O‘zbekistonda inqirozga qarshi choralarning ikkinchi paketi qabul qilinadi

O‘zbekiston 19:22 / 30.03.2020 36685

Bugun, 30 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga farmon loyihasi yuzasidan axborot berildi.

«Loyiha davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF–5969-son «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonining mantiqiy davomi hisoblanadi.

Hujjat pandemiyaning mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi turmush darajasiga salbiy ta'sirini yumshatishga qaratilgan navbatdagi imtiyozlar, preferensiyalar va boshqa muhim chora-tadbirlarni nazarda tutadi.

Prezidentimiz farmon loyihasiga yolg‘iz qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va kam ta'minlangan oilalar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oziq-ovqat, dori-darmon mahsulotlarini ko‘paytirish va narxlari oshishiga yo‘l qo‘ymaslik, tadbirkorlik sub'yektlarining aylanma mablag‘lari kamayib ketishining oldini olish, ularga qo‘shimcha soliq imtiyozlari taqdim etish kabi bir qator aniq choralarni kiritish zarurligi haqida mas'ullarga topshiriq berdi», – deyiladi davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

Farmon loyihasini takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni 20 mart kuni e'lon qilingan edi.

Farmon bilan, Moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, unga 10 trln so‘m ajratilishi belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: