Partiya yetakchilari – mehnat ta'tili, kambag‘allarga yordam, davom etayotgan majlislar va favqulodda holat haqida

O‘zbekiston 23:12 / 30.03.2020 25078
Xususan,

– xususiy va davlat tashkilotlari xodimlarining ayni paytda o‘z hisobidan mehnat ta'tiliga chiqarib yuborilayotgani qanchalik asosli?

– karantin sharoitida jamiyatning kambag‘al qatlami uchun qanday yordam turlari ko‘rsatiladi? Bu borada O‘zbekiston hukumati aniq rejaga egami?

– hukumat qarori bilan karantin sharoitida amaldorlarga turli yig‘ilishlar o‘tkazmaslik bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Ammo, ba'zi holatlarda yig‘ilishlar tashkil qilish holati hamon davom etmoqda. Xo‘sh, parlament quyi palatasi bu borada qanday nazorat chorasini o‘rnatgan?

– O‘zbekistondagi qat'iylashtirilgan karantin choralari qo‘llanilmokda. Ko‘rilayotgan ushbu choralardan kelib chiqib aytish mumkinki, favqulodda holat e'lon qilish uchun vaziyat yetilgandek. Bu borada Parlament yaqin kunlar ichida nimalarni rejalashtirmoqda?

– joylarda mahalliy kengash deputatlarining aholi uylariga kirib tushuntirish ishlari olib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu uzilayotgan virus tarqalish zanjirini yana tiklamaydimi?

Kun.uz muxbiri Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir nechta deputatlari bilan bog‘lanib, shu kabi savollarga javob oldi.

«Bu virus bizga ko‘p narsani o‘rgatib ketadi» – Alisher Qodirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari

Qodirov birinchi savol yuzasidan fikrlarini bildirar ekan, dastlab pandemik karantin holatida mulk shaklidan qat'i nazar xodimlarni himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rish bo‘yicha Prezident farmonida kerakli topshiriqlar berilganini esladi.

Uning aytishicha, kam ta'minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy ko‘mak miqdorini oshirish kabi tadbirlar ham shular qatoriga kiradi.

«Bilishimcha, davlat idoralari xodimlariga mehnat ta'tili, o‘z hisobidan ta'til yoki masofaviy ish rejimini taklif qilgan. Xususiy biznesga kelsak, qonun biznesni zararga majburlay olmaydi, lekin bugungi holat fors-major deb topilib, hukumat tomonidan biznesga bir qator imtiyozlar berilmoqda. Bundan maqsad ham fuqarolar manfaatini himoya qilishga qaratilgan.

Bunday inqirozlarning zarari doimo davlat budjeti zimmasiga tushadi. Shu sababli YaIM 1,8 foizga kamayishi taxmin qilinmoqda. Davlatning zarar ko‘rishi o‘z-o‘zidan hammamizning zarar ko‘rishimizdir», – dedi u.

Spiker o‘rinbosari navbatdagi savollar yuzasidan quyidagicha javob berdi.

2. «Parlament quyi palatasida hozirgi vaqtda birorta majlis o‘tkazilmayapti. Jumladan, o‘tgan haftada ham kengash majlisi videokonferensiya tarzida tashkil qilindi. Lekin yalpi majlisni bunday o‘tkazishning texnik imkoniyatlari bo‘lsa-da, huquqiy asosi yo‘q. Bu haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.

Gap umuman barcha vazirlik va tashkilotlar haqida ketayotgan bo‘lsa, bunday holat karantin talablarini buzish sifatida baholanadi va tegishli chora ko‘rilishiga sabab bo‘ladi. Fuqarolar tomonidan deputatlarga bunday murojaat hali bo‘lmadi».

3. «Favqulodda holat e'lon qilish zarurati Respublika komissiyasi tomonidan belgilanishi kerak. Bunday taklif kiritilsa, albatta, ko‘rib chiqiladi. Bizga bunday taklif kiritilmayaptimi, demak asos bor».

4. «Joylarda partiya tashkilotlari va mahalliy kengash deputatlarimiz aholi ichida tushuntirish ishlari olib borish bilan birga karantin talablariga to‘liq rioya etgan holda, ko‘makka muhtoj oilalarga yordam berish ham maqsad qilingan edi. Respublika komissiyasining so‘nggi qarorlaridan kelib chiqib, O‘zMTDP o‘z deputatlariga bunday faoliyatni keskin qisqartirish, juda zarur holatlar bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslik bo‘yicha topshiriq berildi».

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari javoblari yakunida bugungi cheklovlar yaxshi kundan emasligini ta'kidlagan holda, uni barcha to‘g‘ri qabul qilishi kerakligini yana  bir bor takrorladi.

«Qilinayotgan ishlar odamlarni asrash uchun qilinmoqda. Masalan, Yaponiyada karantin e'lon qilinmadi, nega? Chunki ularda tibbiy madaniyat juda yuqori. Ular karantinsiz ham kuniga o‘n marta qo‘lini sovunlab yuvadi, oradagi masofani jiddiy saqlashadi va sog‘lom yashashadi.

Biz saylovlarda jamiyat o‘zini hurmat qilishni o‘rganmasa, rivojlana olmaydi, deb ko‘p gapirdik. O‘zini hurmat qilish darajasini ikki kunda 10 mingdan ortiq fuqarolarga niqob taqmagani uchun jarima qo‘llanilgani yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi.

Bu virus bizga ko‘p narsani o‘rgatib ketadi», dedi Alisher Qodirov.

 

«Kambag‘al aholi qatlamiga bu davr haqiqatda og‘ir kechadi» – Narimon Umarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari

Sotsial-demokratlar yetakchisi Narimon Umarov hozirgi sharoitda hukumatning xodimlarni iloji boricha ishxonada bo‘lmasligi, fuqarolarning yuzma-yuz muloqotni keskin kamaytirish zarurati to‘g‘risidagi qarori to‘g‘riligini ta'kidladi.

Ammo bunday paytda ish beruvchi va xodimlarda tanlov imkoniyati ham mavjud.

«Ya'ni hozirgi texnik sharoitlardan foydalangan holda masofadan turib ishlash yoki xodimning o‘z arizasiga binoan mehnat ta'tiliga chiqarish. Menimcha, har ikkala holat ham qonun buzilish holatiga kirmaydi. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, ba'zida korxona rahbari tomonidan xodimlarni ta'tilga zo‘rlab chiqarish holatlari uchramoqda. Bu holat qonunchiligimizga zid hisoblanadi va hodimning manfaatlari tegishli tartibda qonun bilan himoya qilinadi», dedi Umarov.

Spiker o‘rinbosari O‘zbekistonda kambag‘al aholini ayni sharoitda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday rejalar qilinayotgani bo‘yicha ham ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, kambag‘al aholi qatlamiga bu davr haqiqatda og‘ir kechadi.

«Shunday bo‘lsa ham, hukumat tomonidan tashkil etilgan bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, vaqtinchalik mehnat qilish ishlari karantin davrida biroz qisqarishi inobatga olinib, narx-navolar nazorati yo‘lga qo‘yildi va bu jarayon davom etadi. Bunda barcha deputatlar korpusi ishtirok etishi ham belgilangan.

Ushbu qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Mehr-muruvvat fondi ham fuqarolarimiz e'tiboridan chetda qolmadi. Bu fondga tadbirkorlar, oddiy fuqarolar va deputatlar ham o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. Kechagina Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z xohishlari bilan bir kunlik ish haqlarini ushbu fond hisobiga o‘tkazdilar. Bunday saxovat va mehribonlik ishlari davom etadi», dedi u.

Partiya yetakchisi Narimon Umarov O‘zbekistonning nisbatan o‘ziga to‘q yashovchi fuqarolariga murojaat ham qilar ekan, ulardan hozirgi sharoitda faollik kutib qolishini va odamlarni bir-biriga qayishgan holda, bir millat, bir musht bo‘lishga chaqirdi.

Ba'zi rahbarlar yig‘ilish o‘tkazishni to‘xtatmayotgani borasidagi savolimizga spiker o‘rinbosarining javobi quyidagicha bo‘ldi:

«Afsuski, e'tiborsizlik hamon bor.

Bugungi epidemiologik holat ko‘pchilikni bir joyga yig‘maslikni talab etmoqda. Shunday ekan, barcha katta-yu kichik tashkilotlar hamda xususiy korxona rahbarlari shunga qat'iy e'tibor berishlari talab etiladi.

Ko‘pchilik korxonalarda elektron shaklda hisobotlar va majlislar o‘tkazish odatiy holat bo‘lib qolgan. Boshqa muassasalar ham mavjud imkoniyatdan kelib chiqqan holda masofaviy majlislar o‘tkazishi mumkin. Bu o‘rinda rahbardan vaziyatni to‘g‘ri baholash va qat'iy qaror kerak».

Cuhbatdoshlarimizning barchasi favqulodda holat bilan bog‘liq savolga o‘ta ehtiyotkorlik va imkon qadar umumiy fikrlar bilan javob berishdi.

Xususan, Narimon Umarov ham yangi qarorlarni kutgandan ko‘ra hukumat tomonidan hozirgi kunda belgilangan tadbirlarni ijrosini ta'minlash eng ustuvor vazifa deb hisoblashini bildirdi.

«Respublika maxsus komissiyasi har kuni o‘z yig‘ilishlarini o‘tkazmoqda. Holat to‘liq nazoratda, agarda qo‘shimcha choralar ko‘rish zaruriyati bo‘lsa, ular e'lon qilishadi. Biz deputatlar ham doimiy ravishda har kunlik holatdan xabardormiz. Zaruriyatga qarab qo‘shimcha choralar ko‘riladi, degan umiddamiz», dedi u.

Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari shuningdek, karatin sharoitida deputatlarning joylarda uyma-uy yurishi bilan bog‘liq savolga javob berdi.

«Bunda asosiy e'tiborni uyma-uy yurish emas, balki mahalliy hokimiyat organlari tomonidan hukumat topshiriqlari bajarilishi, bozorlardagi narx-navolar oshmasligiga qaratilgan choralar samaradorligi, tibbiyot muassasalaridagi xizmatlar sifatini nazorat qilish va tadbirkorlar oldidagi muammolarini hal etishga amaliy yordam ko‘rsatish kabi masalalarga qaratilgan.

Uyma-uy yurgandek ko‘ringan deputatlar esa hududdagi ehtiyojmand oilalarga, muhtojlarga shaxsiy tashabbusi asosida zarur vositalar tarqatmoqda. Agar zaruriy ehtiyot choralari ko‘rilgan bo‘lsa, deputatlarning bu kabi saxovatpeshaligini faqat olqishlash lozim», dedi Narimon Umarov.

 

«Mehnat qonunchiligi bo‘yicha, xodimlarni ularning roziligisiz o‘z hisobidan mehnat ta'tiliga chiqarish mumkin emas» – Aktam Hayitov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari

«Mehnat qonunchiligi bo‘yicha, xodimlarni ularning roziligisiz o‘z hisobidan mehnat ta'tiliga chiqarish mumkin emas, – deya so‘z boshladi O‘zLiDeP rahbari. – Agarda shunday holatlar bo‘lsa, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qilish mumkin. Bu borada murojaat bo‘lganda xodimlarni himoya qilish masalasida vakolat doirasida ko‘maklashamiz, yordam beramiz.

Mehnat kodeksining 150-moddasiga muvofiq, faqatgina xodimning roziligi bilan (arizasiga ko‘ra) unga ish haqi saqlanmagan holda ta'til berilishi mumkin.

Fraksiyamiz deputatlari karantin munosabati bilan xodimlarga mehnat ta'tili berish borasida mehnat qonunchiligini tanqidiy ko‘rib chiqib, takomillashtirish zarur, deb hisoblaydi va bu borada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutaxassislari va bu boradagi ekspertlar bilan maslahatlashuv amalga oshirilmoqda».

Karantin sharoitida jamiyatning kambag‘al qatlami uchun qanday yordam turlari ko‘rsatiladi? Bu borada O‘zbekiston hukumati aniq rejaga egami?

Hayitov va umuman boshqa suhbatdoshlarimizning bu savolga bergan javoblaridan kelib chiqib, hozirgi sharoitda O‘zbekiston aholisining kambag‘al qatlamiga yordam asosan mahallalardagi xayriya tadbirlari va narx nazoratini ushlash orqali amalga oshiriladi, deb xulosa qilish mumkin.

«Qiyin vaziyatga tushgan insonlar uchun mahallalararo xayriya tadbirlari orqali moddiy yordam ko‘rsatish mumkin», – dedi liberal-demokratlar yetakchisi.

Ma'lumot uchun, prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatida O‘zbekistonda kambag‘al aholi soni 4-5 millionni tashkil etishini aytgan edi.

Aktam Hayitovning aytishicha, ayni kunlarda majlislardan tiyilish masalasi Respublika komissiyasi tomonidan jiddiy nazoratga olingan.

«Deputatlar ham bu borada jamoat nazoratini o‘rnatgan. Bunday holatlar aniqlanganda vakolat doirasida ta'sir choralari ko‘riladi», – dedi u.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: