog‘liqni saqlash tizimi ahvoli ham yaxshi emas. Iqtisodiyot vaziri Roberto Gualteri Il Fatto Quotidiano nashriga bergan intervyusida bu yilda YaIM hajmi 6 foizga pasayishini yaxshi natija deb hisoblashini aytgan.

Fransiya poytaxtida shifoxonalarda joy qolmagani tufayli bemorlarni tez yurar poyezdlarda Parijdan boshqa hududlarga olib ketishmoqda. Ispaniya ham shu kabi choralar ko‘rishni rejalashtirmoqda.

Fransiyada 2 aprel holatiga ko‘ra virusdan zararlanish holatlari 60 mingga yaqinlashgan, shundan 4503 bemor vafot etgan.

Germaniyada koronavirus tarqalishiga qarshi joriy qilingan choralar 19 aprelga qadar uzaytirildi. Kansler Angela Merkel bu haqda qaror qabul qilishdan oldin federal yerlar rahbarlari bilan konferens-aloqa orqali muloqot qilgan.

Mamlakatda maktablar, do‘konlar, restoranlar, bolalar maydonlari, sport maydonlari yopilgan, ko‘plab kompaniyalar faoliyatini to‘xtatgan, ammo zararlanish holatlari o‘sishda davom etmoqda.

Merkel karantin qoidalariga amal qilayotgan fuqarolarga minnatdorchilik bildirgan va pasxa bayrami vaqtida ham safarga chiqmaslikni so‘ragan. «Pandemiya bayramlarga qarab o‘tirmaydi», degan u.

Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, YeI iqtisodiyoti 5,4 foizga pasayishi mumkin. 

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Germaniyada virusdan zararlanish holatlari 84,6 mingdan oshgan, 1097 o‘lim holati qayd etilgan.

Rossiyadagi vaziyat

2 aprel kuni Rossiyada yana 771 kishida Covid-19 aniqlandi, shundan 595 holat mamlakat poytaxtida qayd etilgan.

Moskvada bir kunda ushbu virusdan zararlangan bemorlardan 6 nafari olamdan o‘tdi va jami o‘lim holatlari soni 30taga yetdi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiyada ayni vaqtga kelib 3 548 kishida virus tasdiqlangan. Epidemiya o‘nlab regionlarni qamrab olgan.

Rossiya hukumati Vladivostokdagi portga kiritmagan «Kosta neoromantika» kruiz layneri Janubiy Koreya qirg‘oqlari tomon yo‘l olgan.

Layner Rossiyada yoqilg‘i, suv va oziq-ovqat mahsulotlari g‘amlab olmoqchi bo‘lgandi. Ammo  Rospotrebnadzor ekipaj a'zolaridan 418 nafari Osiyo mamlakatlariga mansubligi tufayli laynerni portga kiritishga rozi bo‘lmagan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, layner bortida sayohatchi yo‘lovchilar bo‘lmagan.

Dunyoda yana nimalar bo‘lmoqda?

Foto: EPA/Vostock-photo

Belarusda prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat nazoratdan chiqib ketgani haqida yozgan vitebsklik shifokorni chaqirtirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muassasada unga xushmuomala munosabatda bo‘lishgan, ammo u bilan suhbat videoga yozib olingan va o‘z harakati uchun xat ko‘rinishida izoh berish so‘ralgan.

Bir hafta muqaddam mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko KGBga koronavirus bilan bog‘liq «vahima uyg‘otuvchi xabarlar» manbalarini topishni buyurgan, «feyk tarqatuvchilar bilan shug‘ullanish payti kelgani»ni ta'kidlagandi.

Ayni vaqtda Belarusda koronavirusdan zararlanishning 304 holati tasdiqlangan (so‘nggi bir kunda 124 kishida virus tasdiqlandi), bir kishi olamdan o‘tgan. Ammo mamlakatda karantin choralari joriy etilmadi.

Xitoyning Shenchjen shahrida it va mushuk go‘shtini iste'mol qilish taqiqlandi. Bu taqiq 1 maydan amalda bo‘ladi.

Ekspertlar koronavirus butun dunyo bo‘ylab tarqalishiga Xitoyda yovvoyi jonivorlar go‘shti iste'mol qilib kelingani bilan bog‘liq deb hisoblashadi.

Pandemiya boshlanganidan buyon Xitoy hukumati bunday go‘shtni iste'mol qilishni taqiqlamagandi, bunday choralar faqat ekzotik jonivorlarga taalluqli edi.

Qator huquq tashkilotlari ma'lumotlariga ko‘ra, Osiyo mamlakatlarida har yili 30 millionga yaqin it so‘yilib, iste'mol qilinadi.

Eronda virus qurbonlari soni 3 mingdan oshib ketgan, so‘nggi bir kunda yana 124 kishi vafot etdi. Epidemiya boshlanganidan buyon mamlakatda Covid-19 bilan bog‘liq 50 mingdan ortiq holat qayd etilgan. Ekspertlarning hisoblashicha, haqiqiy raqamlar ko‘proq bo‘lishi ham mumkin.

Braziliyada aborigenlar orasida ilk zararlanish holati qayd etildi. Kokama qabilasidan bo‘lgan 19 yoshli qiz Covid-19 yuqtirib olgan. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri pandemiya chekka hududlarda yashovchi va tibbiy yordam yetib borishi qiyin bo‘lgan aborigenlarga jiddiy zarba berishidan xavotirlarini bildirgan.

Salvadorda koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi. Mamlakat prezidenti Nayib Bukelening ma'lum qilishicha, yaqinda AQShdan qaytgan 60 yoshli ayol olamdan o‘tgan. Bukele Lotin Amerikasi davlatlari orasida qat'iy karantin joriy qilgan va chegaralarni yopgan ilk yetakchilardan bo‘ldi.

Kubada koronavirus tarqalishi oldini olish uchun har yilgi 1 may bayrami bekor qilindi. Bu kun ushbu kommunistik davlatning siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega kun edi.

Prezident Migel Dias-Kanel tashkilotchilarga muqobil variantlar haqida o‘ylab ko‘rishni taklif etgan. Masalan, uylarda mamlakat bayroqlarini ilib qo‘yish yoki virtual parad o‘tkazish.

Mamlakatda 233 kishida koronavirusdan zararlanish holati tasdiqlangan, olti kishi vafot etgan.

Koronavirussiz hayot

Dunyoda Covid-19 pandemiyasi tarqalishi bo‘yicha vaziyatni o‘rganuvchi Jons Hopkins universiteti hali koronavirusdan zararlanish holatlari qayd etilmagan hududlar ro‘yxatini tuzib chiqqan.

Ro‘yxatda 41 nom keltirilgan - Afrikaning  Lesoto davlatidan Okeaniyadagi Mikroneziyagacha.

Ro‘yxatda Antarktida, Folklend orollari, Tonga, Kuka oroli, Nauru, Malavi, Shimoliy Koreya, Turkmaniston, Tojikiston, Yaman va boshqa nomlarni ko‘rish mumkin.

To‘g‘ri, ekspertlarning hisoblashicha, bu davlatlarning ayrimlarida avtoritar boshqaruv tufayli kasallanganlar haqida statistik ma'lumotlar mavjud emas.

Ko‘proq yangiliklar: