Parlament ishchi guruhi YeOII bilan hamkorlikka oid masalani o‘rganishni boshladi

O‘zbekiston 13:45 / 30.03.2020 8919

26 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining yig‘ilishida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligiga oid masala ko‘rib chiqildi. Qonunchilik palatasi matbuot xizmati Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov bilan suhbatlashib, muhokama etilgan masala bo‘yicha savollarga javob olgan.

«Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bugungi kunda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish bilan bog‘liq masalalar o‘rganilayotgani, bunda, eng avvalo, xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqib, yondashishimiz zarurligi ta'kidlanib, parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilish kerakligi qayd etilgan edi.

Bu, biz, deputatlar va senatorlar zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Chunki xalqimiz xohish-irodasiga tayangan holda, asoslangan xulosalarni aytishimiz kerak.

Qayd etish joiz, YeOII tarkibiga to‘laqonli a'zo bo‘lib kirish yoki kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishdan oldin har bir mamlakat va uning fuqarolari, eng avvalo, YeOIIga oid tashkiliy-huquqiy munosabatlarni, tartibga soluvchi organlar va ularning faoliyatini, hamkorlikning huquqiy asoslarini, shuningdek, o‘zaro kelishuv va bitimlar mamlakat uchun nima manfaat berishi yoki qanday salbiy oqibatlarga olib kelishini chuqur tahlil qilishi maqsadga muvofiq.

Shu bois, Kengash yig‘ilishida mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligiga oid masalani o‘rganish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi», deydi Akmal Saidov.

Ma'lum qilinishicha, parlament quyi palatasi Kengashi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rganishni tashkil etish bo‘yicha ishchi guruhi tuzilgan va uning tarkibidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, qo‘mitalar raislari, sohani chuqur biladigan deputatlar o‘rin olgan.

Ishchi guruh rahbari etib tasdiqlangan Akmal Saidov mazkur ishchi guruhning vazifalarini sanab o‘tgan:

— YeOII bilan hamkorlikning milliy iqtisodiyotga ta'sirini chuqur tahlil qilish;
— qisqa, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga YeOII bilan hamkorlikning mosligini o‘rganish;
— hamkorlikning har bir iqtisodiyot tarmog‘iga ijobiy va salbiy ta'sirini batafsil yoritib berish;
— YeOII bilan hamkorlik O‘zbekistonning boshqa xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorligiga ta'sirini har tomonlama ko‘rib chiqish.

Spiker o‘rinbosari Vazirlar Mahkamasi zimmasiga qanday vazifalar yuklangani haqida ham so‘z yuritgan.

«Aytish kerak, Vazirlar Mahkamasi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni ancha oldin boshlagan edi. Bu boradagi tahliliy va tizimli baholash ishlari yakunlanib, tegishli analitik materiallar Qonunchilik palatasiga kiritildi.

Hukumat oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Chunonchi, Ishchi guruhini O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorlik masalasiga taalluqli barcha axborot-tahliliy ma'lumotlar bilan ta'minlashi, zaruratdan kelib chiqib, fraksiyalar hamda qo‘mitalarning ushbu masala yuzasidan o‘tkaziladigan majlislarida mutasaddi vazirlik va idoralar vakillarining ishtirokini kafolatlashi belgilandi. Shu bilan birga, keng jamoatchilikning fikrini o‘rganish va ularning xohish-irodasiga tayangan holda O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi masalasi yuzasidan fuqarolar hamda biznes hamjiyati o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazish, uning yakunlari yuzasidan tahliliy ma'lumotlarni taqdim etish nazarda tutildi.

Quyi palatada Ishchi guruhi a'zolari tomonidan ushbu ma'lumotlar bilan birga, barcha fraksiyalar va qo‘mitalarning xulosalari ham olinadi va umumlashtiriladi. Albatta, biz bu borada Hukumat bilan uzviy hamkorlikda ishlaymiz.

Ish rejasida iqtisodiy integratsiya masalasida mamlakatimiz iqtisodiyotining yirik tarmoqlarini o‘rganish, ushbu masala bo‘yicha yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, xorijiy va mahalliy mutaxassislarning takliflari hamda xulosalarini olish, eng ahamiyatlisi, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam ravishda ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etishga keng e'tibor qaratiladi.

Shu o‘rinda alohida ta'kidlashim joiz, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti ham Ishchi guruhi faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan ta'minlab boradi. Bu xorijiy mutaxassislar takliflari hamda xulosalarini olishga, shuningdek, xorijiy tajribani tahlil qilishga zarur sharoit yaratadi», degan u.

  • Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev yanvarda parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida ushbu masala hukumat tomonidan parlament muhokamasiga kiritilishi va xalq vakillari bilan batafsil ko‘rib chiqilishini ma'lum qilgan edi. Mart oyining boshlarida esa O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi-davlat maqomida qo‘shilishi ma'lum bo‘lgandi.
Ko‘proq yangiliklar: