Chexiyada vazirlar niqoblarsiz brifing o‘tkazgani uchun jarimaga tortildi

Jahon 08:26 / 02.04.2020 4094

Bu haqda “qoidabuzarlar”dan biri, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari va ichki ishlar vaziri Yan Gamachek ma'lum qildi.   

Chexiya hukumati tomonidan koronavirus pandemiyasi ortida e'lon qilingan karantin doirasida barcha fuqarolar uydan tashqarida yuzda himoya niqoblari bilan yurishlari kerak, aks holda politsiya bu talabni bajarmaganlik uchun 10 ming kronagacha jarima solishi mumkin.

Vazirlar bilan brifingda ishtirok etgan jurnalistlardan biri ulardan nima uchun niqobda emasliklarini so‘ragan.

“O‘zimni oqlamayman, bu xato edi, qoidalar hamma uchun amal qiladi. Shu sababli men 10 ming kronani Motol shifoxonasiga hadya sifatida yubordim”, deb yozgan Gamachek tvitterda. 

O‘z navbatida brifingning yana bir ishtirokchisi – Chexiya mehnat vaziri Yana Malachova o‘zi va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘lgan turmush o‘rtog‘i uchun uzr so‘rashini va “Hayot-90” jamoatchilik tashkilotiga 20 ming krona o‘tkazib berganini ma'lum qilgan. 

Chexiyada 12 mart kunidan koronavirusga chalinganlar soni ortayotgani sababli favqulodda vaziyat amal qilmoqda. 1 aprelda hukumat uni 11 maygacha uzaytirmoqchiligini ma'lum qilgan. Bu masala bo‘yicha yakuniy qarorni 7 aprelda parlament chiqarishi kerak. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Chexiyada ayni vaqtda koronavirusga chalinganlar soni 3589 nafarni, vafot etganlar 39 nafarni tashkil qilmoqda.  

Ko‘proq yangiliklar: