«Bu voqealar kuchli insonni yana ham kuchli qiladi» – koronavirus ta'siri haqida psixolog bilan suhbat

Jamiyat 20:53 / 31.03.2020 19331

Shu kabi savollarga psixolog Boboyor To‘rayev javob berdi.

«Vahima qilmaslikka qayta-qayta chorlayverish aks ta'sirga olib kelishi mumkin»

– Axborot bormi, uni albatta yetkazish kerak. Lekin uni qanday yetkazish juda muhim. Bu yerda axborot tarqatuvchining kasbiy mahorati ahamiyat kasb etadi.

Virus tarqalishi haqida doimiy axborot berilishi, tabiiyki, odamlarda vahimani kuchaytiradi. Yana bir tomoni borki, muntazam ravishda «vahima qilmanglar», degan tinchlantiruvchi xitoblar orqali odamlar orasida qo‘rquv uyg‘onishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bu axborotlar noto‘g‘ri yetkazilgan taqdirda, uni qabul qilgan odamlarda umumiy ruhiy holat o‘zgaradi. So‘ng immuniteti tushib ketadi. Natijada, organizm boshqa kasalliklarga chalinishi oson kechadi.

«Vahima uyg‘onishi keyinchalik qator ijtimoiy muammolarga sabab bo‘ladi»

– Haddan tashqari vahima ijtimoiy muammolarni ham keltirib chiqaradi. Insonlar o‘rtasida oqibat yo‘qolishiga olib keladi, bir-biriga agressiya bilan munosabatda bo‘lishni boshlaydi. Diskriminatsiya kuchayishi mumkin.

Bozorlarda narx ko‘tarilgani ham mana shu vahimalarning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Qo‘rqqanidan narxlarni oshiradi, qimmat bo‘lsayam odamlar mahsulotimni oladi, deb o‘ylaydi. O‘z-o‘zidan odamlarning do‘konlarga chopishi ham vahimaning bir turi. Ular oziq-ovqat zaxirasi tugab qolishidan qo‘rquvga tushishadi.

«Karantin davrida berilayotgan axborot o‘quvchining savollariga aniq javob berishi kerak»

– Karantin davrida tarqatilayotgan axborot o‘quvchining savollariga javob beradigan bo‘lishi kerak, vahima uyg‘otadigan emas. Jurnalistlar haddan ortiq vahima keltirib chiqaradigan axborot tarqatmasligi kerak. Ma'lumot faktlarga asoslangan, odamni fikrlashga va qaror qabul qilishga o‘rgatishi kerak.

Qaror qabul qilishga undaydigan hissiyot ratsional bo‘ladi. Aksincha, insonning hissiyotlarga berilishi, kuchli ta'sirlanishi irratsional hissiyot deyiladi.

«Ijtimoiy uzoqlashuv odamlarga munosabatlarni qadrlashga o‘rgatishi mumkin»

– Har bir yomon vaziyatdan yaxshilik qidirish lozim. Karantin davri o‘tganidan keyin odamlar bir-birini qadrlashni, ko‘proq mehr-oqibat ko‘rsatishni boshlashi mumkin.

Ijtimoiy uzoqlashuv, ma'lum ma'noda, bir-birimizni sog‘inish va intilishni tug‘diradi. Ommaviy vahimaga tushish qanchalik ko‘p bo‘lsa, jamiyatda ruhiy kasallikka moyillar ko‘payadi. Keyingi bosqichda depressiya kelib chiqadi.

Karantin tugagandan so‘ng insonda umrining oxirigacha qo‘rquv saqlanib qolishi ham kuzatiladi. Jamiyatda ipoxondrik (o‘zidan kasallik qidiruvchi, atrofdagilardan shubhalanuvchi)lar ko‘payishi mumkin. Bunday toifadagilar doim qo‘lini yuvib yuradigan, atrofdagilar bilan iloji boricha kamroq muloqot qiladigan, internetda kasallik haqida ma'lumotlarni, o‘zida kasallik belgilarini qidiradigan bo‘lib qoladi. Buning sababi ruhiy immunitetning tushib ketganligidir.

«Odamlar shaxsiy gigiyenaga ko‘proq rioya qiladigan bo‘ladi»

– Karantin tugagandan so‘ng odamlarda vahima sekin-astalik bilan o‘tib ketishi mumkin, lekin baribir inson xulq-atvor modelida atrofdagilardan shubhalanish hissini vujudga keltiradi. Ijobiy tarafi shundaki, odamlar shaxsiy gigiyenaga ko‘proq rioya qiladigan bo‘ladi, hushyorligi oshadi.

«Bu voqealar kuchli insonni yana ham kuchli qiladi»

– Ayni shu vaziyatdan foydalanib, ko‘proq o‘qishingiz mumkin, ko‘proq ishlaringizni amalga oshirib olishingiz mumkin. Har bitta mushkulotdan biz yechim topishimiz, shundan foydalanib qolishimiz kerak.

Iloji boricha bir-biringizga tabassum bilan qarang, bir-biringizni xursand qiling. Yumor hissini yo‘qotmanglar. Voqealar ham odamlarni kuchli qiladi. Kuchli odam yana ham kuchliroq bo‘ladi, yaqinlari bilan oqibati oshadi.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov

Ko‘proq yangiliklar: