Birinchi bosqichda ishlagan shifokorlar 25 mln so‘mdan olishdi, yana 4 mingdan ortiq tibbiyot xodimi ishlash istagini bildirgan

O‘zbekiston 13:23 / 01.04.2020 24746

«Birinchi bosqichda 14 kun ishlagan tibbiyot xodimlariga javob berildi va va'da qilinganidek shifokorlarga 25 mln so‘mdan, hamshiralarga esa 15 mln so‘mdan to‘landi. Boshqa xodimlar ham belgilangan pullarini olishdi. 

Ayni shu kunlarda 4 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimlari shunday murakkab, sinov davrlarida ishlash istagini bildirgan. Shifokorlarimiz tun-u kun ishlashmoqda», degan Doniyor Alimov.

U koronavirusga qarshi kurash tadbirlari doirasida tashkil etilgan «O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga 30 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ kelib tushgani haqida ham ma'lum qilgan.

Prezident qaroriga muvofiq koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilandi:

  • vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million so‘m;
  • o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga – 15 million so‘m;
  • kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million so‘m;
  • boshqa xodimlarga – 5 million so‘m.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasi  yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga 100 million so‘m;

koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida og‘ir ahvolga tushgan va sog‘lig‘i tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila a'zolariga esa 250 million so‘m miqdorida bir martalik to‘lovlar to‘lanadi. 

Bundan avvalroq Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov Covid-19 bilan kasallanganlarni davolash ishlariga yordam berishni istovchi ko‘ngilli tibbiyot xodimlari hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qilishlari mumkinligini ma'lum qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tashkil etilayotgan shifoxonalarda ishlash uchun asosan yuqumli kasalliklar shifokorlari, virusolog, pulmonolog, reanimatolog, pediatr kabi mutaxassislar va o‘rta tibbiyot xodimlari taklif etilyapti.

Ko‘proq yangiliklar: