Yana 10 bemorga javob berilishi kutilmoqda

Jamiyat 20:28 / 01.04.2020 25642

Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori Muhayyo Asilova shifokorlar koronavirus infeksiyasiga qarshi qanday kurash olib borayotgani, infeksiyaga chalingan bemorlarga qanday davolash muolajalari ko‘rsatilayotgani, ayni paytda bemorlarning ahvoli haqida ma'lumot bergan.

«Butun bilimimizni, kuchimizni, mehrimizni berib bemorlarga qarayapmiz. Xudoga shukr ijobiy natijalar olyapmiz.

Charchayapmiz. Erta-yu kech ishlashga to‘g‘ri kelmoqda. Lekin ular tuzalganini ko‘rib judayam xursand bo‘lyapmiz. Avvalroq 8 kishi ketgandi, bugun yana 4 kishiga javob berildi. Shu kunlarda yana 10-11 kishini kuzatishni rejalashtiryapmiz. Chunki ularda klinik belgilar yo‘q desa ham bo‘ladi. Ular yana tekshiriladi va kasallik chiqmasa, ular ketishi mumkin.

Jamoamiz o‘z ishiga vijdonan yondashib, ahil bo‘lib kasallikka qarshi kurashyapti. Hukumatimizga, prezidentimizga rahmat, bizga shunchalik e'tibor berilyapti, xodimlarga rag‘batlantirish berilyapti, dori-darmonlar, kiyim-kechaklar yetkazib berildi.

Shu bilan birgalikda, boshqa xodimlarga ham rahmat aytamiz. Oziq-ovqatdan tortib boshqa qo‘ldan kelgan yordamlarini berishyapti.

Bu sinov o‘tib ketadi. Xudo xohlasa, bularning hammasini yengamiz. Yurtimizda yana tinch, omon kunlar bo‘ladi, shifokorlarning ham bemorlar oldida, xalqimiz oldida yuzi yorug‘ bo‘ladi. Shunga astoydil harakat qilamiz», degan Muhayyo Asilova Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi tomonidan uyushtirilgan videomuloqotda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 15 mart kuni koronavirusdan zararlangan ilk bemor qayd etilgandi. 1 aprel holatiga ko‘ra mamlakatda virusdan zararlanish holatlari 173taga yetgan, bemorlarning 12 nafari sog‘aygan va 2 nafari vafot etgan.

Ko‘proq yangiliklar: