Shahzoda Charlz koronavirusdan sog‘aydi

Jahon 20:23 / 30.03.2020 9521

Bu haqda Britaniya qirollik uyi vakiliga tayanib “Bi-bi-si” telekanali ma'lum qildi

25 mart kuni shahzoda topshirgan test unda koronavirus borligini ko‘rsatgani ma'lum bo‘lgan. Shundan keyin 71 yoshli shahzoda o‘zini odamlardan alohidalashga qaror qilgan va bir hafta davomida Shotlandiyadagi Balmoral qasrida qolgan.

Shahzodaning rafiqasi Kornuell gersoginyasining koronavirusga topshirgan testi unda virus yo‘qligini ko‘rsatgan. Biroq gersoginya hafta oxirigacha karantinda qoladi.

Shahzoda qarorgohida ta'kidlanishicha, u virusni kimdan yuqtirib olganini aniqlashning imkoni yo‘q, chunki bungacha u turli odamlar bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazgan. Jumladan, Charlz unda virus aniqlanishidan oldin koronavirusga chalingan yana bir monarx - Monako knyazi Alber II bilan ham uchrashgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniyada koronavirusga chalinganlar soni 19522 nafarni, vafot etganlar soni 1415 nafarni tashkil qilmoqda. Kasallanganlar orasida Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ham bor. Hozirda u uyida karantinda qolmoqda va u yerdan turib hukumatni boshqarmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: