Qashqadaryo viloyatida ham bir kishida virus aniqlangan. Bemorning holati o‘rta og‘ir darajada

O‘zbekiston 13:10 / 30.03.2020 101952

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonning yana bir viloyatida koronavirus aniqlanganini ma'lum qildi.

«O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan zararlanganlar 145 nafarni tashkil qilmoqda.

Infeksiyani yuqtirib olgan eng so‘nggi bemor ikkinchi vafot etgan marhum bilan muloqotda bo‘lgan 14 yoshli jiyani ekani ma'lum bo‘ldi. U ayni paytda Qarshi shahrida joylashgan Qashqadaryo viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Bemorning holati o‘rta og‘ir darajada. Bemor bilan muloqotda bo‘lgan yaqinlari va boshqa fuqarolar salomatligi ham qat'iy nazoratga olingan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning telegram kanalida berilgan xabarda. 

Qo‘shimcha qilinishicha, ayni paytda yana ikki nafar qashqadaryolik bemor Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanmoqda.

Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, virus yuqtirgan 14 yoshli bemor Chiroqchi tumanida istiqomat qilib kelgan. 

Shu tariqa, ayni vaqtda O‘zbekistonda koronavirus qayd etilgan viloyatlar geografiyasi kengaydi - Toshkent shahri va Toshkent viloyati, Farg‘ona, Namangan, Andijon, Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari.

Ko‘proq yangiliklar: