«Xodimlar ko‘chada yurganlarni to‘xtatib, ko‘chaga chiqish sababini so‘rashga haqli» - IIV

O‘zbekiston 14:40 / 01.04.2020 27041

Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov karantin qoidalarini buzganlik holatlari bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Shu kungacha karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq jami 17 668ta holat aniqlangan, bir sutka davomida 2700 ta. Undan tashqari 4 nafar qoidabuzarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ma'muriy javobgarlikka tortilganlardan 17 109 nafari tibbiy niqob taqmasdan yurgan fuqarolarni tashkil qilgan. 149ta holatda vaqtincha to‘xtatilgan savdo va ko‘ngilochar maskanlarni ishini davom ettirganlarga nisbatan, 314tasi karantinga olingan fuqarolar karantin hududini tashlab ketgan.

Eslatib o‘taman, karantin hududi bu shifoxona va sizning uyingiz hisoblanadi. 23ta holatda fuqarolarimiz to‘y marosimlarini yoki boshqa taqiqlangan yig‘inlarni o‘tkazganliklari uchun javobgarlikka tortilgan», deydi Shohrux G‘iyosov AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda.

Vazirlik rasmiysi yana bir bor zarurat bo‘lmaganda fuqarolarni ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya etdi. Uning ta'kidlashicha, Toshkent shahar, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida faoliyat olib borayotgan patrul xizmatlari ko‘chada yurganlarni to‘xtatib, ko‘chaga chiqish sababini so‘rashga haqli.

«Agar sababsiz yurgani aniqlansa, ular fuqarolarga ogohlantirish berib uyiga qaytarib yuboradilar», deydi u.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati karantin vaqtida sodir etilgan qoidabuzarliklar statistikasini e'lon qilgan:

  • Toshkent shahri – 3 093ta;
  • Farg‘ona viloyati – 2 179ta;
  • Toshkent viloyati – 1 809ta;
  • Samarqand viloyati – 1 767ta;
  • Jizzax viloyati – 1 350ta;
  • Namangan viloyati – 1 327ta;
  • Surxondaryo viloyati – 1 127ta;
  • Andijon viloyati – 1 065ta;
  • Qashqadaryo viloyati – 1 005ta;
  • Buxoro viloyati – 792ta;
  • Sirdaryo viloyati – 742ta;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 629ta;
  • Xorazm viloyati – 526ta;
  • Navoiy viloyati – 257ta holat.
Ko‘proq yangiliklar: