«Tashabbus o‘zimizdan chiqdi, klubda esa bunga bosim evaziga erishmoqchi bo‘ldilar» - Messi «Barsa»dagi maoshlar qisqarishi bo‘yicha bayonot berdi

Sport 19:21 / 30.03.2020 7516

Messi futbolchilarning maoshi 70 foizga kamaytirilgani, shu bilan birga klubning barcha xodimlari o‘z maoshlarini to‘liq olishlari ta'minlanishini ma'lum qildi.

«Hozirgi qiyin vaziyatda klub futbolchilarining maoshlari masalasida juda ko‘p yozildi va gapirildi. Eng avvalo shuni aytishni istardikki, ayni paytdagi og‘ir sharoitni yaxshi anglagan holda, oladigan maoshlarimizning pasaytirilishiga qarshi bo‘lmaganmiz, aksincha shunday bo‘lishini istagandik. 

Klub yordamga muhtoj bo‘lib turgan bir paytda, eng avvalo futbolchilar yordam berishlari kerak. Biz bu masalada yakdil bo‘lib, bir necha marta o‘zimiz tashabbus ko‘rsatgandik. 

Shunga qaramay, bu borada turli gap-so‘zlar chiqarib, o‘z tashabbusimiz bilan amalga oshirmoqchi bo‘lgan qiyin paytdagi yordamimizga, bosim o‘tkazish yo‘li bilan erishmoqchi bo‘lganlar klub ichida hali ham borligi hayron qoldirmayapti. Aslida maoshlarning qisqarishi borasidagi futbolchilar qarori cho‘zilganining yagona sababi - biz qiyin pallada klubga ham, jamoa xodimlariga ham yordam beradigan yo‘lni izlagandik.

O‘z nomimizdan shuni ham qo‘shimcha qilmoqchimizki, maoshlarimiz qisqarishidan tashqari, inqiroz davrida klub ishchi xodimlarining maoshlarini o‘z vaqtida to‘liq olishda davom etishlari uchun shaxsiy hisobimizdan yordamimizni ayamaymiz», - deyiladi Messining instagramdagi sahifasida e'lon qilingan bayonotida.

Ushbu bayonot ko‘p o‘tmay, Kataloniya klubining bir qator futbolchilari tomonidan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ham e'lon qilindi.

Ma'lumot uchun, oldinroq «Barselona» klubi koronavirus pandemiyasi oqibatlari natijasida moliyaviy katta zarar ko‘rayotganligi, klub rahbariyati futbolchilarning maoshini qisqartirilishi borasida to‘xtamga kela olmayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Ko‘proq yangiliklar: