G‘arbdagi pandemiya hali o‘zining cho‘qqisiga yetgani yo‘q, lekin insonlar qanchalik qashshoqlashishi uning davomiyligiga bog‘liq. Ko‘plab mamlakatlarda karantin bir haftaning nari-berisida davom etmoqda, hukumatlar esa u yoki bu ko‘rinishda u yarim yil davom etishidan ogohlantirishmoqda.
Ofatning taxminiy miqyosini bu boshlang‘ich va debocha bosqichda badavlat davlatlar hukumati iqtisodiyotni jonlantirish uchun qancha pul sarflashga tayyorligiga bir qarab baholash mumkin.
Summalar esa ulkan, misli ko‘rilmagan va cho‘chitadigan. AQSh, masalan, qiymati 2,2 trillon dollarlik inqirozga qarshi paketni ma'qulladi; Yevropa hozircha yarim trillion ajratdi, lekin ko‘proq pul yig‘moqchi. Umuman, «katta yigirmatalik» davlatlari allaqachon soliq to‘lovchilarning 5 trillion dollar pulini joriy inqirozga qarshi sarflashni va'da qilishdi — bu esa jahon iqtisodiyoti yillik hajmining 6 foizi degani.
Oldingi inqirozlardan farqli o‘laroq, gap markaziy banklar tomonidan yangi pullarni chop etish emas, jamiyatning shundoq ham qisqarib borayotgan mavjud real daromadlarini eng ko‘p jabr chekkanlar foydasiga qayta taqsimlash to‘g‘risida bormoqda.
Boshqacha qilib aytganda, hamma qashshoqlashishi kerak. Omon qolganlar qiynala-qiynala omon qolmaganlar uchun to‘lov qiladi. Hech kim g‘olib bo‘lmaydi.
«Endi jahon retsessiyaga g‘arq bo‘layotgani oydinlashdi, — deya tushuntirdi jahon iqtisodiyoti tanazzulini Xalqaro valuta jamg‘armasi rahbari Kristalina Georgiyeva. — U 2009 yildagidan kam bo‘lmaydi, hattoki yomonroq bo‘lishi mumkin».
XVJ rahbari 2021 yilda keskin o‘sishni e'tibordan qochirmadi, lekin bunga faqat pandemiyani jilovlab, uning oqibatlarini bartaraf qilibgina erishish mumkin. Buning uchun «nafaqat iqtisodiyotning tiklanishiga, shuningdek, jamoat totuvligiga ham raxna solayotgan bankrotlik va ishdan bo‘shatishlar to‘lqinini to‘xtatish» kerak.
Nimalar uchun to‘lov qilinadi?
Koronavirus ayrim mamlakatlarning sog‘liqni saqlash tizimidagi nuqsonlarni, boshqalaridagi halokatli vaziyatni ochib berdi. Dastlabki kechiktirib bo‘lmas ko‘maklar shu yerga yo‘naltirildi: vaqtinchalik shifoxonalar, maska va tibbiy uskunalarning zudlik bilan xarid qilinishi, tibbiyot personalining yollanishi. Kunlar o‘tib, changlar bosilgach, aksariyat davlatlar pandemiya ochib bergan sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolarni bartaraf etishga jiddiy kirishishga majbur bo‘ladi.
Biroq, iqtisodiy faollik tiklanmasa, insonlar va biznes ishini saqlab qolib, soliqlar to‘lashda davom etmasa buning uchun mablag‘ bo‘lmaydi. Shuning uchun boshlamasiga ularni qo‘llab turish kerak bo‘ladi: subsidiyalar, soliq ta'tillari, qoidalarning yumshatilishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul tarqatish bilan.
Kasallanganlarni qutqarish va vaksina yaratishdan tashqari G‘arb yana nimalarga birinchi navbatda pul sarflamoqchi? Har bir davlatning o‘z retsepti bor, biroq e'lon qilingan inqirozga qarshi choralarning ehtimoliy ro‘yxati quyidagicha:
- Deyarli barcha davlatlar sartaroshlar, taksichilar, dizaynerlar va restoratorlarga yordamdan boshlashdi. Ular kichik biznes, xususiy tadbirkorlar va o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolarga beminnat grantlar, imtiyozli kreditlar va'da qilishmoqda.
- To‘g‘ridan-to‘g‘ri pul tarqatish: har bir amerikalik 1200 dollar oladi, yaponlar va yunonlarga ham sovg‘alar va'da qilinmoqda.
- Ofatga yo‘liqqanlarga imtiyozli kreditlar va o‘ta ziyon yetgan sohalarda kompaniyalarning sotib olinishi. Bu ro‘yxatning boshida aviatsiya va turizm turibdi, lekin u kuniga to‘ldirib borilmoqda.
- Soliq ta'tillari: kompaniyalar va xususiy tadbirkorlardan olinadigan to‘lovlar va ijtimoiy yig‘imlarni ortga surish.
- Ishsizlik bo‘yicha nafaqani oshirish va uni olish uchun talablarni yengillashtirish. Irlandiya, masalan, Covid-19 tufayli ishidan ayrilganlarga haftasiga 350 yevro nafaqa va'da qilmoqda.
- Kredit ta'tillari: kompaniyalar va jismoniy shaxslarning qarzlari bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirish.
- Karantin tufayli majburiy ravishda turib qolgan firmalarning xodimlariga maosh to‘lash uchun budjetdan dotatsiya. Chexiya, Niderlandiya va Buyuk Britaniyada hukumat xususiy biznesning maosh vedomosti xarajatlarining 80-90 foizini bir necha oy o‘z gardaniga olishni va'da qildi.
- Personalni qisqartirish uchun kompensatsiya xarajatlari: odamlarni ishdan bo‘shatish jarayonida bir tiyinsiz javob berib yubormaslik, bir necha oyga yetadigan chiqish nafaqasi berish.
- Maktab va bog‘chalar yopiqligida ota-onalar ishga chiqishga shoshmasligi uchun bolalarga qarab turishga maosh to‘lanadigan ta'til. Fransiyada budjet hisobidan ikki haftagacha.
- Ayrim davlatlar (masalan, Shveytsariya) konferensiya va boshqa shu kabi tadbirlarning o‘tkazilmay qolgani uchun yo‘qotishlarni ham qoplab bermoqda.
Bu choralar trillionlab dollarga tushadi, pullar qarzga olinadi, to‘lovini kelajak avlod qiladi. Biroq, bunday «sun'iy nafas»siz biznes va aholi Covid-19’ni yenga olmaydi.
«Joriy inqiroz — bizning xotiramizdagi eng jiddiysi va eng yirigi, — dedi BBC’ga boy davlatlar klubi hisoblanmish iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) bosh iqtisodchisi Lorans Bun. — bu safar muammo likvidlikning yetishmasligida emas. Endi bosh muammo — virus».
«Bu esa juda jiddiy inqiroz yoqasida turganimizni anglatadi», — dedi Bun xonim, qo‘shimchasiga epidemiyani bir-ikki oy ichida jilovlashga erishilmasa, u kelgusi qishda yana qaytishi va bu qanday oqibatlarga olib kelishini jahonda biror iqtisodchi taxmin qilishga jazm qila olmasligini ta'kidladi.
Kim qancha to‘lov qilishni va'da qilmoqda?
Virusga qarshi kurashish ishida hozircha hech kim AQSh bilan baslasha olmaydi. Jahonning eng boy davlati koronavirus yuqtirganlar soni bo‘yicha tezda yetakchiga aylandi va prezident Tramning omma oldidagi chiqishlaridagi shubhalariga qaramasdan, epidemiyani tarixiy miqyosdagi noxushlik sifatida qarshi oldi.
Kongress iqtisodiyotni jonlantirish uchun 2,2 trillion dollar ajratdi. Yarim trillion dollarni yirik va o‘rta biznes oladi, 350 milliard imtiyozli kreditlar sifatida kichik tadbirkorlarga tarqatiladi. Amerikaliklarga naqd pul sifatida 300 milliard tarqatiladi, yana shuncha pul virus tufayli ishidan ajralganlarga nafaqa qilib beriladi.
Rossiya iqtisodiyotining bir yillik hajmi, Braziliya, Italiya yoki Kanadaning YaIMiga teng inqirozga qarshi paketning ulkan hajmiga qaramasdan, kongressmenlar va Oq uy bu hisob oxirgisi emasligi, alal-oqibat ko‘proq pul sarflashga to‘g‘ri kelishini inobatdan soqit etishmayapti.
Kongress tomonidan ma'qullangan va Tramp tomonidan imzolangan qonun Amerikaga uning yillik YaIMining 10 foiziga tushadi. Boshqa davlatlar hozircha odmiroq odim tashlashmoqda, lekin ayrimlari shunga monand summalar ajratishgan.
Jahondagi ikkinchi yirik iqtisodiyot — Yevropa ittifoqi — hozircha birgalikdagi rag‘batlantirishlar borasida kelisha olmayapti. Biroq milliy darajada pul daryo bo‘lib oqmoqda.
Germaniya 150 mlrd yevro yoki YaIMining 4,5 foizini ajratdi, zaruriyat tug‘ilganda inqirozga qarshi paketni 800 mlrd yevrogacha ko‘tarishni va'da berdi. Bu esa nemis iqtisodiyotining chorak qismini tashkil etadi.
YeIning koronavirusdan ko‘proq jabr ko‘rgan davlatlaridan biri Fransiya hammadan ham saxiyroq chiqdi. Ular 350 mlrd yevro (YaIMning 15 foizi) ajratishga tayyor. Italiya 25 mlrd yevro, Ispaniya 10 mlrd yevrodan ko‘p bo‘lmagan pul ajratgan. Bu pullar ushbu davlatlarning yillik savdo hajmning ikki foizi ham emas va pullar yetishiga ham hech kim ishonmaydi.