Aksirish atrofdagilarga avval hisoblangandan ko‘ra ko‘proq xavf solishi mumkinligi ma'lum qilindi 

Light 11:59 / 31.03.2020 12349

Massachusets texnologik instituti fizigi Lidiya Buruiba Journal of American Medical Association nashrida chop etilgan maqolasida aksirishda hosil bo‘ladigan tomchilarning tarqalishi modelini bayon qilgan.

Ushbu yangi ma'lumotlar COVID-19 va boshqa viruslar tarqalishi oldini olish uchun ehtiyot choralarini yanada mukammallashtirishga imkon beradi.

Olima tomonidan olingan ma'lumotlar ilmiy muhitda aksirish haqida yuradigan tasavvurlardan farq qiladi. Aniqlanishicha, og‘iz va burundan tashqariga otilib chiqadigan suyuqlik tomchilari manbadan 7-8 metrgacha tarqaladi va havoda avval taxmin qilingandan ancha uzoqroq qoladi. Bu esa koronavirusda saqlash tavsiya qilinadigan ijtimoiy masofalashuvni qayta qo‘rib chiqishga undaydi.

Hozirda havo-tomchi yo‘li bilan tarqaladigan infeksiyalar oldini olishdagi ko‘p tavsiyalar 1930-yillarda Uilyam F.Uells o‘tkazgan tadqiqotlarga asoslanadi. Silning tarqalishini o‘rgangan Uells aksirishda hosil bo‘ladigan tomchilarni shartli ravishda ikki turga – yirik va maydaga bo‘lish mumkinligini aytgan. Yirik zarralar uzoqroqqa uchishi, biroq yerga tezroq tushishi, maydalari esa kichik masofaga uchib, havoda ko‘proq qolishi taxmin qilingan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Uellsning hisoblashlari negizida kasallardan bir metr, AQShning kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazlari esa 2 metr uzoqroq qolishni tavsiya qiladi. Biroq yangi tadqiqot bu tavsiyalarni savol ostiga qo‘yadi.

Buruiba yo‘talish yoki aksirish vaqtida og‘izdan chiqadigan suyuqlik tomchilari qanday masofaga tarqalishini aniqlash uchun aksirish jarayonini tasvirni soniyasiga 2 ming kadr chastota bilan yozuvchi yuqori tezlikdagi kamera yordamida qayd qilgan. Bu esa tomchilar tarqalishi masofasi nafaqat ularning o‘lchamiga bog‘liqligini aniqlashga imkon bergan. Bunga tomchi burun yoki og‘izdan qanday tezlikda chiqishi, zarralarning turbulent aralashishi darajasi, atrof-muhitning namligi va harorati ham ta'sir qilar ekan.

Tadqiqot suyuqlik yerga tushishdan yoki bug‘lanib ketishdan oldin 7-8 metr masofaga tarqalishini ko‘rsatgan. Bundan tashqari, ular namlikka bog‘liq holda havoda bir necha soniyadan bir necha daqiqagacha qolishi mumkin.

Tadqiqotchi fikricha, u olgan ma'lumotlar koronavirusga qarshi kurashda katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, bu natijalar Singapurdagi gospital xodimlari aniqlagan holatga muvofiq keladi: gospitalda ba'zi bemorlar ular yotgan palatalardagi havoda koronavirus aniqlanmagan bo‘lsa-da, unga chalinganlar. Ko‘rinishicha, koronavirusga chalingan bemorlar aksirganda koronavirus bir necha metrga otilib, shamollatish tizimiga tushgan va u orqali butun gospitalga tarqalgan.

Shu bilan birga, ushbu natijalarni koronavirus pandemiyasi sharoitida qo‘llash mumkinligini tasdiqlash uchun bevosita koronavirusga chalinganlarning aksirish jarayonini qo‘shimcha o‘rganish lozim. Ta'kidlash joiz, koronavirusga chalinganlikda aksirishdan ko‘ra yo‘tal alomati ko‘proq kuzatiladi. Buruibaning avvalgi tadqiqotlariga ko‘ra, yo‘talganda atrofga tashlanadigan suyuqlik zarralari manbadan 2,5 metrgacha tarqaladi.

Ko‘proq yangiliklar: