Karantin davrida xonadonlarga gaz yetkazib berilishi: ko‘p so‘ralayotgan savollarga javoblar

Jamiyat 07:28 / 31.03.2020 20049

Karantin davrida gaz ta'minoti to‘xtatiladimi?

Karantin davrida tabiiy va suyultirilgan gaz ta'minotini yetkazib berish to‘xtamaydi.

Ayni damda, zarur bo‘lmagan hollarda ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etilgan bir vaziyatda, «Hududgazta'minot» AJ tomonidan aholi xonadonlarini «zangori yoqilg‘i» bilan bir maromda ta'minlash uchun barcha choralar ko‘rilgan.

Avariya, gaz sizib chiqishi, ta'mirlash bilan bog‘liq, ortga surib bo‘lmaydigan favqulodda vaziyatlar bundan mustasno.

Karantin davrida xodimlar hamda tabiiy va suyultirilgan gaz iste'molchilari o‘rtasidagi aloqani kamaytirish, o‘zaro muloqotdagi xavfsizlikni ta'minlash uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

«Hududgazta'minot» AJ va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan gaz ta'minoti tizimi xodimlarining iste'molchilar bilan o‘zaro xavfsiz munosabatlarini ta'minlash uchun maxsus qoidalar ishlab chiqilgan.

Misol uchun, barcha xodimlar gigiyenik vositalar, xususan, tibbiy qo‘lqop va niqob, maxsus forma bilan bepul ta'minlangan.

Bundan tashqari, tibbiyot xodimlari har kuni ularning sog‘lig‘ini tekshirib, tana haroratini o‘lchaydi.

Shuningdek, taqdim qilinadigan transport vositasining ko‘chalarda xavfsiz harakatlanishi uchun tegishli uskunalar va ehtiyot qismlar, suyultirilgan gaz ballonlarini tashish tizimli ravishda dezinfeksiyalash bosqichidan o‘tadi.

Barcha tuman, shahar va viloyat bo‘linmalari tomonidan har kuni ertalab hudud, bino, xodimlarning ish joyi va hatto gaz ballonlari ham sanitariya tekshiruvidan o‘tkaziladi. Bir so‘z bilan aytganda, xodimlar va iste'molchilar xavfsizligi uchun barcha choralar ko‘rilgan.

Agar iste'molchiga gaz qurilmasini zudlik bilan ta'mirlash zarur bo‘lib qolsa, bu vaziyatda nima qilish kerak, qayerga va qanday murojaat qilinadi?

Bunday vaziyatda iste'molchi yashash manzili bo‘yicha «Hududgazta'minot» AJning hududiy bo‘linmalariga qo‘ng‘iroq qilib, ariza qoldirishi lozim bo‘ladi.

Hududlar bo‘yicha barcha telefon raqamlari www.hududgaz.uz saytida joylashtirilgan.

Har bir hududda bevosita o‘z ish joyidan ishlayotgan hamda masofadan turib ish olib borayotgan xodimlar mavjud. Ularning ish shakli muhimlilik darajasidan kelib chiqib tuzilgan. Ya'ni, vazifasi tuzatish-ta'mirlash va joyiga chiqish lozim bo‘lgan mutaxassislar o‘z ish joylarida bo‘lib, mijozlar murojaati bo‘yicha ishlaydilar. Bu degani, xavotirga o‘rin yo‘q. Barcha iste'molchilarga xizmatlar to‘liq va sifatli tarzda, eng asosiysi – o‘z vaqtida ko‘rsatiladi.

Mahallamiz aholisi suyultirilgan gaz bilan ta'minlanadi. Gaz ballonlari bizga o‘z vaqtida va to‘liq hajmda yetkaziladimi? Gaz ta'minotida uzilishlar bo‘lmaydimi?

Mamlakatimizda 3,5 milliondan ortiq suyultirilgan gaz iste'molchilari mavjud. Karantin davrida xech bir oila yoqilg‘isiz qolmaydi va buning uchun «Hududgazta'minot» AJ tomonidan barcha resurslar safarbar etilgan hamda barcha choralar ko‘rilgan.

Avtotransport vositalari parki sezilarli kengaytirilib, gaz ballonlari soni oshirilgan. Shuningdek, barcha hududlarda «aylanma usul» tadbiq qilingan bo‘lib, bunda maishiy foydalanishda yoqilg‘i uzilishining oldi olinadi.

Iste'molchilarga gaz ballonlarini yetkazib berish tasdiqlangan reja-jadval asosida, to‘liq hajmda amalga oshiriladi.

Karantin davrida fuqarolarning uyda bo‘lishlari sababli, mutaxassislarga murojaat qilish, ariza qoldirish yoki murojaatni masofadan yo‘llashning imkoni bormi?

«Hududgazta'minot» AJ va uning hududiy bo‘linmalari o‘z faoliyati avvalidan boshlab, mutaxassislar va iste'molchilar o‘rtasida onlayn tarzda yoki telefon orqali muloqotni olib bormoqdalar. Masalan, «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida 7 oydan ortiq davr mobaynida «Gaz ta'minoti muammolari va ularni hal etish yo‘llari» nomli ochiq turdagi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bunda mutaxassislar iste'molchilarning savollariga javob berib, murojaat va shikoyatlarni hal etilishi uchun tezkor choralar ko‘radilar.

Shuningdek, fuqarolar tomonidan murojaat, shikoyat va takliflar qoldirilishi mumkin bo‘lgan «TChSJ i kak s nim jit» va «Kommunalka» nomli guruhlar bilan hamkorlik ham yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, «Call-markaz» ishga tushirilgan bo‘lib, 1104 yoki (71) 200-08-04 raqamlari orqali fuqarolar murojaatlari qabul qilinadi.

Shuningdek, hududiy bo‘linmalarda shu kabi «Call-markaz»lar mavjud bo‘lib, ularning telefon raqamlari ham saytga joylashtirilgan. Favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda 104 yagona raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

Fursatdan foydalanib, «Hududgazta'minot» AJ va uning hududiy bo‘linmalari mutaxassislari mamlakatimizning barcha fuqarolarini uyda qolib, o‘zlari va yaqinlarini ehtiyot qilishlarini so‘raydi.

Ko‘proq yangiliklar: