Koronavirus: Fransiyada o‘lim holatlari keskin oshdi, Ispaniyada yana bir qayg‘uli rekord

Jahon 01:45 / 31.03.2020 169357

Koronavirus jahon bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda, 30 mart holatiga ko‘ra, virusdan zararlanish holatlari 776 mingdan oshgan. Shundan 37126 kishi vafot etgan, 164622 kishi sog‘aygan.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, jahonda virus tarqalishi tezlashmoqda. 27 mart holatiga ko‘ra, butun dunyoda virusdan zararlanish holatlari 593 mingdan oshiq edi.

Dushanba kuni Ispaniyada koronavirusdan vafot etganlar soni 812 nafarga oshgani xabar qilindi - ayni vaqtda bu mamlakat Covid-19 qurbonlari soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda - jami 7340 bemor vafot etgan. Bir necha kun muqaddam qurbonlar soni Xitoydagidan kamroq edi.

Ispaniya Tashqi ishlar vaziri Mariya Gonsalesning so‘zlariga ko‘ra, virusdan zararlanish holatlarida sezilarli pasayish boshlandi. Sog‘liqni saqlash vaziri Mariya Xose Siyerra o‘tgan haftaning payshanba kuni mamlakatda joriy etilgan karantin choralari samara berayotganini aytib o‘tgandi: 25 martga qadar infeksiya yuqtirgan odamlar soni har kuni o‘rtacha 20 foizga o‘sgan bo‘lsa, hozirda bu raqam o‘rtacha 12 foizlik o‘sishni ko‘rsatmoqda. 

Ispaniyada virusdan eng ko‘p zararlangan hududlar Kataloniya, Basklar o‘lkasi va mamlakat poytaxti Madrid bo‘lib qolmoqda. Dushanba kuni pandemiya bilan kurashish bo‘yicha choralarni muvofiqlashtirish markazi direktori, doktor Fernando Simon ham virus yuqtirgani ma'lum bo‘ldi.

Mamlakatda kasallanish holatlari 85 mingdan ortiq. 16 mingdan ortiq kishi sog‘aygan.

Ispaniya karantin choralarini qat'iylashtirdi:  deyarli barcha fuqarolar ishdan ozod etilgan. Faqat ayrim kasb vakillari ishlashda davom etmoqda. Ispaniyada mutlaq karantin holati mart oyi o‘rtalarida joriy etilgandi. Odamlarga zaruratsiz tashqariga chiqmaslik tavsiya etilgan.

Hozirda Ispaniyadan ko‘proq o‘lim Italiyada qayd etilmoqda - Apennin yarimorolida ham so‘nggi bir kunda 812 kishi vafot etdi va jami qurbonlar soni 11 591 nafarga yetdi. Ammo bu mamlakatda yangi zararlanish holatlari sezilarli darajada pasaymoqda. Dushanba kuni jami 4050 kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi va bu yakshanba kungidan kamroq. Lekin Italiya ayni vaqtga kelib virusdan zararlanish holatlari yuz mingdan oshgan ikkinchi davlatga aylandi - 101 739. Shundan faqat 14 620 kishi sog‘aygan.

Parij bo‘shab qolgan. Yevropaning boshqa shaharlari kabi / EPA

30 mart kuni Fransiyada koronavirus qurbonlari soni keskin oshdi. Fransiyalik shifokorlar ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir kunda shifoxonalarda 418 kishi vafot etdi va jami qurbonlar soni 3024 nafarga yetdi. Mamlakatda virusdan zararlanishning 44550 holati qayd etilgan - o‘lim ko‘rsatkichi 16 foizni tashkil etmoqda. Fransiya o‘lim holatlari soni bo‘yicha Italiya, Ispaniya va Xitoydan keyingi to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.

Mamlakat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Jyerom Salomonning xabar qilishicha, so‘nggi bir kunda virusdan zararlanish holatlari 11 foizga o‘sgan. 

Avstriyada majburiy niqob

Avstriyadagilarning barchasi niqob taqishi majburiy / AFP

Avstriya ham uydan tashqarida niqob taqishni majburiy qilib qo‘ygan Yevropa davlatlari qatoriga kirdi. Hafta o‘rtalarida Avstriya hukumati supermarketlarga kirishda millionlab niqoblarni tekinga tarqatishni boshlaydi. Hozirda Avstriyada virusdan zararlanishning 9597 holati qayd etilgan, 108 kishi vafot etgan.

Avstriyadan tashqari, Slovakiya, Chexiya va Bosniya-Gersegovina hukumatlari ham niqob taqishni majburiy qilib qo‘ygan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netyanyaxu  bir qator xodimlari bilan birga 30 martdan karantinga ketdi. Bunga uning maslahatchisi Rivka Paluxda koronavirus aniqlangani sabab bo‘lgan.

Bosh vazirning koronavirus bor-yo‘qligini aniqlash bo‘yicha testi manfiy natija bergan.

Isroilda ham Covid-19 bilan kurashda yangi choralar joriy etildi, o‘tgan haftaning shanba kuni yuzlab ultraortodoksal yahudiylar ommaviy yig‘ilishlar taqiqlanganiga qaramay dafn marosimida qatnashishgani ma'lum bo‘ldi. Endi Isroilda jamoat joylarida ikki kishidan ortiq bo‘lib yurish mumkin emas, shuningdek jamoat joylarida ibodat qilishga ruxsat berilmaydi.

Neft yanada arzonlashmoqda

Foto: Reuters

Dushanba kuni neft narxi so‘nggi 18 yildagi eng quyi darajaga tushdi. Dushanba kuni Brent toifasidagi neft narxi ICE birjasida bir barrel uchun 22,58 dollargacha tushdi, Amerikaning WTE nefti narxi esa 20 dollardan ham arzon sotilmoqda.

Rossiya Urals neftining dengiz partiyalari narxi Shimoli-g‘arbiy Yevropa uchun CIF yetkazib berish shartlarida (Rotterdam porti orqali) bir barrel uchun 16,2 dollargacha pastlagan. 

So‘nggi bir oy davomida neft narxi 50 foizga pasaydi. Ekspertlar buni ko‘plab mamlakatlarda karantin tufayli talab pasaygani bilan izohlashmoqda. Ammo sabablar orasida Rossiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi narxlar urushi ham bor, bu urush Rossiya OPeK a'zolari bilan neft qazib olish hajmini kamaytirish masalasida kelisha olmaganidan keyin boshlangandi.

Norvegiya esa neft narxiga kuchli zarba berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda: mamlakat Shimoliy dengizdagi Yoxan Sverdrup ulkan neft konidagi xomashyoni neft bozoriga chiqarmoqda.

Dushanba kuni Britaniyaning EasyJet loukosteri barcha parvozlarni to‘xtatishini ma'lum qildi. Pandemiya tufayli ko‘plab mamlakatlar chegaralarini va aeroportlarini yopmoqda, xalqaro reyslar uchun talab keskin darajada tushib ketgan. Kompaniya faoliyatini qachon qayta tiklashi ma'lum emas.

Foto: Getty Images

Vengriya parlamenti bosh vazir Viktor Orbanga favqulodda vaziyat davrida qo‘shimcha vakolatlar taqdim etdi. Bu vakolatlar doirasida Orban mustaqil farmoyishlar chiqarishi, uning hukumati esa parlament tasdig‘isiz favqulodda vaziyatni uzaytirishi mumkin.

Britaniyada taxt vorisi, 71 yoshli shahzoda Charlz izolyatsiyadan qaytdi. U o‘zida koronavirus aniqlangach, bir haftani Shotlandiyadagi Balmoral qal'asida alohida o‘tkazdi.

Londondagi Imperial kollej professori Nil Fergyusonning fikricha Britaniyada virus tarqalishi sekinlashmoqda. U har kuni kasalxonalarga yotqizilayotganlar soniga asoslanib ma'lumot bergan. «Virusdan zararlanishlar soni kundan-kunga o‘sib bormoqda, ammo tezlik pasaygan», degan professor BBC efirida.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Britaniyada zararlanish holatlari 22,1 mingdan oshgan, 1408 kishi vafot etgan.

AQShda karantin
AQSh prezidenti Donald Tramp karantin choralari 30 aprelga qadar uzaytirilishini ma'lum qildi. Bu shuni anglatadiki, amerikaliklarning ko‘pchiligi pasxani izolyatsiyada kutib oladi.

Nyu-York shahrida karantin doirasida qator ko‘chalar avtomobillar uchun yopilgan

Amerikalik ekspertlar xavotirli prognozlar bildirishmoqda. Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo dushanba kuni koronavirusdan «yana minglab odamlar o‘lishi» haqida gapirdi. AQShning bosh epidemiologi doktor Entoni Fauchchi esa agar bu kasallik yuz ming amerikalikni hayotdan olib ketsa ham «hayron qolmasligini» bildirdi.

Prezident Donald Tramp dushanba kuni koronavirus uning yaqin do‘stida ham aniqlanganini bildirdi. «U mendan kattaroq va og‘irroq. U kuchli odam. Biz shifoxonaga bordik, keyingi kun esa u hushini yo‘qotdi», degan Tramp.

Dushanba kuni AQShda qo‘shiqchi va kompozitor Alan Merrill vafot etdi.U I Love Rock 'n' Roll qo‘shig‘i hammualliflaridan biri edi. Uning o‘limi haqida feysbukda qizi ma'lum qilgan.

«Bu tongda koronavirus mening otamni olib ketdi», deyiladi postda.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, AQShda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari soni 159 589 kishiga yetdi. Shuningdek, shu paytga qadar infeksiyadan 2951 o‘lim holati qayd etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: