O‘zFA koronavirusga qarshi preparat «kashf etgani»ni aytgan dorishunos haqidagi xabarga munosabat bildirdi

Jamiyat 21:24 / 01.04.2020 72260

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Kun.uz saytida e'lon qilingan, O‘zbekistonda yaratilgan preparat koronavirusni to‘xtatishi mumkinligi haqida aytilgan maqolaga munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, Rahima Ochilova tomonidan ixtiro qilingani aytilgan «Quvatin» va «Noglyukin» biofaol qo‘shimchalari texnologiyasi aslida O‘simlik moddalari kimyosi institutida ishlab chiqilgan va hech qachon ularning virusga qarshi ta'siri tekshirilmagan.

«2020 yil 1 aprel kuni Kun.uz saytida «O‘zbekistonda yaratilgan preparat koronavirusni to‘xtatishi ehtimoli mavjud – Fanlar akademiyasi tadqiqotchisi» sarlavhali maqola nashr etildi.

Maqola muallifi Naima Aliqulova hozirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida mustaqil-izlanuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Uning asosiy ish joyi Islom akademiyasi akademik litseyi hisoblanadi. Rahima Ochilova Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi institutida 2004-2006 yillarda laborant bo‘lib ishlagan.

Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi instituti ma'lumotiga ko‘ra, maqolada keltirilgan «Quvatin» va «Noglyukin» biofaol moddalarining ipak qurti pillasidan ajratib olish texnologiyasi institut xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu biofaol qo‘shimchalar sport tibbiyoti uchun mo‘ljallangan va hech qachon ularning virusga qarshi ta'siri tekshirilmagan.

Shuningdek, «Siritsin» preparati diabet kasalligi uchun biofaol qo‘shimcha sifatida ishlatilgan.

Ma'lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, har bir yaratilgan dori vositasi belgilangan reglamentlar asosida sinovdan o‘tkaziladi va u bilan bog‘liq jarayonlar «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq  amalga oshiriladi», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi axborot xizmati munosabatida.

Ko‘proq yangiliklar: