Shaxsiy avtomobillarda harakatlanishga 1 aprelgacha ruxsat berilgani haqidagi xabarlar tasdiqlanmadi

O‘zbekiston 12:20 / 30.03.2020 53106

Toshkentdagi DXMlarda 1 aprel soat 6:00ga qadar shaxsiy avtomobilda ruxsatnomasiz harakatlanishga ruxsat berilishi haqida joylashtirilgan e'lon rasmiy asosga ega emasligi ma'lum qilindi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat xizmatlari markazlarida maxsus ruxsatnoma berish 1 aprelga qadar talab etilmasligi haqidagi e'lon joylashtirilganligi yuzasidan  xabarlar tarqaldi.

Mazkur e'lon rasmiy asosga ega emas. Hozirda ushbu e'lon Markazlardan olib tashlangan. 

Sohaga oid o‘zgarish mavjud bo‘lgan taqdirda, bu haqida ma'lumot rasmiy sahifalarimizga joylashtiriladi», deyiladi Davlat xizmatlari agentligi rasmiy sahifasida. 

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati shaxsiy avtomobillarda harakatlanish bo‘yicha avval e'lon qilingan tartibga doir hech qanday o‘zgarish bo‘lmagani, maxsus stiker (ruxsatnoma)siz harakatlanayotgan transport vositalari haydovchilari 30 mart soat 6:00 dan boshlab ma'muriy javobgarlikka tortilayotganini ma'lum qildi.

30 mart kuni Toshkent shahridagi Davlat xizmatlari markazlari (DXM) va Xalq qabulxonalarida 1 aprel soat 6:00 ga qadar shaxsiy avtomobilda maxsus stiker (ruxsatnomasiz) harakatlanishga ruxsat berilgani haqida e'lonlar paydo bo‘ldi.

Bundan tashqari, foydalanuvchilar yo‘llagan videoxabarlarda Toshkentdagi DXM va Xalq qabulxonalari oldida to‘planganlarga mas'ullar taqiq hozircha amal qilmasligi, bemalol avtomobilda harakatlanish mumkinligini aytayotganini ko‘rish mumkin.

  • 29 mart kuni Respublika maxsus komissiyasi 2020 yil 30 mart soat 06:00dan 20 aprel soat 00:01ga qadar viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida avtotransport vositalari harakatlanishiga ruxsat berilishi haqida qaror qabul qilgan, unga ko‘ra mazkur hududlarda shaxsiy avtomobillarda maxsus ruxsatnomasiz harakatlanish taqiqlangandi.
Ko‘proq yangiliklar: