Poliklinikalarda ehtimoliy bemorlarni izolyatsiya qilish uchun filtrlar mavjud - Otabekov

O‘zbekiston 13:24 / 30.03.2020 5055

«Poliklinikalarga keluvchilar orasida koronavirus simptomlari mavjud bo‘lganlarni zudlik bilan aniqlash choralari ko‘rilgan. Buning uchun tibbiyot muassasasida filtr mavjud — himoyalangan va maxsus tayyorgarlikka ega xodim o‘tiradi. U potensial bemorlarni erta davrda aniqlash va izolyatsiya qilish uchun kelganlarni filtrdan o‘tkazadi», dedi Nurmat Otabekov AOKA qoshidagi maxsus shtabda o‘tkazilgan brifingda.

Shuningdek, Davlat bosh sanitariya inspektori tez yordam xizmatidagi tibbiyot xodimlarini yolg‘on chaqiriqlar bilan chalg‘itish masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

«Tibbiyot xodimlariga talab juda ham yuqori bo‘lgan ayni paytda tez yordam orqali arzimas sabablar bilan yolg‘on chaqiriq qiladiganlar ham bor. Bu juda og‘riqli masala. Birov yolg‘on chaqiriq qilganda, haqiqatan koronavirus belgilari bo‘lgan bemor yordamsiz qolishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, bir yilda tez yordam orqali 10 mingdan ko‘proq yolg‘on chaqiriq kuzatiladi. Bunga chek qo‘yish maqsadida Bosh prokuratura va Sog‘liqni saqlash vazirligi keskin choralar ko‘rish masalasini ko‘rib chiqmoqda», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: