Johnson & Johnson koronavirusdan vaksinani 2021 yil yanvarda chiqarishni rejalashtirmoqda

Jahon 22:58 / 01.04.2020 12921

Bu vaksinani 2021 yil boshidayoq qo‘llashni boshlashga imkon beradi. Avvalroq kompaniya klinik sinovlarni noyabrda boshlashni rejalashtirayotgandi. 

Business Insider nashrining xabar berishicha, kompaniya vaksinani yaratish ustida yanvardan beri ishlamoqda. Kompaniya bilan Bet Israel Diakoniss tibbiyot markazi olimlari hamkorlik qilmoqda, Istiqbolli tadqiqotlar va ishlanmalar biotibbiyot boshqarmasi (BARDA) moliyaviy qo‘llab-quvvatlamoqda. Umumiy hisobda kompaniya vaksinani ishlab chiqishga 1 mlrd dollar kiritgan.
 
Johnson & Johnson vakillarining ta'kidlashicha, yangi vaksinani ishlab chiqish odatda 5-7 yil talab qiladi. So‘ngra mutasaddi idoralar vaksinani ma'qullashi jarayoni boshlanadi. Ammo koronavirus pandemiyasi kabi favqulodda vaziyatlarda tadqiqotlardan tortib vaksina ma'qullangungacha bo‘lgan butun jarayonni 2 yilgacha qisqartirish mumkin.

Kompaniya vaksinani sinashni boshlashi bilan birga keyingi yil boshida 1 mlrd doza vaksinani ishlab chiqara olish uchun o‘z ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishni boshlaydi. Kompaniyaning bundagi asosiy vazifasi – vaksina aholining keng qatlamlari uchun hamyonbop bo‘lishi lozim. 

Bu orada ba'zi tadqiqotchilar koronavirusdan ma'lum himoyani sildan emdori ta'minlashi mumkin, deb hisoblashmoqda. Bu shunday ekanligini Avstraliyada boshlanayotgan tajriba aniqlashga imkon beradi. Bu yerda 4 ming tibbiyotchi silga qarshi vaksina olib, bir necha haftadan keyin koronavirusga chalinganlar foizini va kasallik alomatlari og‘irligini baholashadi. 

Ko‘proq yangiliklar: